O'ZBEKISTON ELEKTRON OMMAVIY
AXBOROT VOSITALARI MILLIY
ASSOTSIATSIYASI
Журнал
Почтага кириш
 

"O‘zbekiston madaniy merosi – xalqlar va mamlakatlar o‘rtasida muloqotga yo‘q” II xalqaro kongressi anonsi
"O‘zbekiston madaniy merosi – xalqlar va mamlakatlar o‘rtasida muloqotga yo‘q” II xalqaro kongressi anonsi
“Buxoro ipak va tillasi: Buxoro amirlari elchilari sovg‘alari RFA Antropolgiya va etnografiya muzeyi to‘plamlarida”
“Buxoro ipak va tillasi: Buxoro amirlari elchilari sovg‘alari RFA Antropolgiya va etnografiya muzeyi to‘plamlarida”
O'zbekiston-online ITOGI  (UZB) 08.02.2017
O'zbekiston-online ITOGI (UZB) 08.02.2017
MUHOKAMA UCHUN HUJJATLAR
Islom Karimovning 1986-1989 yillardagi faoliyatiga oid esse e`lon qilindi

Ushbu esseda Islom Abdug`anievich Karimov hayoti va faoliyatining eng dolg`ali davrlaridan sanalgan 1986-1989 yillar xususida so`z boradi. O`sha kezlar u Qashqadaryo viloyat partiya qo`mitasining birinchi kotibi lavozimida faoliyat yuritgan. Qashqadaryo Islom Abdug`anievich uchun tashkilotchilik va arboblik borasida tajriba orttirishda o`ziga xos maydon, kelgusida mamlakat boshqaruviga ko`tarilishida esa pillapoya bo`ldi.

Muallif — Qurbonali Kamolov 1987-1989 yillari I.A.Karimov bilan birga Qashqadaryo viloyat partiya qo`mitasida dastlab axborot sho``basi mudiri, so`ng inspektor lavozimida faoliyat yuritgan.

U yonboshdan bu yonboshga bezovta ag`darilaman, qani endi ko`zim ilinsa! Yuzidan qat`iyat zuhur etib turgan, ko`zlari kiborlarcha qisilgan rahbarning o`ktam va hukmfarmo ovozi hech qulog`im ostidan ketmaydi:

– Meni Karimov deydilar. Bir marta gapiradigan odamman. Ertagayoq obkomga ishga chiq. Aks holda, allomai zamon bo`lsang ham, seni tanimayman, tanishni ham istamayman.

Gap shundaki, bir kun avval ishlashdan bosh tortgandim. Partiya idoralarida 15 yil faoliyat yuritgan kamina, ne tongki, O`zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo`mitasi XVI Plenumi qaroriga ko`ra partiyaviy tozalash ro`yxatiga tushib, “Kashkadarinskaya pravda” viloyat gazetasiga yuborildim. Ho`lu quruq baravar yongani odamga alam qiladi. Barcha kadrlar alishtirilsin degan mazmunda topshiriq berilgan, tozalash bo`yicha avvaldan foiz ham belgilangan ekan.

Buyog`ini so`rasangiz, ta`bir joiz bo`lsa, tasodif sabab I.A.Karimovning e`tiboriga tushib qoldim. Qashqadaryo viloyat partiya qo`mitasi birinchi kotibi lavozimida ish boshlaganidan bir necha oy o`tib u Qarshida G`alaba kuni munosabati bilan uchrashuvda ma`ruza qiladigan bo`ldi. Tadbirga ikki kungina qolgan, ammo Islom Abdug`anievichga tayyorlangan ma`ruza matnlari hech ma`qul kelmas edi.

O`sha kunlari u “Kashkadarinskaya pravda” muharrriri V. Sosninni huzuriga chorlab so`raydi:
– Nahotki, butun boshli viloyatda durustroq yozadigan jurnalist bo`lmasa?! Vaqtim bo`lganda-ku, o`zim bilardim.
– Bittasi bor, – deb javob beradi V. Sosnin, – faqat u “sobiq”lardan-da.
– Nima farqi bor! Hoziroq oldimga yubor!

Shunday qilib, u meni kutilmaganda chorlab qoldi. Ko`zlarini qisgancha sinovchan boqib so`radi:
– Ertalabgacha ma`ruza yoza olasanmi? Shunday bo`lsinki, eshitgan odamning qalbini titratsin.
– Harakat qilib ko`raman, – deb javob berdim.

