O'ZBEKISTON ELEKTRON OMMAVIY
AXBOROT VOSITALARI MILLIY
ASSOTSIATSIYASI
Журнал
Почтага кириш
 

Xalqdan savol 16
Xalqdan savol 16
Xalqdan savol 15
Xalqdan savol 15
O'zbekiston-online ITOGI  (UZB) 08.02.2017
O'zbekiston-online ITOGI (UZB) 08.02.2017
MUHOKAMA UCHUN HUJJATLAR
Hujjatlar
O'ZBEKISTON ELEKTRON OAV MILLIY ASSOTSIATSIYASINING U S T A V I (yangi tahriri)

O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2016 yil «30» sentabrda «QAYTA RO'YXATGA OLINGAN»

O'zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi a'zolarining 2015 yil «11» maydagi Umumiy yig'ilishi qarori bilan «TASDIQLANGAN»

 

O'ZBEKISTON  ELEKTRON  OMMAVIY  AXBOROT  VOSITALARI MILLIY ASSOTSIATSIYASINING U S T A V I (yangi tahriri)

 1. UMUMIY QOIDALAR

1.1. O'zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi (keyingi o'rinlarda “Assotsiatsiya” yoki “O'zEOAVMA” deb yuritiladi) O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, O'zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari, ta'sis shartnomasi hamda mazkur Ustavga muvofiq faoliyat ko'rsatadi.

1.2. Assotsiatsiya O'zbekiston Respublikasida Ommaviy axborot vositalari (keyingi o'rinlarda OAV deb yuritiladi) sohasidagi demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirishni ta'minlash, zamonaviy tele-radio industriya bozorini hamda axborot maydonida sog'lom raqobat tamoyillarini rivojlantirish, tele-radiostudiyalarning faoliyat yuritishi uchun hamda teleindustriyaning istiqbolli yangi tarmoqlarini tashkil qilish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, teleradioeshittirishlar sohasini mustaqil industriya sifatida tashkil etish, teleradiodasturlarni uzatish borasida mobil va raqamli televideniye kabi ilg'or zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, fuqarolik jamiyatini qurishda OAVning rolini kengaytirishni strategik maqsadi sifatida belgilab olgan, o'zlarining faoliyatlarini muvofiqlashtirish, shuningdek mushtarak mulkiy manfaatlarini ifoda etish hamda himoya qilish uchun tuzilgan yuridik shaxslarning birlashmasidir.

1.3. Assotsiatsiya o'z faoliyatini O'zbekiston Respublikasi hududida amalga oshiradi va Respublika ahamiyatiga ega bo'lgan yuridik shaxslar birlashmasi maqomiga ega.

1.4. Assotsiatsiyaning nomi:

a) davlat tilida:

- to'liq nomi: «O’ZBEKISTON ELEKTRON OMMAVIY AXBOROT VOSITALARI MILLIY ASSOTSIATSIYASI» (O'ZBEKISTON ELEKTRON OMMAVIY AXBOROT VOSITALARI MILLIY ASSOTSIATSIYASI);

- qisqacha nomi: O’zEOAVMA (O'zEOAVMA);

b) rus tilida:

- to'liq nomi: «NATSIONALNAYA ASSOTSIATSIYA ELEKTRONNЫX SREDSTV MASSOVOY INFORMATSII UZBEKISTANA»;

- qisqacha nomi: NAESMI;

v) ingliz tilida:

- to'liq nomi: «THE NATIONAL ASSOCIATION OF ELECTRONIC MASS MEDIA OF UZBEKISTAN»;

- qisqacha nomi: NAEMM.

1.5. Assotsiatsiyaning faoliyat muddati cheklanmagan.

1.6. Assotsiatsiyaning pochta manzili: O'zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri, Mirzo Ulug'bek tumani, H.Olimjon maydoni, «Poytaxt» biznes-majmuasi, g'arbiy tomon, 4-yo'lak, 2-qavat.

Veb sayt manzili: www. naesmi.uz.

E-mail: info@naesmi.uz

 

2. ASSOTSIATSIYANING MAQSADI VA VAZIFALARI

2.1. Assotsiatsiya quyidagi maqsadlarda tuzilgan:

- turli elektron OAVni yagona tizimga birlashtirish, o'z faoliyatiga doir dasturlarni mustaqil ravishda ishlab chiqish va amalga oshirish;

- OAVning zamonaviy bozorini rivojlantirish, elektron OAVni rivojlantirish uchun qulay ijtimoiy va iqtisodiy shart-sharoitlarni yaratish;

- tele-radio industriya bozorini rivojlantirish, tele-radiostudiyalarning faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoit yaratish, bu sohada g'oyalar va dasturlarning ijodiy raqobat muhitini vujudga keltirish bo'yicha aniq chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqish va amalga oshirish;

- ommaviy axborot vositalarining iqtisodiy erkinligini ta'minlash, axborot maydonida sog'lom raqobat tamoyillarini rivojlantirish;

- teleradioeshittirishlar sohasini mustaqil industriya sifatida tashkil etish, teleradiodasturlarni tayyorlash va tarqatish sohasida raqobatni yanada kuchaytirish;

- teleradiodasturlarni uzatish borasida mobil va raqamli televideniye kabi ilg'or zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, teleindustriyaning istiqbolli yangi tarmoqlarini tashkil qilish uchun zarur sharoitlarni yaratish;

- OAVning fuqarolik jamiyatini qurishdagi rolini kengaytirish, so'z va axborot erkinligini yanada rivojlantirish va takomillashtirishga, uning barcha uchun ochiqligi, tezkorligi va ishonchliligini ta'minlashga har tomonlama ko'maklashish;

- elektron OAV bozorida sohaning Assotsiatsiyaga a'zo barcha sub'ektlari uchun qulay shart-sharoitlarni ta'minlashga ko'maklashish, Assotsiatsiya a'zolarini o'zaro qo'llab-quvvatlash uchun aloqa tizimini yaratish;

- boshqa jismoniy va yuridik shaxslar bilan o'zaro muloqotda Assotsiatsiya a'zolarining umumiy manfaatlari, shu jumladan ularning mulkiy manfaatlarini va huquqlarini ifodalash va himoya qilish;

- elektron OAV faoliyati sohasidagi normativ-huquqiy bazani yaratishga yo'naltirilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etish;

- shiddat bilan rivojlanib borayotgan bozor iqtisodiyoti sharoitida Assotsiatsiya a'zolarining ijodiy, texnik, boshqaruv va iqtisodiy salohiyatini oshirishga, elektron OAV tizimlarini boshqarishga jalb etilgan jurnalistlar, menedjerlar, prodyuserlar, muhandis-texnik kadrlar, marketologlarning professional malakasini oshirishga yordam ko'rsatish;

- elektron OAVni rivojlantirish uchun xalqaro aloqalarni yanada mustahkamlash va rivojlantirishda qatnashish;

- Assotsiatsiya a'zolarining mualliflik va turdosh huquqlarini,

qadr-qimmati va ishchanlik obro'sini himoya qilishga ko'maklashish;

- yangi elektron OAVning faoliyatiga va kasbiy o'sishiga ko'maklashish;

- o'z a'zolarining efirini turli xil format va yo'nalishdagi yuqori sifatli media-mahsulotlar bilan boyitishga ko'maklashish va shu maqsadda turli xil ijodiy loyihalarni amalga oshirish.

