
O`zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegasiya rasmiy tashrif bilan Ispaniya Qirolligida bo`lib turibdi. 2017 yilning 13 noyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegasiya Madrid shahrida Ispaniya Qirolligi Savdo bo`yicha davlat kotibi Mariya Luisa Ponsela bilan uchrashdi. Bu haqda TIV xabar bermoqda.
Muzokaralar davomida hamkorlikni, avvalo savdo-iqtisodiy va investisiya sohalarini yanada rivojlantirishning ustuvor yo`nalishlari muhokama qilindi.
Suhbatda ta`kidlanganidek, bugungi kunda O`zbekiston va Ispaniya investision aloqalarni kengaytirish, o`zaro tovar ayirboshlash hajmi va nomenklaturasini ko`paytirish uchun etarlicha imkoniyatlarga ega bo`lib, 2017 yilning yanvar — iyul oylarida bu ko`rsatgich 71,5 million AQSh dollarini tashkil etdi.
Uchrashuv va shu kuni bo`lib o`tgan O`zbekiston va Ispaniya ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokidagi biznes-forumda iqtisodiyotning turli sohalarida birgalikdagi va o`zaro manfaatli yangi loyihalarni amalga oshirishning istiqbollari batafsil ko`rib chiqildi.
Muzokaralar yakunida O`zbekiston Respublikasi Hukumati va Ispaniya Qirolligi Hukumati o`rtasida iqtisodiyot va sanoat sohalarida hamkorlik to`g`risidagi memorandum hamda O`zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Ispaniya Savdo palatasi o`rtasida hamkorlik to`g`risidagi bitim imzolandi.
Ko'riklar soni: 697 | Нравится | Твитнуть |