O'ZBEKISTON ELEKTRON OMMAVIY
AXBOROT VOSITALARI MILLIY
ASSOTSIATSIYASI
Журнал
Почтага кириш
 

Tinchlik uchun Afg 2018
Tinchlik uchun Afg 2018
120 SONIYA 26 03 2018 17 00
120 SONIYA 26 03 2018 17 00
O'zbekiston-online ITOGI  (UZB) 08.02.2017
O'zbekiston-online ITOGI (UZB) 08.02.2017
MUHOKAMA UCHUN HUJJATLAR
Xitoy safari taassurotlari: OAV mamlakatlararo do‘stlik ko‘prigi

Shu yil 20-27 noyabr kunlari O‘zbekiston Jurnalistlari delegatsiyasi tarkibida Xitoy Xalq Respublikasida bo‘ldim.
Bu mening Xitoyga ikkinchi safarim edi - birinchi marta bundan 26 yil avval, 1991 yilning avgust oyida, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasida ishlab yurgan kezlarimda Sinszyan Uyg‘ur muxtor rayoni telejurnalistlari taklifiga ko‘ra borgandim va umrbod unutilmas go‘zal xotiralar, taassurotlar bilan qaytgandim. Urumchi radio va televideniye uyida sinszyanlik hamkasblarimiz bilan o‘tkazgan uchrashuvlarimiz, teleradiojurnalistika sohasidagi o‘zaro tajriba almashuvlar, har bir toshi olis tarixlardan hikoya qiluvchi qadimiy Turpan shahriga sayohat, unga boshlab boruvchi har ikki tarafidan ishkomlar tutashib, tangadek oftob tushirmaydigan ko‘p kilometrlik uzumzor yo‘l... ularni unutmoq mumkinmi? Samolyot Toshkent xalqaro aeroportidan parvozga ko‘tarilarkan, o‘sha safar manzaralari bir-bir ko‘z oldimdan o‘tdi...
Xitoy aholisining soni, hududining kattaligi va albatta, taraqqiyoti jihatidan ham dunyoning eng buyuk mamlakatlaridan biri. Uni bir-ikki tashrif doirasida o‘rganish va u haqda tasavvur hosil qilish mumkin emas. Bizning bu galgi tashrifimiz dasturidan Pekin shahri va mamlakatning eng yirik shaharlaridan biri Xanchjouda Xitoy milliy jurnalistikasi, ommaviy axborot vositalarining bugungi faoliyati, ularning yutuqlari bilan tanishish, o‘zaro tajriba almashishga qaratilgan va boshqa tadbir-uchrashuvlar o‘rin olgandi.
Shu o‘rinda bu tashrif tashabbuskorlari – O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi bo‘lganini ta’kidlash joiz.

Toshkentdan Pekingacha samolyotda olti soatlik yo‘l. Safardoshlarimiz – “Jahon” axborot agentligi bosh direktori Abror G‘ulomov, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa’dulla Hakimov, Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi direktori Gulnora Bobojonova, O‘zbekiston mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori vazifasini bajaruvchi Lutfulla Suvonov, O‘zbekiston Davlat Jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakulteti dekani Alisher Matyoqubov hamda “Madaniyat va ma’rifat” telekanali direktori Ikrom Choriyevlar bilan goh hangomalashib, goh biroz mizg‘ib (axir tunda yo‘lga chiqqandik) bu masofa qanday bosib o‘tilganini ham sezmay qoldik. Styuardessa samolyot qo‘nishga tayyorlanayotganini e’lon qilganda, nigohlarimiz illyuminatordan pastlikka qadaldi: tong otib qolgan, Pekin ko‘z oldimizda o‘zining mahobati, ulug‘vorligi va fusuni bilan namoyon bo‘ldi. Samolyotdan tushayotganimizda muzdek havo yuzga urildi, Ancha sovuq ekan, degan fikr xayoldan o‘tdi, biroq, aeroportda bizni mehmonnavozlik bilan qarshilagan mezbonlar chehrasidagi samimiy tabassum bu o‘ylarni bir zumda unuttirib yubordi.