2.2. Assotsiatsiya o'z maqsadlarini amalga oshirish uchun:

- elektron OAVning demokratik tamoyillarini rivojlantirishda yordam ko'rsatadi;

- axborot maydonida sog'lom raqobat tamoyillarini rivojlantiradi va elektron media-bozor tarmoqlarining monopollashuviga yo'l qo'ymaslik uchun sharoit yaratadi;

- elektron OAV faoliyatini himoya qilishga va takomillashtirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda qatnashadi, elektron OAV muammolarini yechish bo'yicha Assotsiatsiyaning Ustav faoliyati doirasida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga takliflar kiritadi;

- O'zEOAVMAga a'zo bo'lgan elektron OAV o'rtasida media-kontentlarni tayyorlash, o'zaro almashish bo'yicha tashabbus bilan chiqadi va uni tashkil etadi;

- Assotsiatsiya a'zolariga uslubiy va tashkiliy-texnik yordam ko'rsatadi, shuningdek uning xodimlariga maslahat, axborot va boshqa turdagi yordam ko'rsatishni amalga oshiradi, shu jumladan, ularning efirini ijtimoiy ahamiyatga ega media mahsulot bilan boyitish, jurnalistlar va boshqa xodimlarning malakasini oshirish bo'yicha ishlarni tashkil etadi. Assotsiatsiyani va o'z a'zolarini yuqori malakali kadrlar bilan ta'minlash maqsadida ularga chet elda malaka oshirish va treninglarda qatnashish uchun ko'maklashadi;

- Assotsiatsiya a'zolari va ularning xodimlarini har tomonlama qo'llab-quvvatlashda yordam ko'rsatadi;

- elektron OAV sohasida faoliyat ko'rsatuvchi xalqaro tashkilotlar, xorijiy axborot agentliklari va OAV bilan har tomonlama aloqalarni o'rnatadi;

- teleradiodasturlarni va elektron OAVning boshqa mahsulotlarini yaratishga, takomillashtirishga hamda ularni tarqatish tarmoqlarini istiqbolli rivojlantirishga va ekspluatatsiya qilishga qaratilgan tadbirlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;

- samarali litsenziyalash tamoyillarini ishlab chiqish, radiochastotalar spektridan foydalanish va chastotalarni rejalashtirish masalalari hamda media mahsulotlarni shakllantirish va tarqatish bozorlarini rivojlantirishni tartibga solish bo'yicha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga takliflar kiritadi;

- elektron OAVning muammolarini hal etish va ularni rivojlantirish bo'yicha eng dolzarb va istiqbolli takliflarni, loyihalarni tahlil qiladi va ishlab chiqadi, ularni qo'llab-quvvatlaydi, zarur hollarda ularni moliyalashtirish va amalga oshirishda ishtirok etadi;

- milliy va xalqaro hamkorlar hamda mutaxassislarni jalb qilgan holda turli konferensiyalar, ta'lim yo'nalishidagi tadbirlar, seminar treninglar, uchrashuvlar, davra suhbatlari va boshqa tadbirlarni tashkil etadi va o'tkazadi;

- fan, madaniyat, san'at arboblari, biznes va moliya, davlat hokimiyati, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat birlashmalari vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etadi hamda o'z vakolatlari doirasida hamkorlikni amalga oshiradi;

- o'z chora-tadbirlari, aksiyalari, ijodiy va boshqa loyihalarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi, turli media mahsulotlarni tayyorlaydi va ushbu maqsadlar uchun o'z mablag'lari, mahalliy va xorijiy davlat hamda jamoat tashkilotlari va jismoniy shaxslarning mablag'laridan foydalanadi;

- Ustavida belgilangan maqsadlarni amalga oshirish uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bo'linmalar, filiallar va vakolatxonalarini ta'sis etadi;

- mulk huquqi asosida o'z mol-mulkiga egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi;

- o'z faoliyati haqida jamoatchilikni xabardor qilish uchun matbuot anjumanlari o'tkazadi, OAV va qonunchilikda ta'qiqlanmagan boshqa vositalar orqali ma'lumotlar berib boradi;

- qonun hujjatlarida belgilangan tartibda noshirlik faoliyatini amalga oshiradi, OAV tahririyatlarini ta'sis etadi, onlayn teleradioeshittirishlarni amalga oshiradi;

- hamkorlik faoliyati doirasida, ijodiy loyihalarni amalga oshirishda mahalliy va xorijiy hamkorlar haqida filmlar va turli xil media-mahsulotlar yaratadi hamda o'z maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda, ularga axborot ko'magini amalga oshiradi;

- xayriya tadbirlarini va grantlar ta'sis qilish faoliyatini tashkil qiladi va ularda ishtirok etadi;

- O'zbekiston Respublikasi hududida teleradio eshittirishlarni tashkil etishda, loyiha doirasida o'zaro almashinuv uchun media mahsulotlar fondini yaratishda qatnashadi, zamonaviy texnologiyalardan foydalanib O'zbekiston Respublikasi hududida teleradio eshittirishlar tayyorlash va tarqatishning yagona tizimini yaratishda yordam beradi;

- Assotsiatsiya a'zolariga ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashda yordam ko'rsatadi, zamonaviy yangi texnologiyalarni joriy etishni har tomonlama rag'batlantiradi;

- O'zbekiston Respublikasida va chet elda o'z a'zolari manfaatlarini ifoda etadi;

- jahon media, kino va video bozorini o'rganadi, media mahsulotlarni sotib olish va ulardan foydalanishga bo'lgan huquqlarni o'zlashtirish bo'yicha loyihalar ishlab chiqadi, tele-videofilmlar, shuningdek musiqiy va boshqa san'at asarlarini sotib olishda, teleradiodasturlarni retranslyatsiya qilish huquqini olishda, tele-radio-video mahsulotlar, shuningdek, musiqiy va boshqa asarlar yaratishga yordam beradi;

- turli mahalliy va xorijiy davlat va jamoat tashkilotlaridan Assotsiatsiya va uning a'zolari uchun subsidiyalar, ijtimoiy buyurtmalar, grantlar olishda ishtirok etadi.

 

3. ASSOTSIATSIYANING  HUQUQIY  MAQOMI

3.1. O'zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq, Assotsiatsiya tashkiliy-huquqiy shakli jihatidan yuridik shaxslar birlashmasi bo'lib, u mustaqil balansga, banklarda hisob raqamiga va boshqa hisoblar, shu jumladan chet el valyutasidagi hisob raqamiga, o'z nomidagi muhr, shtamp, emblema, tovar belgisiga va boshqa rekvizitlariga ega bo'ladi.

3.2. Assotsiatsiya mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarga ega bo'lishga, o'z nomidan shartnomalar tuzishga, sudda da'vogar yoki javobgar bo'lishga haqli.

3.3. Assotsiatsiya o'z majburiyatlari yuzasidan tasarrufidagi barcha

mol-mulki bilan javob beradi. Assotsiatsiyaning mulkiy huquqlari qonun hujjatlariga muvofiq himoya qilinadi.

3.4. Assotsiatsiya o'z a'zolarining majburiyatlari uchun javobgar emas. Davlat va uning organlari Assotsiatsiyaning majburiyatlari yuzasidan javobgar bo'lmaydi, xuddi shuningdek Assotsiatsiya ham davlat va uning organlari majburiyatlari bo'yicha javobgar bo'lmaydi.

3.5. Assotsiatsiyaning barcha a'zolari o'z mustaqilligini hamda yuridik shaxs maqomini saqlab qoladilar. Assotsiatsiya o'z faoliyatini a'zolar ixtiyoriyligi va teng xuquqligi asosida amalga oshiradi.

3.6. Assotsiatsiya ilmiy-tarixiy ahamiyatga ega bo'lgan hujjatlarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda saqlanishini ta'minlaydi.

3.7. Assotsiatsiya quyidagi huquqlarga ega:

3.7.1. Qonun hujjatlariga muvofiq sho'ba korxonalar, filiallar va vakolatxonalar hamda turli tashkiliy-huquqiy shaklda o'zining boshqa tijorat tuzilmalarini tashkil etish.

3.7.2. Boshqa notijorat tashkilotlar va birlashmalar (assotsiatsiya, ittifoqlar) tarkibiga kirish, shuningdek, aksiya yoki korxonalarning ustav fondida ulushlarni sotib olish yo'li bilan faoliyatlarida qatnashish.

3.7.3. Qonun bilan belgilangan tartibda kontrakt, mehnat shartnomalarini, ishchi va xizmatchilar bilan kelishuv asosida tuzish.