O`sha kuni va tuni bilan bosh ko`tarmay ishladim, mavzuga oid talay ma`ruzalarga ko`z yugurtirdim, qalamni tishlagancha ta`sirli jumlalar topishga urindim. Yozdim, o`chirdim, yana qayta yozdim. Ertalab soat sakkizda uyqusizlikdan qizargan ko`zlarimni ishqalagancha besh sahifali matnni qo`ltiqlab qabulxonaga keldim. Xonaga oshig`ich kirib kelgan Islom Abdug`anievich ortimdan yur degandek so`zsiz ishora qildi. Sanoqli soniyalar ichida matnga ko`z yugurtirib chiqqach, o`ziga gapirgandek eshitilar-eshitilmas mulohaza yuritdi-da, so`ng:
– Mana, harqalay, qoralama bor-ku. Qani, o`tir! – dedi.

O`zi esa eng shimarib tahrirga kirishib ketdi. Matn qizilga bo`yalib, naq lolazorga aylandi, yozganlarimdan faqat “Hurmatli o`rtoqlar” degan jumlagina omon qoldi. 
– Qani, – dedi u, – moshinkada ter-chi. Ko`ramiz qanday chiqdi ekan.

Yarim soatdan keyin yangi matn ham beayov tahrirga uchradi. Har bir xatboshi, har bir gap, har bir jumlani muhokama qildik.

Ishni tugatib ketayotganimda I.A.Karimov bunday dedi:
– Izdihomda menga ko`rinadigan old qatorda turgin.
Aytganidek qildim. Minglarcha shaharlik jam bo`lgan: faxriylar, ishchilar, xizmatchilar, talabalar. Islom Abdug`anievich nutq irod qilarkan, qog`ozga aqalli bir marta ham qaramadi. Titroq ovozi hayajonini fosh etar (ilgari bunday katta izdihom qarshisida gapirmagan edi, axir), bu esa notiqning samimiyatidan darak berar edi. Minbarga yaqinroqda turgan keksa ayol namlangan mijjalarini dastro`mol bilan artar edi. O`zimning ham tomog`imga nimadir qadalgandek edi. Sirasi, uchrashuv juda hayajonli tarzda o`tdi. 
Mana, obkomda ishga taklif qilinganimga sabab bo`lgan voqeaning muxtasar bayoni. Keyin nima bo`ldi deysizmi, albatta, idoraga bordim. Xonam kalitini tutqazishdi. Islom Abdug`anievichning o`zi meni yordamchi-kotib deb atagan bo`lsa-da, oradan bir oy o`tib kamina rasman inspektor sifatida ishga tasdiqlandim. Asosan ma`ruza, nutqlar tayyorlash, xullas, matn yozish bilan bog`liq barcha yumushlarda yordamlashdim.
I.A.Karimov bilan ishlash ham oson, ham qiyin, asosiysi, qiziqarli edi. Gohida bir necha sahifa matnni badihago`ylik bilan sharillatib aytar, men esa usta stenografistlardek og`zidan chiqqan gaplarni qog`ozga tushirib olishga harakat qilardim. Dam-badam favqulodda dadillik bilan ohorli g`oyalarni taklif etar, bu jihatdan u zamonasidan ancha ilgarilab ketganiga keyinroq amin bo`lganman.

…1988 yil. Qayta qurish – yangicha yondashuv va echimlar davri. KPSS Markaziy Qo`mitasi viloyat partiya qo`mitalaridan takliflar so`radi. Islom Abdug`anievich odatiga ko`ra qo`lini shimi cho`ntagiga solgancha, xonaning u boshidan bu boshiga borib kelgan ko`yi:

– Savdo, maishiy xizmat, umuman, barcha xizmat ko`rsatish tizimini xususiy mulkdorlar tasarrufiga o`tkazishni taklif qilamiz, – deb qoldi.

Eski partokrat emasmanmi, beixtiyor unga xavotirli boqdim.
– Yoz, yozaver, qo`rqma! – dedi u bunga javoban.

Bilmadim, ehtimol, tor doiralarda bunday g`oyalar muhokama qilingandir, ammo keng jamoatchilikka ochiq-oshkora aytilmagani aniq edi. U vaqtda hatto kooperativlarga o`gay ko`z bilan qaralardi-da.
Yoki yana bir misol. KPSS Markaziy Qo`mitasidan I.A.Karimovga Qozog`istonda shahar va tuman partiya qo`mitasi birinchi kotiblari mintaqaviy seminarida chiqish qilish taklifi yuborildi.