PEKINDAGI ILK UChRAShUVLAR
Olis yo‘ldan so‘ng mehmonxonada biroz hordiq chiqargach, juda tig‘iz safar dasturimiz tadbirlari boshlandi. Avval Xitoy tashqi ishlar vazirligining Yevropa va Markaziy Osiyo departamenti rahbari qabulida bo‘ldik. Departament rahbari bizni iliq kutib oldi va Xitoy-O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar keyingi vaqtlarda yangi bosqichga ko‘tarilgani, bunda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning bu mamlakatga amalga oshirgan davlat tashrifi katta rol o‘ynagani, aloqalarning faollashuvidan Xitoy tomoni ham juda mamnun ekanini aytdi. O‘zaro aloqalarda, xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish, bir-birlarimizni yanada yaxshiroq bilishimizda ommaviy axborot vositalarining o‘rni muhimligiga, OAV mamlakatlararo do‘stlik ko‘prigi ekaniga e’tibor qaratdi va safarimiz muvaffaqiyatli o‘tishiga tilak bildirdi.
Pekin nafaqat mamlakat, balki dunyoning eng yirik va taraqqiy etgan, zamonaviy shaharlaridan biri ekanini avvaldan bilaman, lekin buni his qilish uchun shaharga kelish, o‘z ko‘zing bilan ko‘rishing kerak ekan.Axir, yuz marta eshitgandan bir marta ko‘rgan afzal, deb bejiz aytmaganlar. Delegatsiyamizga ajratilgan mikroavtobusda shaharning keng, ravon ko‘chalari, ko‘rkam bog‘-xiyobonlari bo‘ylab borarkanmiz, uning o‘ziga xos me’moriy uslubi hayron qoldirdi.