3.7.4. O'z faoliyati maqsadlariga muvofiq tarzda yuridik va jismoniy (shu jumladan xorijiy) shaxslar bilan bitimlar tuzish.

3.7.5. O'z faoliyatiga doir masalalar bo'yicha yig'ilishlar, konferensiyalar va boshqa turli tadbirlarni o'tkazish.

3.7.6. Qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va shartlarda bank kreditlaridan foydalanish, shuningdek, o'z a'zolariga moliyaviy yordam ko'rsatish.

3.7.7. Assotsiatsiya faoliyati bilan bog'liq masalalarni amalga oshirish maqsadida maxsus jamg'armalarni tashkil etish.

3.7.8. Mahalliy va xorijiy tashkilotlardan subsidiyalar, ijtimoiy buyurtmalar, grantlar olish va ulardan Assotsiatsiyaning Ustavida belgilangan vazifalarni bajarishda foydalanish.

3.7.9. Assotsiatsiya faoliyati bilan bog'liq bo'lgan masalalarni hal qilish bo'yicha maxalliy mutaxassislarni chet elga xizmat safarlariga yuborish va xorijiy mutaxassislarni taklif etish.

3.7.10. Davlat organlaridan va xo'jalik yuritish tashkilotlaridan o'zining faoliyatiga doir xabar, axborot va ma'lumotlar olish hamda o'z a'zolari e'tiboriga yetkazish.

3.8. Assotsiatsiya Ustavda belgilangan maqsadlari va vazifalariga muvofiq, O'zbekiston Respublikasining qonun hujatarida nazada tutilgan boshqa huquqlarni ham amalga oshirishi mumkin.

3.9. Assotsiatsiyaning majburiyatlari:

3.9.1. O'zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari shuningdek, ushbu Ustav va boshqa ta'sis hujjatlari talablariga rioya etish hamda ularning bajarilishini ta'minlash.

3.9.2. Zarur hollarda o'z mol-mulki, shu jumladan, pul mablag'laridan foydalanishi haqidagi ma'lumotlarni erkin olish imkoniyatini ta'minlash.

3.9.3. Assotsiatsiyaning joriy yildagi daromadlari va xarajatlari smetasini belgilash.

3.9.4. Ro'yxatdan o'tkazuvchi, soliq va statistika organlariga o'z faoliyati to'g'risida belgilangan tartibda hisobotlar taqdim etish.

3.10. Assotsiatsiya O'zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarni ham zimmasiga olishi mumkin.

 

4. ASSOTSIATSIYAGA  AZOLIK  HAMDA  ULARNING  HUQUQ VA  MAJBURIYATLARI

4.1. Assotsiatsiyaga a'zolik O'zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga rioya qilgan xolda faqat ixtiyoriylik asosida amalga oshiriladi.

4.2. Mustaqil rivojlanayotgan, O'zbekiston Respublikasi hududida qonun hujjatlarida o'rnatilgan tartibda ro'yxatga olingan, Assotsiatsiyaning Ustavini hamda boshqa ichki me'yoriy hujjatlarini tan olib qabul qiladigan, OAV sifatida ro'yxatdan o'tganlik haqidagi guvohnomaga ega bo'lgan, shu shumladan on-layn tizimida Internet tarmog'ida faoliyat olib borayotgan OAV vakillari, a'zolikka kirish badalini to'lagan, belgilangan a'zolik badallarni o'z vaqtida to'laydigan va Assotsiatsiya oldida turgan maqsad va vazifalarni amalga oshirishda o'zining real hissasini qo'shishga tayyor sub'ektlar Assotsiatsiyaga a'zo bo'lishlari mumkin.

4.3. Yuridik shaxsning (sub'ektning) yozma arizasi va a'zolikka kirish badalini to'laganligi haqidagi xujjat Assotsiatsiya a'zoligiga qabul qilish uchun asos bo'ladi.

4.4. Assotsiatsiya a'zolari quyidagi huquqlarga ega:

- o'z rahbarlari yoki boshqa vakil shaxslar orqali o'ziga taqdim

etilgan vakolatlar bilan Assotsiatsiya a'zolari Umumiy yig'ilishida hal qiluvchi ovoz huquqi bilan «bir OAV – bir ovoz» tamoyili asosida ishtirok etish;

- Assotsiatsiyaning faoliyati ustidan Boshqaruv va nazorat organlariga belgilangan tartibda saylash va saylanish;

- Assotsiatsiya va uning organlari ishi bo'yicha takliflar va mulohazalar berish, Assotsiatsiya ishchi guruhlari faoliyatida ishtirok etish;

- davlat hokimiyati va boshqaruvi, sud organlari va boshqa organlarda o'z masalalari ko'rilishida Assotsiatsiya ko'magidan foydalanish;

- Assotsiatsiya va uning tuzilmaviy bo'linmalari dasturi va tadbirlarida ishtirok etish;

- Assotsiatsiya boshqaruvi ruxsati bilan Assotsiatsiya atributlari va ramzlaridan foydalanish;

- Assotsiatsiya faoliyati haqida zaruriy axborotlarni olish;

- Assotsiatsiya tomonidan taqdim etiladigan turli maslahatlar, tavsiyalar, axborotlarni berishni o'z ichiga oladigan xizmatlardan beg'araz foydalanish;

- Assotsiatsiyaning moddiy-texnik bazasidan mazkur Ustavga mos holda Boshqaruv raisi qaroriga muvofiq foydalanish;

- Assotsiatsiya rahbar organlariga uning faoliyati bilan bog'liq har qanday masala yuzasidan murojaat qilish;

- a'zolik ixtiyoriylik asosida ekanini hisobga olgan holda, kamida 1 (bir) oy oldin Assotsiatsiyaga tegishli ariza bilan murojaat qilib, undan o'z xohishi bilan chiqish.

4.5. Assotsiatsiya a'zolarining majburiyatlari:

- Assotsiatsiya Ustaviga va qonun hujjatlariga rioya qilish;

- Assotsiatsiya oldida turgan vazifalarni amalga oshirishda o'zining texnikaviy, intellektual va kadrlar resurslari bilan ko'maklashish;

- Assotsiatsiya va uning a'zolarining qonuniy manfaatlariga zarar keltiradigan harakatlarni amalga oshirmaslik;

- yillik a'zolik badallarini o'z vaqtida to'lab borish;

- Assotsiatsiya a'zolarining Umumiy yig'ilishi va Assotsiatsiya Boshqaruvi qarorlarini bajarish;

- pochta manzili, aloqa telefon raqamlari o'zgarganligi haqida Assotsiatsiyani o'z vaqtida xabardor qilish.

4.6. Assotsiatsiya a'zoligiga qabul qilish taqdim etilgan ariza asosida, Assotsiatsiya a'zolarini navbatdagi Umumiy yig'ilishda xabardor etish sharti bilan Assotsiatsiya Boshqaruvi tomonidan amalga oshiriladi. Assotsiatsiya a'zosi Assotsiatsiya Ustavida belgilangan miqdordagi a'zolikka kirish badalini Assotsiatsiyaning hisob raqamiga o'tkazgandan so'ng, mazkur Ustavning 4.4.-bandida ko'rsatilgan huquqlarga ega bo'ladi.

4.7. Assotsiatsiyaga uyushgan a'zolik:

4.7.1. O'zbekiston Respublikasi hududida qonunchilikda belgilangan tartibda ro'yxatdan o'tgan, kabel televidiniyesi sohasida barcha yoki bitta faoliyat turini (teledasturlarni tarqatish (translyatsiya, retranslyatsiya) tarmog'i xizmatlarini ko'rsatish, loyihalashtirish, qurish va foydalanish) amalga oshirish uchun litsenziyaga ega bo'lgan, O'zEOAVMA Ustavini va boshqa me'yoriy hujjatlarini tan olgan hamda Assotsiatsiya oldida turgan maqsad va vazifalarni amalga oshirishda o'zining real hissasini qo'sha oladigan yuridik shaxs Assotsiatsiyaning uyushgan a'zosi bo'lishi mumkin.