Uning quyidagi isyonkor mulohazasi yana mening xavotirimni kuchaytirdi:
– Partiyaning iqtisodiyotga aralashuvi to`g`ri emas. Bu sohani iqtisodchi, moliyachi va xo`jalik mutaxassislariga qo`yib berish kerak. Partiya esa xalq ichida siyosat yuritsin…
– Qanaqasiga partiya rahbariyati iqtisodiyotga aralashmaydi? – deya e`tiroz bildirdim. – Har bir hujjatda bunga alohida bob ajratilgan-ku. 
– Yoz, yozaver, – dedi Islom Abdug`anievich o`ziga ishonch bilan.

Markaziy Qo`mitaning Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarini birlashtirish bo`yicha yakdil to`xtamiga qarshi chiqqani-chi! Bu ish yuqorida pishitib bo`lingan edi, ammo I.A.Karimov o`ziga xos qat`iyat bilan Qashqadaryoning alohida hudud bo`lishi lozimligini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan asoslab bera oldi. Bu borada er-suv manbalaridan to an`analar, odatlar va udumlardagi farqlarga qadar – talay salmoqli dalillar keltirildi. “Qashqadaryo yigitlari buxorolik qizlarga uylanmasligi” ham e`tibordan chetda qolmadi.

Bilishimcha, Islom Abdug`anievich bu masalada atayin Moskvaga borib, oliy rahbariyat bilan gaplashgan. Aytishlaricha, Moskvadagi muzokaralar keyinroq I.A.Karimov nomzodining respublika rahbari lavozimiga ilgari surilishiga ham ta`sir ko`rsatgan.

Islom Abdug`anievich – buni alohida ta`kidlashni istardim – nafaqat keng qamrovli tafakkur, ayni choqda, hayot maromini bexato ilg`aydigan savqitabiiy sohibi ham edi. Kim nima dardda ekani, kimga nima lozimligini yaxshi bilardi. Fikrim tasdig`i sifatida Chiroqchi tumani Chiyali qishlog`idagi saylovoldi uchrashuvini keltirsam.
U vaqtlar Chiyalida kattagina eskibozor bo`lib, u erdan taqchilu tanqis buyumlarni ham topish mumkin edi. (Qaynatib pishirilgan qo`y go`shti – yaxnani aytmaysizmi! Og`zingizda erib ketadi!) Bu erga nafaqat qo`shni tumanlar, boshqa viloyatlardan ham odam kelardi.

Alhosil, Chiyali saylovchilari bilan uchrashuvda I.A.Karimov quyidagi voqeani so`zlab bergan edi. Qo`shni tumanlik bir qariya o`sha mashhur bozorga kelibdi. Eshagidan xurjunni olib, xarid uchun rasta oralabdi. Bozorni keza-keza xurjunini qaerga qo`ygani ham yodidan ko`tarilibdi. Bozorning oxiri ko`rinmaydi, boz ustiga, odam ko`p. Xo`sh, somon orasidan igna topib bo`larkanmi?! Qariya kechgacha sabr bilan kutibdi. Bozor yopilganidan keyin yo`l-yo`l xurjunini rastadan topibdi. Qariya xarid qilgan mollar bus-butun turgan ekan!

– Chiyali xalqi ana shunday halol, omonatdor, – deya so`zlarini yakunladi Islom Abdug`anievich.
O`q nishonga urilgan edi – odamlar uni olqishlarga ko`mib yubordi. Saylovda ham ko`pchilik unga ovoz berdi.
Darvoqe, sharqona donishmandlik, gohida ayyorlik I.A.Karimov faoliyatida bot-bot namoyon bo`lgan va unga qo`l kelgan edi. Qashqadaryo – o`ziga xos hudud. O`sha yillari kadrlar siyosati, umuman, boshqaruvga viloyatdagi turli urug`lar, xususan, arab urug`i kuchli ta`sir ko`rsatar edi. U kezlar demokratiya deganlari “nash`u namo” topgan edi-da (o`sha vaziyatni bundan boshqacha ta`riflab bo`lmaydi). Urug`-aymoq etakchilari o`z nomzodlarini raykom kotibligi yoki sovxoz direktorligiga o`tkazish uchun bir to`da odamni obkomga keskin talabu tahdidlar bilan yuborar edi. Milisiya ularni haydashga jur`at qilmasdi. Surbet to`da esa kaltak-tayoq ko`tarib rahbarlar xonasigacha kirib borardi. Mana shunday boshboshdoqlik hukm surar edi.