HAMKASBLAR BILAN MULOQOTLAR
Xalqaro tele va radiokanallar mamlakatning o‘ziga xos tashrif qog‘ozi hisoblanadi. Safarimizning dastlabki kuni Xitoy Xalq Respublikasi Markaziy televideniyesi – CCTVning rus tilidagi telekanali faoliyati bilan tanishganimizda bunga yana bir bor amin bo‘ldik. Bu kanal Xitoy Markaziy televideniyesining xalqaro dasturlarida yetakchi o‘rinlardan birini egallab turadi. Bu yerda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda rus tilidagi telekanal o‘z faoliyatini 2009 yil 10 sentyabrda boshlagani,MDH, Boltiqbo‘yi va Sharqiy Yevropada 300 millionga yaqin tomoshabinga ega ekani ma’lum qilindi. Ko‘rsatuvlar ingliz-rus logotipidan foydalangan holda ikki yo‘ldosh - Chinasat 6B i EB-9A. orqali efirga uzatiladi. Biz kanal faoliyati bilan tanisharkanmiz, studiyalar zamonaviy axborot texnologiyalari va boshqa texnik jihozlar bilan ta’minlangani,jurnalistlar uchun keng sharoitlar yaratilgani guvohi bo‘ldik. 
Xitoy xalqaro radiosidagi uchrashuvlar buning mantiqiy davomi bo‘ldi. Ushbu xalqaro radiokanal 1941 yilda tashkil topgan bo‘lib, 60 yildan ortiq vaqt qisqa to‘lqinlarda, keyingi yillarda parallel ravishda Internet global tarmoqda orqali o‘z eshittirishlarini efirga uzatib keladi. Xitoy xalqaro eshittirishlar tarmog‘i rahbari eshittirishlar avvalo yer yuzida tinchlikni saqlashdek ustuvor maqsadga qaratilganini ta’kidladi. Xitoy xalqaro radiosi dunyo miqyosida eng yirik radiokanallardan biri hisoblanadi: uning tarkibida 43 ta eshittirishlar xizmati bo‘lib, ularda 3 mingnafardan ortiq xodim tomonidan 65 tilda dasturlar tayyorlanadi. 100 milliondan ortiq tinglovchilar auditoriyasiga ega. Kanal dunyoning turli mamlakatlaridagi 100 dan ortiq radiokanallar bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatgan. Chet ellarda 40 ta muxbirlik punkti, 8 ta vakolatxonasi bor. Hamkorlik munosabatlari asosan ikki yo‘nalishda amalga oshiriladi, birinchisi xodimlar almashish bo‘lsa, ikkinchisi dasturlar ayriboshlash va malaka oshirish kurslari tashkil etishga qaratilgan. Bular,albatta, har ikki tomon uchun ham manfaatli.
Mezbonlar yaqin vaqt ichida o‘zbek tilida ham dasturlarni efirga uzatish rejalashtirilayotgani, bunda xitoy-o‘zbek munosabatlarini yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli sa’y-harakatlarni keng yoritishga alohida e’tibor qaratilishi haqida ham to‘xtaldilar. Hozircha Toshkentda muxbirlik bo‘limimiz yo‘q, lekin uni tashkil etish harakatidamiz, deyishdi ular.
“Jenmin” gazetasi dunyo miqyosida o‘z nufuzi, o‘rniga ega bo‘lgan ommaviy axborot vositalaridan hisoblanadi. Gazetaning adadi uch millionga yaqin ekani ham media sohada internet nashrlarning roli kuchayib, gazeta-jurnallarni sezilarli ravishda siqishtirib qo‘ygan bir paytda uning nechog‘lik ommaviy ekanidan dalolatdir. Biz ushbu gazetaning yangi OAV markazida bo‘lib, uning global tarmoqda olib borayotgan faoliyati bilan tanishdik. Sayt obunachilari 48 million kishini tashkil etishini eshitganda, to‘g‘risi, dilda havas uyg‘ondi. 
Butunxitoy jurnalistlar assotsiatsiyasidagi uchrashuv tomonlar o‘rtasidagi iliq va qizg‘in muloqotga aylandi. Bu tabiiy. Zero, bizni xitoylik jurnalistlarning bosh tashkiloti faoliyati qiziqtirsa, ular mamlakatimiz jurnalistlari hayoti va faoliyati haqida ko‘proq xabardor bo‘lish ishtiyoqida edilar. Shu kuni assotsiatsiya faoliyati bilan yaqindan tanishdik. Butunxitoy jurnalistlar assotsiatsiyasi ijroiya kotibi Van Dunmey bizga tashkilot faoliyati haqida batafsil ma’lumot berdi. Uyushmada 100kishi faoliyat olib borarkan. Ular ommaviy axborot vositalarining rivojlanish tendensiyalarini o‘rganishar, jurnalistlarning zamonaviy bilim-ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan anjumanlar tashkil etishar ekan. Jurnalistlar o‘rtasida har yili eng faol ijodkorni aniqlashga qaratilgan ijodiy tanlov ham o‘tkazishar va 10 nafar jurnalist taqdirlanar ekan. Mamlakat OAVda 1million kishi faoliyat olib borishini hisobga olganda, tanlovda nechog‘lik raqobat kuchli bo‘lishini tushunish qiyin emas.
Biz ham mamlakatimizda jurnalistika sohasida amalga oshirilayotgan yangilanishlar haqida hikoya qildik.Xususan,davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilda sohani rivojlantirish maqsadida qabul qilingan Farmon va qarorlar, ularning ijrosini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar mezbonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Sohani kadrlar bilan ta’minlash masalalari Xitoyda qanday hal etilayotgani bizni qiziqtirishi tabiiy hol. Xususan, Xitoy Xalq universiteti tarkibida poytaxt OAVni kadrlar bilan ta’minlash maqsadida maxsus jurnalistika instituti tashkil etilgan bo‘lib, unda 1200 nafar talaba tahsil olar ekan. Biz ushbu o‘quv yurtida bo‘lib, uning faoliyati bilan tanishdik. Har yili bakalavriatga 200 nafar talaba qabul qilinib, ular ikkinchi bosqichdan alohida mutaxassislik bo‘yicha o‘qir ekanlar. Institutdagi o‘quv studiyalari eng zamonaviy texnikalar bilan jihozlangan, bu esa, talabalarning amaliy bilim-ko‘nikmalari shakllanishiga xizmat qiladi. Shu o‘rinda o‘qish pulli ekanini ham ta’kidlash joiz.