4.7.2. Assotsiatsiyaga uyushgan a'zolik individual shaklda, ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladi.

4.7.3. Uyushgan a'zolar quyidagi huquqlarga ega:

- o'zining vakolatli vakillari orqali Assotsiatsiya a'zolarining Umumiy yig'ilishlarida ovoz berish huquqisiz ishtirok etish;

- Assotsiatsiyaning boshqaruv organlari va nazorat organlariga saylash va saylanish;

- Assotsiatsiya va uning organlari faoliyati yuzasidan takliflar va fikrlar kiritish, koimssiyalar, ishchi guruhlar ishida qatnashish;

- davlat hokimiyati va boshqaruvi, sud organlari va boshqa organlarda o'ziga tegishli masalalar ko'rib chiqilayotgan paytda Assotsiatsiya ko'magidan foydalanish;

- Assotsiatsiya va uning tarkibiy bo'linmalari tomonidan o'tkaziladigan tadbirlar va dasturlarda ishtirok etish;

- Assotsiatsiyaning ruxsati bilan Assotsiatsiya atributlari va nishonlaridan belgilangan tartibda foydalanish;

- Assotsiatsiya faoliyati haqidagi zarur axborotlarni belgilangan tartibda olish;

- Assotsiatsiyada mavjud bo'lgan hamda u tomonidan taqdim etiladigan maslahatlar, tavsiyalar axborotlardan beg'araz foydalanish;

- Assotsiatsiya Boshqaruv raisining qaroriga binoan mazkur Ustavga muvofiq holda Assotsiatsiyaning moddiy-texnik bazasidan foydalanish;

- a'zolikning ko'ngilli ravishda amalga oshirilganligini hisobga olgan holda, kamida 1 (bir) oy oldin Asssotsiatsiyaga tegishli ariza bilan murojaat qilib, undan o'z xohishi bilan chiqish.

4.7.4. Assotsiatsiyaning uyushgan a'zolarining majburiyatlari:

- Assotsiatsiya Ustaviga amal qilish;

- o'zining texnikaviy, intellektual zahiralari bilan Assotsiatsiya va uning a'zolari oldida turgan vazifalarni hal etishda ko'maklashish;

- Assotsiatsiya va uning a'zolarining qonuniy manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin bo'lgan harakatlar qilmaslik;

- kirish badali va yillik a'zolik badallarini o'z vaqtida to'lab borish;

- Assotsiatsiya Boshqaruvi va a'zolarining Umumiy yig'ilishlari qarorlarini bajarish.

4.8. Assotsiatsiyaga kirish va yillik a'zolik badali miqdori, uni to'lash tartibi va muddatlari Assotsiatsiya a'zolarining Umumiy yig'ilishi tomonidan belgilanadi.

4.9. Assotsiatsiya a'zosi (uyushgan a'zolari) yillik a'zolik badalini belgilangan sanadan 6 (olti) oydan ortiq vaqt davomida to'lamagan hamda badalni to'lamaganligi yuzasidan Assotsiatsiya Boshqaruviga biror asoslantirilgan vajni ko'rsatmagan taqdirda, shuningdek, mazkur Ustav talablarini hamda Assotsiatsiya a'zolarining Umumiy yig'ilishi va O'zEOAVMA Boshqaruvi qarorlarini bajarmagan hamda Assotsiatsiya maqsadlariga zid yoki uning obro'sizlanishiga olib keladigan boshqa harakatlar qilgan taqdirda Assotsiatsiya a'zolarining Umumiy yig'ilishi qaroriga asosan Assotsiatsiya a'zoligidan chiqarilishi mumkin.

4.10. Assotsiatsiya a'zoligidan chiqqanda yoki undan chiqarilganda a'zoning (uyushgan a'zoning) Assotsiatsiyaga kiritgan moliyaviy yoki mol-mulk shaklidagi badallari va xayriya mablag'lari qaytarib berilmaydi.

4.11. Assotsiatsiya a'zoligidan chiqqan yoki undan chiqarilgan a'zolar (uyushgan a'zolar) hech qanday tovon puli olmaydilar, Assotsiatsiya mulkining biron-bir ulushiga da'vogarlik qilish yoki Assotsiatsiyaga kiritgan mablag'larini qaytarib olish huquqiga ega emaslar, vaqtincha foydalanish uchun yoki ijaraga berilgan mol-mulk bundan mustasno.

4.12. Assotsiatsiya a'zolari o'rtasidagi o'zaro munosabat va a'zolarning Assotsiatsiya bilan bevosita munosabati shartnomaviy asosda ham amalga oshirilishi mumkin.

4.13. Assotsiatsiyaga a'zolik quyidagi hollarda tugatiladi:

- u yoki bu sababga ko'ra a'zoning «OAV sifatida davlat ro'yxatidan o'tganlik haqidagi guvohnoma»si bekor qilinganda yoki tugatilganda;

- Assotsiatsiyaga a'zo yuridik shaxs tugatilganda;

- Assotsiatsiya tugatilganda.

 

5. ASSOTSIATSIYANING  BOSHQARUV ORGANI

5.1. Assotsiatsiyaning boshqaruv organi quyidagilardir:

- Assotsiatsiya a'zolarining Umumiy yig'ilishi (matnda bundan buyon “Umumiy yig'ilish” deb ataladi);

- Assotsiatsiya Boshqaruvi, Assotsiatsiya Boshqaruvi raisi (matnda bundan buyon “Boshqaruv” deb ataladi);

- Assotsiatsiyaning Ijroiya direksiyasi (matnda bundan buyon “Direksiya” deb ataladi).

5.2. Umumiy yig'ilish - Assotsiatsiyaning oliy boshqaruv organidir. Umumiy yig'ilish navbatdagi va navbatdan tashqari bo'lishi mumkin. Navbatdagi Umumiy yig'ilish Boshqaruv yoki Boshqaruv raisi tashabbusi bilan bir yilda kamida bir marotaba chaqiriladi. Navbatdan tashqari Umumiy yig'ilish Assotsiatsiya Boshqaruvi raisi, Boshqaruv a'zolarining uchdan biri, Taftish komissiyasi tashabbusi bilan Assotsiatsiyaning moliyaviy-xo'jalik faoliyatining qo'pol buzilishi holatlarida, shuningdek, Assotsiatsiya a'zolarining uchdan bir qismi taqdim etgan yozma talabnoma asosida chaqirilishi mumkin.

Umumiy yig'ilish Assotsiatsiyaning mazkur Ustaviga va O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga zid bo'lmagan faoliyatiga doir istalgan masalalarni hal qilishga haqli.

5.3. Umumiy yig'ilishning mutlaq vakolatlariga quyidagi masalalarni hal etish kiradi:

- Assotsiatsiya faoliyatining asosiy yo'nalishlarini aniqlash, belgilash, ularning bajarilishi xaqida hisobot to'plash va rejalarni tasdiqlash;

- Assotsiatsiyaning Ustaviga o'zgartirish va qo'shimchalarni kiritish, yangi tahrirdagi ustavni tasdiqlash;

- Assotsiatsiyani qayta tashkil etish;

- tugatish komissiyasini tayinlash, oraliq va yakuniy tugatish balanslarini tasdiqlash hamda tugatish;

- Assotsiatsiyaning mol-mulkini shakllantirish va undan foydalanish tartibi va tamoyillarini belgilash;

- Assotsiatsiya Boshqaruvi raisini saylash va uni lavozimidan ozod etish;

- Assotsiatsiyaning doimiy ravishda faoliyat yuritadigan kollegial organi - Boshqaruvini tuzish (Boshqaruv tarkibi miqdorini aniqlash, uning a'zolarini saylash, Boshqaruv raisi haqidagi Nizomni, Boshqaruv haqidagi Nizomni tasdiqlash);

- Assotsiatsiyaning Taftish komissiyasi a'zolarini saylash;

- Boshqaruvning Assotsiatsiyaning o'tgan yilgi faoliyati natijalari haqidagi yillik hisobotlarini tasdiqlash;

- Taftish komissiyasi hisobotlarini tasdiqlash;

- filiallar va vakolatxonalarni tashkil etish, tugatish, ularning Nizomlarini tasdiqlash;

- Assotsiatsiyaning faoliyatini to'xtatish to'g'risida qaror qabul qilish;

- Assotsiatsiya a'zolarining a'zolik badallari miqdorini, shaklini va to'lash tartibini belgilash;

- Assotsiatsiya a'zoligidan chiqarish va Assotsiatsiyaga yangi a'zolarni qabul qilish.