Shunday sharoitda Islom Abdug`anievich urug`-aymoqchilikka qarshi kurashish yo`lini topa bildi. Huquq-tartibot idoralari yordamida to`daboshilarning shaxsini aniqlaydi, ularning tarjimai holini o`rganib, eng og`riqli nuqtalarini topadi va shu yo`li bilan ta`sir ko`rsatadi. Masalan, namoyish tashkilotchisining o`g`li yoki arzanda jiyanining ishxonasiga tekshiruv guruhini yuboradi. Keyin esa urug` boshlig`i obkomga uzrxohlik qilib keladi: ma`zur tuting, bir qoshiq qonimizdan o`ting. Shu tariqa urug`-aymoqchilarning aqlini kirgizib qo`ydi: ular o`z haddini bilib yuradigan bo`ladi.
O`sha demokratiya muhitida I.A.Karimov asta-sekin bosh ko`tarayotgan tajovuzkor diniy mutaassiblar, millatchi va mahalliychi guruhlarga qarshi kurashmoq uchun qanchalar siyosiy iroda va donolik ko`rsatdi ekan! Ulyanov tumanida – arab, Kosonda esa tojik avtonomiyasini tashkil etish g`oyalari qanchalar qimmatga tushmog`i mumkin edi?! “Birlik” harakatining ayrim vakillari, turli etnik guruh “peshvo”lari bilan uchrashib, ular tanlagan yo`l xato va xatarli ekanini anglatishga qancha fursat va quvvat sarfladi ekan?! Kezi kelganda Islom Abdug`anievich “birlik”chilarning ayrim oqilona fikrlariga quloq solgan edi.

So`nggi yillarda, xususan, I.A.Karimov mamlakat rahbari bo`lgan kezlar uni ayrimlar “diktator” deb atadi. Men uni bunday sifatlamagan bo`lar edim. Odam vaziyatni sog`lom aql bilan baholashi kerak. Osiyo mintaqasi sharoitida boshqacha bo`lishi mumkin emas. Ozgina bo`shanglik qilsangiz, jamiyatni ag`dar-to`ntar qiladigan, “rangli inqilob”lar uyushtirib, hokimiyatni ag`daradigan, boshboshdoqlikni avj oldiradigan kuchlar maydonga chiqadi. Bunga istagancha misol keltirish mumkin. Shu bois Islom Abdug`anievich xalq tinchligi va osoyishtaligiga birlamchi vazifa sifatida e`tibor qaratdi.

Ahamiyatsiz tuyulsa-da, o`z tajribamdan bir misol keltirsam. O`tgan asrning 90-yillari boshida “Narodnoe slovo” respublika gazetasining Qashqadaryo viloyati bo`yicha o`z muxbiri bo`lib ishlar edim. O`sha kezlar narx-navo oshishi oqibatida Qarshi bozorida ro`y bergan to`polonlar haqida maqola yozdim. Maqola sabab viloyat partiya qo`mitasining birinchi kotibi A.Otajonov, tahririyat rahbariyati va shaxsan kamina I.A.Karimovdan eshitadiganimizni eshitdik! Go`yo butun mamlakatni tartibsizliklarga targ`ib qilgan emishmiz. 
Ayni hodisa uchun Islom Abdug`anievichni men qattiqqo`l yoki temir intizomli arbob deb atar edi, minba`d “diktator” emas. Ha, u barcha muhim masalalarda bosh-qosh bo`lib, butun mas`uliyatni dadil o`z zimmasiga olgan. Ammo bu degani barcha qarorlarni o`z bilganicha qabul qilgan degani emas. Biror masalani byuro yoki plenum muhokamasiga qo`yishdan avval “oqillar kengashi”ni chaqirgan. Unga sanoat bo`limi mudiri A.Zayniev, partiya komissiyasi raisi A.Farmonov, qishloq xo`jaligi bo`limi mudiri T.Karimov va boshqa bir qator xo`jalik mutasaddilari kirgan. Zikr etilgan dastlabki ikki arbob keyinroq navbati bilan Qashqadaryo viloyatiga rahbarlik qilgan.