SAMO IBODATXONASI
Pekinning markaziy qismida joylashgan Samo ibodatxonasini bir bor tomosha qilish dunyoning turli mamlakatlaridagi sayohat ishqibozlarining orzusi. YuNESKOning butunjahon insoniyat merosi ro‘yxatiga kiritilgan bu nodir yodgorlik shahar timsollaridan hisoblanadi. Majmuaning umumiy maydoni 267 gektarni tashkil qiladi. U 1420 yili Min sulolasi hukmronligi vaqtida bunyod etilgan bo‘lib, avvaliga Samo va Zamin ibodatxonasi deb atalgan,keyinroq, alohida Zamin ibodatxonasi qurilganidan keyin u samoga topinish maskani vazifasini bajara boshlagan.

O‘zini Petr deb tanishtirgan xitoy gidining hikoya qilishicha, qariyb 500 yil davomida har yili qish vaqtida eng qisqa kunda imperatorlar uch kunlik qat’iy ro‘zadan keyin samo uchun xayr-sahovat qilish niyatida bu yerga kelgan ekanlar. Xitoylar an’analariga ko‘ra, yer yuzi hoqonlarining kelib chiqishi ilohiy hisoblangan. Shuning uchun faqat imperator davlatning gullab-yashnashini, fasllar o‘z vaqtida kelishi, hosil mo‘l bo‘lishini so‘rab Samoga ibodat qilish huquqiga ega bo‘lgan.

Qadimiy Sharq san’atining yuksak namunasi bo‘lgan yodgorlikni tomosha qilarkanmiz, ko‘z o‘ngimizda olis davrlar gavdalangandek bo‘ldi, bu buyuk san’atni yaratgan sohir qo‘llarga tahsin o‘qidik.


XANChJOU: BIR MAKON – BIR YO‘L
Xanchjou. O‘tgan 2016 yil sentyabr oyi boshlarida bu nom dunyo ahli diqqat-markazini egalladi, desak mubolag‘a bo‘lmas. Chjetszyan provinsiyasining bosh shahri bo‘lgan Xanchjouda dunyoning eng rivojlangan 20 davlati rahbarlarining 11-sammiti bo‘lib o‘tgan edi. Safarimizning bir qismi shu zaminda o‘tdi.
Chjetszyan Xitoyning eng taraqqiy etgan va rivojlanish sari qadamlarini tobora ildamlashtirib kelayotgan provinsiyalaridan hisoblanadi. Xanchjou esa mamlakatdagi eng zamonaviy va ilg‘or shaharlardan biri. Men nafaqat ushbu provinsiya,balki umuman Xitoyning butun dunyoni hayratga solib kelayotgan jadal taraqqiyoti sirlarini faqat mehnat, intilish va izlanish degan tushunchalar bilan bog‘lagan bo‘lardim. Ha, Xitoy davlat tomonidan olib borilgan tub islohotlar tufayligina emas, xalqining ana shu fazilatlari bilan qandaydir o‘ttiz-qirq yil mobaynida dunyoning eng ilg‘or va yetakchi, o‘z buyuk o‘rni va o‘tkir so‘ziga ega mamlakatlaridan biriga aylandi.
Xanchjou chin ma’noda zamonaviy va juda rivojlangan shahar. Onlaynsavdo sohasida dunyoga tanilgan «Ali Baba» kompaniyasi shu yerda joylashgan. Bu kompaniya 1999 yili tashkil etilgan bo‘lib, faoliyatining asosiy yo‘nalishi B2B sxemasi bo‘yicha kompaniyalar o‘rtasida savdo operatsiyalari va chakana onlayn-savdodan iborat. Hozirgi paytda u o‘nga yaqin sho‘’ba kompaniyalarga ega.35 mingdan ortiq kishi ishlaydigan kompaniyaning daromadi 158,3 milliard CNYni tashkil etadi. Qisqasi,u XXI asr taraqqiyotining o‘ziga xos mo‘’jizalaridan biri hisoblanadi.
Biz shahardagi yirik Geely avtomobil kompaniyasida ham bo‘ldik. Kompaniya asosan Geely yengil avtomashinalari, mototsikllari, dvigatel va transmissiyalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Unda 18 mingdan ortiq kishi xizmat qiladi. Shaharliklar o‘tgan yilgi sammit ishtirokchilariga ayni shu kompaniyada ishlab chiqarilgan muhtasham yengil mashinalar xizmat ko‘rsatganini faxrlanib gapirishdi.
Biz sammit o‘tgan maskanda ham bo‘ldik. Eng yuksak texnologiyalar asosida bunyod etilgan bu ulug‘vor bino chin ma’noda eng yirik va yuqori darajadagi anjumanlar o‘tkazishga moslangan.E’tiborlisi, bu inshoot turistlar va shahar mehmonlari tashrif buyuradigan joyga aylanib qolgan ekan.
Xanchjouga tashrifimizni, tabiiyki, o‘z hamkasblarimiz bilan uchrashuvlarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Provinsiya teleradiokompaniyasi faoliyati bilan tanishdik.Ma’lumot berishlaricha, kompaniyada 20 ta teleradiokanal bo‘lib, ularda 6000 dan ortiq xodim faoliyat olib borar ekan. Auditoriyasi qamrovi 1 milliard kishini tashkil etadi. Studiyalar zamonaviy, yangiliklar asosan bevosita efirda beriladi. Bevosita efirga ko‘p ulanishlari, shou-ko‘rsatuvlarning qiziqarli tayyorlanishi bizga manzur bo‘ldi.
Xullas, uchrashuvlar tadbirlarga, samimiy muloqotlar fayzli suhbatlarga ulanadi. Ko‘rgan-kechirganlarimiz dilda yangi g‘oyalar, fikrlar uyg‘otadi, yangi tashabbuslarga undagandek bo‘ladi. Biroq, har bir ibtidoning intihosi bo‘lganidek, bizning Xitoyga tashrifimiz ham oxirlab qolgandi. 27 noyabr kuni xitoylik do‘stlar bilan xayrlashib, Vatanga yo‘l oldik. Samolyot goh oq-parqu bulutlar osha, goh ularni yorib o‘tib Toshkent sari parvoz qiladi. Mening esa ko‘z o‘ngimda hozirgina yakun topgan Xitoy bilan ikkinchi tanishuvim manzaralari chiziladi. Xayolga barchaga tanish bo‘lib qolgan bir ibora keladi: Bir makon – bir yo‘l.
Bizni olis tarix, dunyo tamadduni beshiklari, buyuk ipak yo‘li birlashtiradi. Istiqbol yo‘limiz, orzularimiz ham bir: insonlar manfaati, xalqlar tinchligi, farovonligi yo‘lidagi rivojlanish, intilish va o‘zaro muloqotda bo‘lish...