5.4. Assotsiatsiya a'zolarining Umumiy yig'ilishi - Assotsiatsiyaning har bir a'zosidan bitta vakolatli vakil ishtirok etishi tartibida chaqiriladi.

5.5. Boshqaruv, Boshqaruv raisi Assotsiatsiya a'zolarining Umumiy yig'ilishi chaqiriladigan sana haqida Assotsiatsiya a'zolarini yozma ravishda xabardor qilishi shart.

5.6. Umumiy yig'ilishda qatnashish uchun ro'yxatdan o'tgan Umumiy yig'ilish a'zolarining soni ular umumiy sonining yarmidan ko'pini tashkil etsa, Umumiy yig'ilish vakolatli hisoblanadi.

5.7. Barcha masalalar yuzasidan qarorlar Umumiy yig'ilishda ishtirok etayotgan Assotsiatsiya a'zolarining vakolatli vakillari tomonidan oddiy ko'pchilik ovoz bilan qabul qilinadi.

5.8. Umumiy yig'ilishda qabul qilingan qarorlar Assotsiatsiyaning Ustaviga yoki qonun hujjatlariga zid bo'lishi mumkin emas.

5.9. Umumiy yig'ilish ishiga Assotsiatsiya Boshqaruvi raisi rahbarlik qiladi.

5.10. Assotsiatsiya Boshqaruvi:

5.10.1. Umumiy yig'ilish majlislari oralig'idagi davrda umumiy masalalarni jamoatchilik asosida Boshqaruv raisi rahbarligidagi Assotsiatsiya Boshqaruvi hal qiladi.

5.10.2. Assotsiatsiya Boshqaruvi tarkibiy miqdorini Umumiy yig'ilish belgilaydi.

5.10.3. Assotsiatsiya Boshqaruvi Umumiy yig'ilishda Assotsiatsiya a'zolarining vakolatli vakillari orasidan 3 (uch) yilga saylanadi va o'z faoliyatini Umumiy yig'ilish tasdiqlagan Nizom bo'yicha amalga oshiradi. Assotsiatsiya Boshqaruvi o'z vazifalarini bajarish uchun istalgan davlat idoralari, mulkchilik shaklidan qat'iy nazar korxonalar, tashkilotlar, jismoniy va yuridik shaxslar bilan o'z faoliyati yuzasidan munosabatlar o'rnatishga va tegishli masalalarni hal qilishga haqlidir.

5.10.4. Assotsiatsiya Boshqaruvi vakolatlariga quyidagi masalalarni hal qilish kiradi:

a) Assotsiatsiya buxgalteriyasining yillik hisoboti va yillik buxgalterlik balanslarini ko'rib chiqish va tasdiqlash, keyinchalik Umumiy yig'ilish tomonidan tasdiqlanish sharti bilan;

b) Assotsiatsiyaning moliyaviy rejasini (smetasini) ishlab chiqish va Umumiy yig'ilishda tasdiqlash (Boshqaruv unga o'zgartirishlar kiritishga haqli va ular Umumiy yig'ilishda tasdiqlanishi kerak);

v) Umumiy yig'ilish kun tartibini tayyorlash va Assotsiatsiya a'zolarini Umumiy yig'ilish chaqirilganligi haqida xabardor qilish;

g) Assotsiatsiya Boshqaruvi raisining Assotsiatsiya Boshqaruvi a'zolari bilan tuziladigan mehnat shartnomasi (kontrakt) loyihasini tayyorlash va tasdiqlash;

d) Assotsiatsiya Boshqaruvi raisi tavsiyasi bilan Assotsiatsiya Ijrochi direktorini lavozimiga tasdiqlash va u bilan mehnat shartnomasini (kontrakt) tuzish;

ye)  Assotsiatsiya qoshida turli xil komissiya, seksiya va markazlar tashkil qilish, shu jumladan maslahat markazlarini, va ularning ishiga kerakli mutaxassilarni jalb qilish;

j) Assotsiatsiyaning boshqa tashkilotlarda ishtirok etishi, xo'jalik birlashmalari tashkil etish yoki ushbu birlashmalarda ishtirok etish masalalari bo'yicha tegishli qarorlar qabul qilish va buni keyinchalik Umumiy yig'ilishda tasdiqlash;

z) Assotsiatsiyaga yangi a'zolarni, keyinchalik Umumiy yig'ilishda tasdiqlanishi sharti bilan a'zolikka qabul qilish;

i) tashkil etilgan xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning mol-mulkini shakllantirish va undan foydalanish prinsiplarini, moliyaviy masalalarini va asosiy yo'nalishlarini belgilash;

k) Boshqaruv ishining tartibi va tashkiliy asoslarini, shuningdek:

- Boshqaruv raisi va a'zolariga haq to'lash tartibi va miqdorini belgilash;

- Boshqaruv faoliyatini ta'minlash uchun zarur tashkiliy-xo'jalik sharoitlarini yaratish;

l) Umumiy yig'ilish va Boshqaruv qarorlarining bajarilishi va Assotsiatsiyaning joriy faoliyati masalalari bo'yicha Ijrochi direktor hisobotini tinglash;

m) Ustavda belgilangan vazifalarni hal qilishga yo'naltirilgan va qaror qabul qilingan vaqtda Assotsiatsiya aktivining 51 foizigacha bo'lgan miqdordagi bitimlarni tuzishga ruxsat berish.

5.10.5. Assotsiatsiya Boshqaruvi shuningdek, Assotsiatsiya a'zolari Umumiy yig'ilishi mutloq vakolatiga kiruvchi masalalardan tashqari  Assotsiatsiya faoliyati bilan bog'liq bo'lgan boshqa barcha masalalarni hal etadi.

5.10.6. Boshqaruv faoliyatiga Boshqaruv raisi boshchilik qiladi. Boshqaruv raisi Boshqaruv nomidan faoliyat ko'rsatish huquqiga ega.

Boshqaruv raisi o'z vakolatlarini amalga oshirish imkoniyatiga ega bo'lmagan (kasallik, safar yoki boshqa sabablarga ko'ra) paytda uning qaroriga ko'ra, Raisning vazifalarini Boshqaruv a'zolaridan biri bajaradi.

5.10.7. Boshqaruv Assotsiatsiyaga oid qonunchilik hujjatlariga, ushbu Ustavda va shuningdek Assotsiatsiya a'zolari Umumiy yig'ilishida belgilangan barcha qoidalarga amal qilishi shart.

5.10.8. Boshqaruv majlislari zaruratga qarab Boshqaruv raisi tomonidan har chorakda kamida bir marta chaqiriladi. Boshqaruv raisi majlis o'tkazilishi haqida Boshqaruv a'zolarini oldindan xabardor qilishi shart.

5.10.9. Boshqaruv majlisida Boshqaruv a'zolarining yarmidan ko'pi qatnashayotgan bo'lsa, u vakolatli hisoblanadi.

5.10.10. Boshqaruv qarorlari ochiq ovoz berish yo'li bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng bo'lib qolganda Boshqaruv raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.

5.10.11. Boshqaruv yig'ilishlari qarorlari bayonnoma ko'rinishida rasmiylashtiriladi hamda uni Boshqaruv raisi va Boshqaruv a'zolaridan saylangan yig'ilish kotibi imzolaydi.