I.A.Karimov xodimlarning kasbiy mahorati va ayni choqda, sadoqatini alohida qadrlagan. Rahbarlik lavozimlariga urug`-aymog`i, qarindosh-urug`i yordamida yoki boshqa yo`llar bilan o`tirib olgan tashabbussiz, uquvsiz kimsalarga aslo toqat qilmagan. Ammo O`zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo`mitasi XVI Plenumida baribir asosiy maqsad amalga oshmadi – butun partiya boshqaruvini halol va professional kadrlarga alishtirish imkoni bo`lmadi. Rotasiya qoidasiga ko`ra, partiya rahbariyati boshqa viloyatlardagi bo`sh-bayov xodimlarni bot-bot Qashqadaryoga yuborar edi… Islom Abdug`anievich laganbardor va xushomadgo`ylarni xushlamas edi. Bunday kimsalardan nafratlanar, ularni jini suymasdi. Nomlarini aytmay qo`yaqolay, ammo bu toifa kadrlar orasida viloyat rahbarlari, hatto obkom kotiblari bor edi. Ularning aksari Markaziy Qo`mita nomenklaturasiga kirgan, shu bois ularni ishdan bo`shatish amrimahol edi. Islom Abdug`anievich, aslida, Markaziy Qo`mita bilan ham ko`p-da osh-qatiq emas edi. Buning o`ziga xos sabablari bor edi, albatta. Toshkent elitasi kuchayib borayotgan raqobatchidan xalos bo`lish uchun I.A.Karimovni respublika hukumati rahbari muovinligidan Qashqadaryo viloyatiga “surgun” qilgan, degan gaplar ham yurardi. Keyinroq Islom Abdug`anievich mamlakat rahbari bo`lgach, elitaning bir qismi O`zbekistondan bosh olib ketadi, ayrimlari viloyatlarga “astrobod” qilinadi.

I.A.Karimov halol va pokiza vijdonli inson edi. Ko`p yil bittagina kostyum va ko`ylakda yurganiga guvohman, ammo kiyimi hamisha ozoda va dazmollangan bo`lardi. Taom borasida ham injiqlik qilmasdi, allamahalgacha ishlagan paytlari bir burda nonu tushyonkaga qanoat qilar edi. Mehnatkashlik qon-qoniga singib ketgan edi. Ishni birinchi o`ringa qo`yar edi. Qashqadaryoda rahbar bo`lgan yillari mamlakatning bo`lajak etakchisi bir o`zi obkom dachasida yashagan. Menimcha, bu ham bejiz emas. Ilgari bu erdan sobiq viloyat rahbarlari va ularning oila a`zolari oldiga iltimos bilan keluvchilarning qadami uzilmas edi, endi esa buning imkoni yo`q edi. Islom Abdug`anievich yaqinlari – rafiqasi Tatyana Akbarovna, sevimli kenja qizi Lola, to`ng`ichi – Guli-Gugushani (uni o`sha kezlar shunday atardi) qanchalar sog`inganiga o`zim guvohman. Keyinroq to`ng`ich qizining aybi bilan ularning orasi buzildi…
Bir gal o`lim to`shagida yotgan o`g`limni oyoqqa turg`azgan shifokorning ukasi iltimos qilib qoldi. Islom Abdug`anievichdan yaqindagina ishdan bo`shatilgan OBXSS boshlig`ini lavozimiga qaytarishni so`rashim zarur edi. Bayram kuni navbatchi bo`lgani holda mast holda qo`lga tushgan ekan. Iltimos qilgan odam har qancha xarajat bo`lsa qochmasligini ham qistirib o`tgan edi.

– Esing joyidami, nimalar deyapsan?! – dedim kapaligim uchib. – U qanday odamligini bilmaysan-da! Dori-darmon uchun tiyin-tiyinigacha o`zi to`laydi, ovqat uchun birov pul to`lashiga ikki dunyoda rozi bo`lmaydi.
Odamning yuzi issiq, har qancha e`tiroz bildirmay, axiyri xonasi kelganda bu haqda so`rab ko`rishga va`da berdim. Tez orada bunga imkon ham tug`ildi. Odatdagidek, qandaydir mavzuda matn yozishimiz kerak edi. Ish ko`ngildagidek ko`chdi. Islom Abdug`anievich har qachongidan bardam, tetik edi. Fursatdan foydalanib ming istihola bilan tanishimning iltimosidan gap ochdim. I.A.Karimovning kayfiyati birdan buzildi, meni darg`azab alfozda, eb yuborgudek nigoh bilan so`roqqa tutdi:

– Hali xizmating uchun shirinkoma ham va`da berishgandir?

Og`iz ocholmay qoldim, o`sha lahza uyatdan er yorilsayu erga kirib ketsam deb o`yladim.