Sherzod G‘ULOMOV,
O‘zbekiston elektron OAV Milliy assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi o‘rinbosari – bosh direktor,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi.

Mavzuga oid yangiliklar
O‘zbekiston madaniy merosi Londonda taqdim qilindi
2018 yil 18 aprel kuni Londondagi O‘zbekiston elchixonasida “O‘zbekiston madaniy merosi Buyuk Britaniyada" mavzuidagi xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbir O&lsquo ...
20.04.2018 / 12:59
Hujjatli filmlar tayyorlovchi ijodkorlar uchun yana bir seminar
2018 yil 10 aprel kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, YuNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi va “O‘zbekkkino&rdquo ...
10.04.2018 / 14:11
IJTIMOIY TELERADIOMAHSULOTLAR IX MILLIY FESTIVALI
    2017 yil 26 dekabr kuni “O‘zEOAVMA media xall”da (“Zarafshon” kino-konsert zali) O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi tomonidan O&lsquo ...
22.12.2017 / 16:02
O‘zbekistonda nodavlat teleradiokanallar rentabelligini yuksaltirish
2018 yilning 10 aprel kuni O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiya hamda Konrad Adenauer jamg‘armasining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi bilan tomonidan O&lsquo ...
11.04.2018 / 10:27
1500 dona kitob-albom beg'araz tarqatildi
Poytaxtimizda O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi va boshqa bir qator tashkilotlar hamkorligida "O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida" xalqaro multimedia loyihasining 2018-yilgi yo&lsquo ...
17.03.2018 / 09:01
O`zbekistonning yangi rivojlanish bosqichida O`ZEOAVMA hamkorligining muhim o`rni
Poytaxtimizdagi “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida “O`zbekistonning yangi rivojlanish bosqichida davlat va jamiyat o`rtasida ijtimoiy muloqotni ta`minlashda OAVning o`rni” mavzuida xalqaro konferensiya bo`lib o`tdi ...
17.12.2017 / 12:35