5.10.12. Boshqaruv hujjatlari qarorlar yoki buyruqlar ko'rinishida bo'lib, ularni bajarish barcha Assotsiatsiya a'zolari uchun majburiydir.

5.10.13. Assotsiatsiya Boshqaruvi raisi Umumiy yig'ilish tomonidan 3 (uch) yil muddatga saylanadi.

5.10.14. Boshqaruv raisining vakolatlari:

- Assotsiatsiya faoliyatiga va uning Boshqaruvi faoliyatiga rahbarlik qilish, yuklatilgan vazifalarni bajarish va mazkur Ustavga rioya qilinishini ta'minlash, Boshqaruv a'zolari hamda Ijrochi direktorning vazifalarini belgilash, Assotsiatsiya faoliyatiga ta'lluqli masalalarni hal qilishda ularning vakolatlarini belgilash;

- elektron OAVni tashkil etish, takomillashtirish va ularni yanada rivojlantirish bilan bog'liq chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga rahbarlik qilish;

- milliy va xorijiy davlat va jamoat tashkilotlarida Assotsiatsiya a'zolarining manfaatlarini ifoda etish va Assotsiatsiya nomidan ish yuritish;

- Umumiy yig'ilish va Assotsiatsiya Boshqaruvi qarorlarining bajarilishini tashkil qilish;

- Assotsiatsiya faoliyati huquqiy ta'minlanishini tashkillashtirish, Assotsiatsiya tuzilmaviy bo'limlari faoliyati reglamentini belgilab beradigan hujjatlarni tasdiqlash va O'zEOAVMA tashkil qilgan xo'jalik yurituvchi sub'ektlar faoliyatining ustuvor yo'nalishlarini belgilash;

- mahalliy va xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik borasidagi faoliyatga rahbarlik qilish;

- Assotsiatsiya nomidan ishonchnomasiz harakat qilib, O'zbekiston Respublikasi va xorijdagi barcha korxona, muassasa va tashkilotlarda Assotsiatsiya manfaatini ifoda etish;

- Boshqaruv faoliyatini tashkil qilish va boshqarish, Boshqaruv majlislarini olib borish;

- Assotsiatsiya a'zolarining Umumiy yig'ilishi tasdiqlagan dastur, loyiha va tadbirlarni moliyalashtirish uchun mablag'lar jalb qilishni tashkil etish;

- Assotsiatsiya dasturlari va loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etish uchun ishchi guruhlarni va muayyan muddatli ijodiy jamoalarni shakllantirish, ekspertlarni jalb etish;

- Boshqaruvga tasdiq uchun Ijrochi direktor lavozimiga nomzodni ko'rsatish, Assotsiatsiya nomidan u bilan mehnat shartnomasini (kontrakt) tuzish va unga to'lanadigan haq miqdorini belgilash;

- Ijrochi direktorni vazifasidan ozod etish to'g'risida qaror qabul qilish;

- Assotsiatsiyaning ishchi organlari (komissiya yoki kengashlar)ni tashkil qilish, ularning huquq va majburiyatlarini belgilash;

- Assotsiatsiya Ustavida belgilangan vazifalarni bajarishga yo'naltirilgan va qaror qabul qilish vaqtida miqdori Assotsiatsiya aktivlarining 40 foizidan ortiq bo'lmagan mulkni sotib olish yoki uni boshqaga berish bilan bog'liq bitimlar tuzishga oid qarorlarga ruxsat berish;

- Boshqaruv tomonidan yuklatilgan alohida vakolatlarni bajarish;

- O'zbekiston Respublikasi qonunchiligi va mazkur Ustavga zid bo'lmagan, Assotsiatsiya faoliyatiga taalluqli boshqa masalalarni hal qilish.

5.10.15. Boshqaruv raisi o'z vakolatlarining bir qismini Ijrochi direktorga yuklashga haqli.

5.11. Assotsiatsiyaning Ijrochi direktori:

- Assotsiatsiyaning ma'muriy, moliyaviy, xo'jalik faoliyatini ta'minlaydi va unga amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgar bo'ladi;

- Ijroiya direksiyasi haqidagi Nizomga qat'iyan rioya qiladi;

- o'z vakolatlari doirasida Assotsiatsiya nomidan ishonchnomasiz harakat qiladi;

- Boshqaruv raisiga bevosita bo'ysunadi.

5.12. Ijrochi direktor vakolatlari:

- boshqa tashkilotlar bilan munosabatlarda Assotsiatsiyani ifoda etishda o'z vakolatlari doirasida ishonchnomasiz harakat qilish;

- Assotsiatsiya nomidan O'zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq shartnomalar, bitimlar, kontraktlar tuzish, xo'jalik faoliyatini yuritish;

- moliyaviy, bank va boshqa hujjatlarda birinchi imzo huquqiga ega bo'lish;

- ishonchnomalar berish, pul mablag'lari va moddiy boyliklar olish uchun hisob-kitoblarni va to'lov hujjatlarni imzolash;

- banklarda Assotsiatsiyaning hisob raqamlarini ochish;

- Assotsiatsiya a'zolarining Umumiy yig'ilishi, Assotsiatsiya Boshqaruvi va Boshqaruv raisining qarorlarini bajarish, Boshqaruv majlislarini tayyorlash, Umumiy yig'ilish o'tkazilishi, bayonnomalar yuritilishi va yakunlovchi hujjatlarni rasmiylashtirilishini tashkiliy ta'minlash;

- Boshqaruv raisi bilan kelishgan holda Assotsiatsiya ishchi apparatini - Ijroiya direksiyasini tuzish;

-  Boshqaruv raisi bilan kelishilgan holda shtatlar jadvalini tasdiqlash, Ijroiya direksiyasi xodimlarining ish haqlari miqdori va to'lash sharoitlarini belgilash, ular tomonidan moliyaviy, shartnomaviy va mehnat intizomiga rioya qilinishini ta'minlash, shuningdek ijroiya direksiyasi xodimlarini ishga qabul qilish va ishdan bo'shatish, ularga nisbatan rag'batlantirish va jazo choralarini qo'llash;

- o'z vakolatlari doirasiga kiradigan masalalar yuzasidan buyruqlar, farmoyishlar, yo'riqnomalar va boshqa hujjatlar chiqarish;

- Boshqaruv va Boshqaruv raisi tomonidan berilgan boshqa vakolatlarni ijro etish.

5.13. Ijrochi direktor vakolatlariga Assotsiatsiya Boshqaruvining boshqa organlari vakolatlariga kirmaydigan va O'zbekiston Respublikasi qonunchiligi hamda mazkur Ustavga zid bo'lmagan Assotsiatsiya faoliyatiga taalluqli boshqa barcha masalalarni hal etish kiradi.

5.14. Ijrochi direktor o'z vakolatlarini bajara olmay qolgan taqdirda (kasalligi, safardaligi yoki boshqa sabablar bilan) uning vazifalarini ishonchnoma asosida Ijrochi direktor o'rinbosari bajaradi.

 

6. TAFTISH KOMISSIYASI

6.1. Assotsiatsiyaning xo'jalik yuritish va moliyaviy faoliyati ustidan nazorat organi - Taftish komissiyasi hisoblanib, u Assotsiatsiya a'zolarining vakolatli vakillari orasidan Assotsiatsiya a'zolari Umumiy yig'ilishi tomonidan 3 (uch) kishidan iborat tarkibda 3 (uch) yil muddatga saylanadi.

6.2. Taftish komissiyasi Assotsiatsiyaning moliyaviy-xo'jalik faoliyatini nazorat qiladi. Yil yakuni bo'yicha Taftish komissiyasi Umumiy yig'ilish majlisiga tasdiqlash uchun hisobot taqdim etadi.

6.3. Taftish komissiyasi vakolatiga shuningdek, manfaatdor shaxslarning Assotsiatsiya bilan tuzilgan bitimlar haqidagi axborotlarini ko'rib chiqish va tegishli qarorlar qabul qilish kiradi.