– Quloq sol, – dedi Islom Abdug`anievich, – sen gapirmading, men eshitmadim. Esingdan chiqarma: men Karimovman. Tushundingmi? Meni Karimov deydilar. Minba`d bunday iltimoslar bilan boshimni qotirma.
Bu voqea sabab uzoq vaqt ko`nglim xijil bo`ldi. Bu ham etmagandek bir necha kundan keyin ishga kechikib qoldim, idoraga soat 8 da emas, 11 da bordim. Odatda, dunyo, ittifoq va respublikadagi holat bo`yicha kunlik sharh tayyorlar edim. O`sha kuni, tabiiyki, sharh tayyorlashga ham ulgurmadim. Kun bo`yicha xonada o`tirdim, ammo Islom Abdug`anievich biror marta meni yo`qlamadi. Ertasi kuni qabulxonaga sharhni qoldirdim. Ammo kechgacha na telefon orqali so`radi, na xonasiga chaqirdi. Avvallari hech bunday bo`lmagan edi. Uchinchi kun ham shu alfozda o`tdi. 
Aybdor ekanimdan bo`yin tovlamayman, ammo bunchalik qattiq xafa bo`lishini kutmagan edim. Uchinchi kun kechqurun bor jur`atimni yig`ib, I.A.Karimov xonasiga kirib bordim. Ayb ish ustida qo`lga tushgan bolakaydek oyoqlarimni qaltirar edi. U menga e`tibor bermay, qandaydir hujjatni varaqlab o`tirar edi. Endigina ortimga qaytib chiqmoqchi bo`lib turganimda, menga tanish istehzoli ovoz yangradi:

– Xo`sh, nima ishing bor, progulchi?

Agar bolam yoki xotinimning tobi bo`lmadi, deya turli vaj-karsonlar to`qisam bormi, kavushimni to`g`rilab qo`yishi aniq: alvido, Karimov! Unga yolg`on gapirish u yoqda tursin, hatto bunga urinmagan ham ma`qul. Naq rentgen uskunasi deysiz, xayolingizdagi fikrni ham bexato o`qirdi. Buni men yaxshi bilardim. Gavdam og`irligini dam u oyog`imga, dam bu oyog`imga solib, xijolatdan er chizib turardim.

– Moskvadan do`stlarim kelgan edi, – deya gap boshladim, – Necha zamondan beri ko`rishmagan edik. Allamahalgacha o`tirdik. To`g`ri, ozgina anavi zormondadan ham ichdik. Xullas, uxlab qolibman.

– Uxlab qolganmish, – dedi Islom Abdug`anievich ham gina, ham ta`na ohangida. – Issig`ida oldimga kirib, to`g`risini aytsang bo`lmasmidi? Men ham erkakman, axir! Ahvolingni tushunardim. Mayli, boraqol, uyquchi! Bunaqa tomosha boshqa takrorlanmasin. Bilasan-a, meni Karimov deydilar.

Bu ulkan arbobning bilimu mahorati, xususan, iqtisodiyotda yorqin namoyon bo`ldi. Sir emas, u Qashqadaryoga kelgunga qadar Toshkentdagi yirik korxonalarda xo`jalik boshqaruvi borasida katta tajriba to`pladi, Moliya ministri, Respublika Davlat plan komiteti raisi bo`ldi. Iqtisodiy bilimdonlik – uning olmosdek serqirra faoliyatining bosh fazilatlaridan edi. I.A.Karimov bir necha oy ichida Qashqadaryodagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni to`liq o`rganib, hududni rivojlantirish bo`yicha aniq vazifalarni belgilab berdi. “Yonboshlab yotgan” hudud tez orada oyoqqa turib, dadil odimlab ketdi. Sanoat va qishloq xo`jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish ko`rsatkichi qo`shib yozish mahsuli bo`lgan hujjatlarda emas, amalda o`sdi.

Gap shundaki, o`sha yillari qo`shib yozishga qarshi kurash favqulodda muhim ahamiyat kasb etgan edi. Mashhur “paxta ishi” esa dastlab bunga ma`lum ma`noda ta`sir ko`rsatgan bo`lsa-da, ko`proq zarar va ziyon keltirgan. O`sha kezlar so`rib-surishtirib o`tirmasdan begunoh brigadirlar, hatto tabelchilar qamoqqa tashlandi. Qashqadaryoda ham “Gdlyan terrori” ko`lankasi kirib bormagan biror xo`jalik, biror oila qolmadi. Kadrlarning o`rta tabaqasini yana tiklash, qo`rquv muhitiga barham berish va hokimiyatni ishonchni qaytarish lozim edi.
Qisqa muddat ichida barcha tuman va xo`jaliklarni kezib chiqqin Islom Abdug`anievich vaziyatni teran anglar, ko`plab brigadir va fermerlarni nomma-nom bilar edi. Xususan, u brigadir Lev Kim bilan (uni o`ziga xos tarzda “Lyova” deb atar edi) iliq munosabatda edi. Ilgari u piyoz etishtirib, yaxshigina hosil ko`tarar edi. Keyin esa paxtachilikka o`tgandi. I.A.Karimov u bilan bir piyola choy ustida soatlab gurunglashar, dala kezar, suhbatlashar edi. Shu tariqa ushbu xo`jalikda o`rta tabaqa kadrlar uchun maktab-seminar tashkil etildi, u erda minglab paxtakor brigadir va dehqonlar tarbiyalandi.