6.4. Taftish komissiyasining vakolati, tuzilishi va faoliyat tartibi Umumiy yig'ilish tomonidan tasdiqlanadigan Taftish komissiyasi to'g'risidagi Nizomda belgilanadi.

6.5. Taftish komissiyasi tomonidan Assotsiatsiyaning moliyaviy-xo'jalik faoliyatini tekshirish (taftish qilish) har yili amalga oshiriladi. Taftish komissiyasi alohida maqsadli tekshirishlarni ham o'tkazishga haqli.

6.6. Assotsiatsiya Boshqaruv organining qaroriga muvofiq, Assotsiatsiyaning moliyaviy-xo'jalik faoliyatini tekshirish, shartnoma asosida, auditorlik tashkiloti tomonidan ham amalga oshirilishi mumkin.

 

7. ASSOTSIATSIYANING MOLIYAVIY-XO'JALIK FAOLIYATI,  MULKI VA UNDAN FOYDALANISH TARTIBI

7.1. Assotsiatsiyaning mol-mulki asosiy va aylanma vositalaridan hamda boshqa vositalardan, Assotsiatsiyaning mustaqil balansida aks ettirilgan boshqa mulklardan iborat.

Assotsiatsiya o'z qaramog'i va boshqaruvida binolar, inshootlar, turar-joy fondi, asbob-uskunalar, jihozlar va boshqa moddiy va nomoddiy mol-mulkka ega bo'lishi mumkin.

7.2. Assotsiatsiya mol-mulkini pul va boshqa ko'rinishlarda shakllantirish manbalari quyidagilar hisoblanadi:

- Assotsiatsiya a'zolarining badallari;

- jamoat tashkilotlari va boshqa tashkilotlar tomonidan (shu jumladan, xorijdan) beriladigan ixtiyoriy mulkiy badallar va qilinadigan xayriyalar, shuningdek, fuqarolarning ixtiyoriy badallari va xayriyalari;

- milliy va xorijiy hamkorlar bilan o'zaro kelishuv va loyihalar doirasida qo'lga kiritilgan mablag'lar;

- maqsadli yordam, shu jumladan, aniq maqsadli dastur va loyihalarni amalga oshirishga yo'naltirilgan subsidiyalar, ijtimoiy buyurtmalar va grantlar;

- tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan daromadlar;

- foiz hisobida qimmatbaho qog'ozlar (aksiya, obligatsiya)ga joylashtirilgan depozitdagi omonatlardan olinadigan tushumlar;

- qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mulkiy va moliyaviy tushumlar.

7.3. Assotsiatsiya qonunchilikda belgilangan tartibda o'z mulkiga egalik qilish, undan foydalanish va uni boshqarish huquqiga ega.

Assotsiatsiya o'ziga tegishli mol-mulkni moliyaviy mablag'lar bilan birga mustaqil tasarruf etadi.

Assotsiatsiya mulkini O'zbekiston Respublikasi qonunchiligi yoki sud qarori bilan belgilangan holatlardan o'zga hollarda olib qo'yishga yo'l qo'yilmaydi.

7.4. Assotsiatsiya qonunchilikka muvofiq mol-mulkni o'z vositalari, bank kreditlari va boshqa manbalar hisobidan sotib olish va ijaraga olishga haqlidir.

7.5. Assotsiatsiya mulkidan foydalanishning asosiy yo'nalishlari quyidagilardan iborat:

- Assotsiatsiyaning Ustav maqsadi va vazifalarini bajarilishini ta'minlash, O'zEOAVMA loyihalarida qantashayotgan o'z a'zolarining faoliyatini qo'llab-quvvatlash;

- xayriya maqsadlari;

- ushbu Ustavga muvofiq amalga oshiriladigan dasturlar, loyihalar, tadqiqotlar va boshqa tadbirlarni moliyalashtirish;

- turli tadbirlar (tanlovlar, seminarlar, konferensiyalar, uchrashuvlar va h.k.)ni tayyorlash va o'tkazishni ta'minlash;

- ta'limga yo'naltirilgan tadbirlarni o'tkazish, tajriba almashishga zamin yaratish, mamlakat ichida va chet elda malaka oshirish tadbirlarini tashkil etish;

- Assotsiatsiyaning va unga a'zolarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;

- xalqaro aloqalarni rivojlantirish, O'zEOAVMA va uning a'zolarining vakillarini chet el safarlarini tashkil etish;

- Assotsiatsiya Ijroiya direksiyasi va ijodiy xodimlar faoliyatini ta'minlash va rag'batlantirish, jalb etiluvchi mutaxassislar mehnatiga haq to'lash;

- Assotsiatsiya Ustavida ko'rsatilgan vazifalarni hal etish uchun bo'linmalar va korxonalar tuzish;

- yillik Umumiy yig'ilishlar va boshqa yig'ilishlar o'tkazish xarajatlarini hamda Assotsiatsiyaning maqsad va vazifalariga mos keluvchi boshqa xarajatlarni qoplash.

7.6. Assotsiatsiyaning mol-mulkini Assotsiatsiya a'zolari yoki boshqa shaxslar o'rtasida taqsimlanishiga yo'l qo'yilmaydi.

7.7. Assotsiatsiyaning moliyaviy mablag'larini shakllantirish va ularni sarflash tartibini Boshqaruv belgilaydi.

7.8. Assotsiatsiya notijorat tashkiloti hisoblanadi, soliqlar va boshqa majburiy to'lovlarini O'zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiradi.

 

8. HISOB VA HISOBOT

8.1. Assotsiatsiya ish natijalari hisobini olib boradi. Buxgalteriya va statistika hisoblarini yuritadi. Assotsiatsiyada bu hisob va hisobotlar amaldagi qoidalarga muvofiq olib boriladi.

8.2. Assotsiatsiya faoliyatining moliya yili 1 yanvardan 31 dekabrgacha belgilanadi.

8.3. Assotsiatsiya balansi O'zbekiston Respublikasining milliy valyutasida so'mda belgilanadi.

8.4. Hisob-kitob olib borilishi va holati uchun javobgarlik bosh hisobchiga yoki uning vazifasini bajaruvchi mansabdor shaxsga yuklatiladi.

8.5. Assotsiatsiya joylashgan binoda zarur hujjatlar yuritiladi va saqlanadi, shu jumladan:

8.5.1. Assotsiatsiya ta'sis hujjatlari, shuningdek Assotsiatsiyaning ichki munosabatlarini tartibga soluvchi boshqa me'yoriy hujjatlar, ta'sis hujjatlarga kiritilgan va tasdiqlangan o'zgartirish va qo'shimchalar.

8.5.2. Qonunda nazarda tutilgan buxgalterlik hujjatlari.

8.5.3. Assotsiatsiya a'zolarining umumiy yig'ilishi bayonnomalari.

8.5.4. Assotsiatsiya nomidan ishonch qog'oziga ega xodimlarning ro'yxati.

8.5.5. Assotsiatsiyaning hamma xodimlari ro'yxati.

8.5.6. Assotsiatsiya faoliyatining statistik ko'rsatkichlari.

8.5.7. Auditorning va davlat moliya nazorati organining xulosalari.

 

9. FILIALLAR  VA  VAKOLATXONALAR

9.1. Qonun hujjatlariga muvofiq Assotsiatsiya O'zbekiston Respublikasi hududida filial va vakolatxonalar tashkil etishi mumkin. Filial hamda vakolatxonalar yuridik shaxs hisoblanmaydi va O'zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq faoliyat ko'rsatadi.

9.2. Assotsiatsiya Ustaviga uning filiallari va vakolatxonalarini tashkil etish bilan bog'liq o'zgartirishlar kiritilganligi haqida ro'yxatdan o'tkazuvchi organga belgilangan tartibda xabar beriladi.

 

10. ASSOTSIATSIYA  XODIMLARINING MEHNATI  VA IJTIMOIY TA'MINOTI

10.1. Mehnat haqi to'lovi, mehnat va dam olish tartibi, Assotsiatsiya ma'muriyati xodimlarini ijtimoiy ta'minlash, o'qitish hamda sug'urta qilish, xodimlarni yollash O'zbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq, tomonlar o'rtasida tuziladigan mehnat shartnomasi bilan tartibga solinadi.

 

11. USTAVGA O'ZGARTIRISH VA QO'SHIMCHALAR KIRITISH TARTIBI

11.1. Assotsiatsiyaning mazkur Ustaviga kiritiladigan barcha o'zgartirish va qo'shimchalar Assotsiatsiya a'zolarining Umumiy yig'ilishida qabul qilinadi.

11.2. Assotsiatsiyaning mazkur Ustaviga kiritiladigan barcha o'zgartirish va qo'shimchalar yozma ravishda rasmiylashtirilishi hamda O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ro'yxatdan o'tkazilishi lozim.

11.3. Ustav va Ta'sis shartnomasi matnida nomuvofiqlik paydo bo'lgan hollarda Ustav ustuvor hisoblanadi.

 

12. ASSOTSIATSIYANI QAYTA TASHKIL ETISH VA TUGATISH

12.1. Assotsiatsiyani qayta tashkil etish (birlashtirish, qo'shish, bo'lib yuborish, ajratish, qaytadan tuzish) Assotsiatsiya a'zolarining Umumiy yig'ilishining qaroriga binoan amalga oshiriladi.

12.2. Assotsiatsiya qayta tashkil etilgan taqdirda barcha (Boshqaruv, moliyaviy-xo'jalik, shaxsiy tarkib bo'yicha va boshqa) hujjatlar o'rnatilgan qoidalarga muvofiq huquqiy voris tashkilotga topshiriladi. Huquqiy     voris bo'lmagan taqdirda, shuningdek, Assotsiatsiya tugatilganda ilmiy-tarixiy ahamiyatga ega doimiy saqlanuvchi hujjatlar tegishli arxivlarga     davlat saqloviga beriladi. Hujjatlarni topshirish va tartibga keltirish arxiv organlarining talabiga muvofiq tarzda Assotsiatsiya hisobidan amalga oshiriladi. Ishdan bo'shatilgan xodimlarning huquq va manfaatlari O'zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq kafolatlanadi.

12.3. Assotsiatsiyani tugatish Assotsiatsiya a'zolarining Umumiy yig'ilishi yoki sud qaroriga muvofiq yoxud qonun hujjatlarida ko'rsatilgan boshqa asoslarga ko'ra amalga oshirilishi mumkin. Assotsiatsiya Umumiy yig'ilishning qaroriga ko'ra tugatilayotgan bo'lsa, bu haqda qonunda belgilangan muddatda ro'yxatga olgan organni yozma ravishda xabardor qilishi shart.

12.4. Umumiy yig'ilish yoki Assotsiatsiyani tugatish to'g'risida qaror qabul kilgan boshqa organ tugatish komissiyasini tayinlaydi, tugatish tartibi va muddatini belgilaydi.

12.5. Tugatish komissiyasi Assotsiatsiya tugatilishi haqida matbuotda xabar beradi va kreditorlarning talablarini bildirish tartibi va muddatini belgilaydi, bu muddat tugatish haqida e'lon qilingan kundan e'tiboran ikki oydan kam bo'lmasligi lozim.

12.6. Tugatish komissiyasi tuzilgan paytdan boshlab unga Assotsiatsiya ishlarini boshqarish va tugatilayotgan Assotsiatsiya nomidan sudda qatnashish vakolatiga ega.

12.7. Tugatish komissiyasi Assotsiatsiyani tugatish uchun zarur bulgan ishlarni amalga oshirishga haqli.

12.8. Tugatish komissiyasi qarzdorlarni Assotsiatsiya tugatilishi to'g'risida yozma ravishda xabardor qiladi, qarzdorlarni aniqlaydi va debitorlik qarzlari buyicha qarzlarni to'lanish choralarini ko'radi.

12.9. Tugatish komissiyasi qarzdorlar tomonidan da'vo qilish muddati o'tgandan so'ng, oraliq tugatish balansini tuzib chiqadi. Oraliq tugatish balansida Assotsiatsiya mulkining tarkibi to'g'risidagi, qarzdorlarning da'volari ro'yxati va ularning ko'rib chiqish natijalari to'g'risidagi ma'lumotlar ko'rsatib o'tiladi. Oraliq tugatish balansi Umumiy yig'ilish tomonidan yoki Assotsiatsiyani tugatish to'g'risida qaror qabul qilgan organ tomonidan tasdiqlanadi.

12.10. Agarda Assotsiatsiya pul mablag'lari qarzdorlarning da'volarini qoplash uchun yetarli bo'lmasa, tugatish komissiyasi sud karorini ijro etish uchun Assotsiatsiyaga tegishli bo'lgan mulklarni savdoga chiqarib, sotishni amalga oshiradi.

12.11. Qarzdorlarga pul mablag'larini to'lash tugatish komissiyasi tomonidan oraliq tugatish balansi tasdiqlangan kundan boshlab O'zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 56-moddasida ko'rsatilgan tartibda amalga oshiriladi.

12.12. Tugatish komissiyasi karzdorlarga qarzlar to'lanib bo'lingach, tugatish balansini tuzadi. Tugatish balansi umumiy yig'ilish yoki Assotsiatsiyani tugatish to'grisida qaror qabul qilgan organ tomonidan tasdiqlanadi.

12.13. Assotsiatsiya byujdet va xodimlari oldidagi majburiyatlari hamda O'zbekiston Respublikasi qonunlarida ko'rsatilgan boshqa majburiyatlar bo'yicha hisob-kitob qilib bo'lgandan so'ng qolgan mulk O'zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq Assotsiatsiyaning Ustavida belgilangan maqsadlar uchun ishlatiladi va Assotsiatsiya a'zolari yoki boshqa shaxslar o'rtasida taqsimlanishiga yo'l qo'yilmaydi. Assotsiatsiya o'z faoliyatini tugatgach, davlat, jamoat tashkilotlari va boshqa tashkilotlar, shuningdek, Assotsiatsiya a'zolari va shaxslar tomonidan unga vaqtincha foydalanish uchun berilgan mol-mulk oldingi egalariga qaytariladi.

12.14. Assotsiatsiya davlat ro'yxati reyestridan chiqarilgan paytdan boshlab tugatilgan hisoblanadi. Assotsiatsiya tugatilishi bilan ushbu Ustav o'z kuchini yo'qotadi.

12.15. Ushbu Ustavda nazarda tutilmagan holatlar O'zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq hal etiladi.

Ustavning ushbu yangi tahriri 2015 yilning 11 mayida Assotsiatsiya a'zolarining Umumiy yig'ilishida tasdiqlandi va 2003 yil 10 dekabrda Assotsiatsiya a'zolari Konferensiyasida tasdiqlangan Ustavni bekor qiladi.

Mavzuga oid yangiliklar
Tеlеrаdiоuzаtuvchilаr Хаrtiyasi
Tеlеrаdiоuzаtuvchilаr Хаrtiyasi Biz, ko’ngilli tаrzdа O’zbеkistоn Nоdаvlаt Elеktrоn Оmmаviy Ахbоrоt Vоsitаlаri Milliy Аssоtsiаtsiyasini (O’zEОАVMА) tuzgаn O’zbеkistоn nоdаvlаt tеlеrаdiоuzаtuvchilаri: ...
07.12.2012 / 12:14
Kodeks
O’ZBEKISTON ELEKTRON OMMAVIY AXBOROT VOSITALARI PROFESSIONAL JURNALISTINING ODOB-AXLOQ KODEKSI Kirish O’zbekistondagi EOAVning professional jurnalisti - bu avvalo, jamiyat oldida o’zining professional burchini to&rsquo ...
07.12.2012 / 12:14