Aytish joizki, Islom Abdug`anievich ishda hamisha kutilmagan yondashuvlar o`ylab topib, amalga tatbiq etar edi. Bu borada so`z borarkan, u Toshkent qishloq xo`jaligi mashinalari zavodida ishlaydigan eski qadrdonlaridan viloyatni otaliqqa olib, qishloq xo`jaligi texnikasini ta`mirlash, paxta terish mashinasi hamda kombayn mexanik-haydovchilarini o`qitishda yordam ko`rsatishni so`raganini qayd etish o`rinlidir. Bu esa birinchi yiliyoq o`z samarasini berdi.

Bunday misollarni ko`plab keltirish mumkin. Ammo, baribir, I.A.Karimov uchun odamlarga g`amxo`rlik qilish, ularning og`irini engil qilish, hojatini chiqarish bosh masala edi. Bu borada quyidagi hodisani eslamasam bo`lmaydi. 
Qish tonglarining birida Islom Abdug`anievich obkom binosiga endigina kirib ketayotganda keksa rus ayoli:

– O`tinaman, dardimga quloq tuting! – deya yo`lini to`sib chiqdi.
Qo`riqchi milisioner shoshgancha ayolni chetga olib o`tmoqchi bo`lgan edi, Islom Abdug`anievich uni to`xtatdi. So`ng ayolga yuzlanib, so`radi:

– Qulog`im sizda, nima demoqchi edingiz?

– Uyingiz issiq, yorug`, hamma narsa muhayyo bo`lsa kerak, shunday emasmi? – deya yozg`ira ketdi ayol. – Biz kabi oddiy odamlar yashaydigan mikrorayonda esa quvurlar issiq ko`rmayotir. Gaz bosimi kamligi bois xonalarni isitish imkonsiz. Bir kosa ovqat pishirish uchun ham anchagina vaqt ketadi. Issiq suv bir necha soatga beriladi, bu ham muntazam emas. 
I.A.Karimov ayolning arzi holni diqqat bilan tinglab, unga ma`naviy dalda berdi. Ayol haqidagi ma`lumotlarni yozib olishni so`radi. Men endigina ishni boshladim, ammo elburutdan aybdorman, dedi kuyunchanlik bilan. “Shunday bo`lgani ma`qul. Ishni el-ulusga g`amxo`rlikdan boshlash kerak”. Islom Abdug`anievich dastlab Qashqadaryoda, keyin mamlakat rahbari lavozimida ana shu bosh qoidaga amal qildi. Odamlar uni hurmat ila “ota” deb atagani ham bejiz emas.
Boyagi ayolning arzi natijasi tez orada ma`lum bo`ldi. Bir yarim-ikki oydan keyin kechqurun plenum uchun ma`ruza tayyorlayotgan edik. Nafas rostlab o`tirganimizda Islom Abdug`anievich:

– Yur, haligi ayoldan xabar olib kelamiz, – dedi qoldi.

Shahar ijroqo`mi raisi A.Shukurovga bu borada topshiriq berilgani va kerakli choralar ko`rilganidan xabardor edim.
Mikrorayonga birorta qo`riqchisiz bordik. Obkomdan ayolning uyigacha 10 daqiqalik yo`l ekan. Eshikni taqillatdik. Ayol I.Karimovni tanib, o`tqazgani joy topolmay qoldi.

– Rahmat, Xudo yarlaqasin Sizni! Kam bo`lmang, Islom Abdug`anievich! Sizga qancha minnatdorlik bildirsam kam! – deya alqardi boyoqish.
Xonadonga kirdik. U erdan yangi bo`yoq hidi kelardi. Xonadon boshdan-oyoq ta`mirlanibdi: deraza romlari soz holatga keltirilib, yangi yog`och pol yotqizilibdi, santexnika yangilanib, kafel plitalari alishtirilibdi. Xonalar iliq, butun mikrorayonda bo`lgani kabi issiq va sovuq suv ham bor.

– Ko`rdingmi, – dedi Islom Abdug`anievich xonadonni mamnun ko`zdan kechirarkan, – baribir odamlar koriga yarash yaxshi-da.

Keyin ham necha bor qo`shni mikrorayonlarni aylandik. I.A.Karimov har gal aholining xohish-istagiga diqqat bilan quloq solar, bu kabi uchrashuvlar bo`yicha bergan topshiriqlari ijrosini qat`iy nazorat qilar edi. Mana shunday – mubolag`asiz buyuk inson bilan ishlash baxtini ravo ko`rgani uchun taqdirimdan minnatdorman. U mamlakat va Qashqadaryo tarixida, shuningdek, mening hayotimda o`chmas nom va yorug` xotiralar ila qoldi. 
Peshonada bor ekan, rafiqam buyrak polikistozi xastaligiga chalindi. Bu asli bedavo dard. Mavridi bilan Islom Abdug`anievichga bu haqda aytdim. U shifo tilab, rafiqamni zudlik bilan Toshkentdagi 16-shifoxonaning D.Arustamov mudirlik qilayotgan buyrak bo`limiga olib borishni taklif qildi. Shu erning o`zida unga qo`ng`iroq qildi. Ma`lum bo`lishicha, I.A.Karimov o`sha shifokorda davolangan, qolaversa, u bilan do`stona munosabatda ekan. Salkam yarim yil davomida har oy rafiqamni Toshkentga olib bordim, ammo baribir uni asrab qola olmadik. Islom Abdug`anievich birinchilardan bo`lib menga ta`ziya bildirdi va dafn marosimini tashkil etishga yordam ko`rsatish borasida topshiriq berdi.

Vaqt o`tgani sari O`zbekiston Birinchi Prezidenti Islom Abdug`anievich Karimovning nurli siymosi va xayrli amallari yanada yorqinroq namoyon bo`laveradi. Ko`chayu maydonlar, ta`lim dargohlari va xiyobonlar, dahayu mavzelar uning nomi bilan ataladi. Lola Karimova-Tillyaeva va uning safdoshlari bu borada dastlabki ishlarni allaqachon boshladi.

Istardimki, Toshkent, Samarqand va Qarshida xotira yodgorliklari o`rnatilib, muzeylar tashkil etilsa va kamina qalamiga mansub uning Qashqadaryodagi hayoti hamda faoliyatiga bag`ishlangan ushbu esse ham turfa eksponatlar qatoridan munosib o`rin olsa…

Mavzuga oid yangiliklar
Qoraqalpog`iston yalpi hududiy mahsulotida sanoatning ulushi 41 foizga yetdi
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev rahbarligida Nukus shahrida bo`lib o`tgan uchrashuvda Qoraqalpog`iston iqtisodiyotini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Investisiya muhiti yaxshilangani, zarur shart ...
16.11.2018 / 17:38
17 noyabr kuni kutilayotgan ob-havo ma`lumoti
Respublika Gidrometeorologiya markazining xabar berishicha, 17 noyabr kuni Toshkentda havo o`zgarib turadi, yog`ingarchilik bo`lmaydi. Sharqdan sekundiga 3-8 metr tezlikda shamol esadi. Kechasi 0-2, kunduzi 13-15 daraja iliq bo`ladi. Qoraqalpog ...
16.11.2018 / 17:36
Ahror Ahmedov: Kitob sifati uchun muharrir muallif bilan bir xilda masʼul
- Kitobni nashr qilishda oxirgi paytda eng katta masʼuliyat muallifga tashlab qoʻyilmoqda, aslida bu notoʻgʻri – deydi “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh muharriri. &ndash ...
16.11.2018 / 17:35
Omonulla Madayev: “Kitobxonlikni avvalo oʻqituvchilardan boshlash kerak”
2018 yilning 16 noyabr kuni Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan oʻtkazilgan “Noshirlik ishi: kitobxonlarning badiiy-uslubiy saviyasi, kitobxon ehtiyojini qondirish borasida taklif va tavsiyalarʼ ...
16.11.2018 / 17:37
Bosh prokuratura Samarqanddagi test savollar kitobi bo`yicha holatga oydinlik kiritdi
Bosh prokuratura Samarqanddagi test savollari kitobi bilan bog`liq vaziyat haqida ma`lumot berdi. To`plangan hujjatlarga ko`ra, Samarqand sport o`yini turlari va engil atletikaga ixtisoslashgan bolalar va sport maktabida 2018-2019 o ...
16.11.2018 / 17:36
Navoiy viloyatida 47 nafar mahkum Jazoni ijro etish mahkamasidan ozod etildi
Oliy Sud, Bosh prokuratura hamda Ichki ishlar vazirligining mas`ul rahbarlaridan iborat ishchi guruh Navoiy viloyatida sayyor qabul va sud jarayonlari o`tkazdi, deb xabar bermoqda "Xalq so`zi" nashri. ...
16.11.2018 / 17:34