O'ZBEKISTON ELEKTRON OMMAVIY
AXBOROT VOSITALARI MILLIY
ASSOTSIATSIYASI
Senatorlar "O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida"gi qonunni ma’qulladi // O'zbekistonda yagona muvofiqlashtiruvchi dispetcherlik markazi sinov tariqasida ishga tushirilmoqda // O'zbekistonga xorij sarmoyalari kirishiga xalal berayotgan 5ta asosiy to'siq haqida ma`lum qilindi // Samvel Babayan Tailand va Eronga qarshi o‘yinlarga jalb etilgan futbolchilarni e’lon qildi // MAK Nyu-Yorkka Dreamliner'da to'g'ridan-to'g'ri reyslarni joriy etmoqda // O'zbekiston Respublikasi va Xitoy o'rtasidagi strategik hamkorlik yanada kengaytiriladi // O`zbekistonlik kinoijodkorlar Kann kinofestivalida qatnashmoqda // Dzyudo bo‘yicha Osiyo va Okeaniya chempionatida O‘zbekiston paralimpiyachilari 1-o‘rinni egallashdi // Keyingi “Barkamol avlod” o’yinlari Qashqadaryo viloyatida bo’lib o’tadi
Журнал
Почтага кириш
 

XALQDAN SAVOL 29 05 2017 1
XALQDAN SAVOL 29 05 2017 1
O'zbekiston online 29 05 2017 07 00
O'zbekiston online 29 05 2017 07 00
O'zbekiston-online ITOGI  (UZB) 08.02.2017
O'zbekiston-online ITOGI (UZB) 08.02.2017
MUHOKAMA UCHUN HUJJATLAR
O'ZBEKISTON RESPUBLIKASINING SOLIQ KODEKSI

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASINING SOLIQ KODEKSI
(O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to'plami, 2007 y., 52 (I)-son; 2008 y., 52-son, 512-modda; 2009 y., 37-son, 403-modda, 404-modda, 52-son, 555-modda, 556-modda; 2010 y., 20-son, 149-modda, 35-36-son, 300-modda, 37-son, 313-modda, 314-modda, 315-modda, 40-41-son, 343-modda, 51-son, 485-modda; 2011 y., 1-2-son, 1-modda, 37-son, 374-modda, 52-son, 555-modda, 556-modda; 2012 y., 15-son, 164-modda, 37-son, 421-modda)
UMUMIY QISM
I BO'LIM. UMUMIY QOIDALAR
1-bob. Asosiy qoidalar
1-modda. O'zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi bilan tartibga solinadigan munosabatlar
Ushbu Kodeks soliqlar va boshqa majburiy to'lovlarni belgilash, joriy etish, hisoblab chiqarish hamda O'zbekiston Respublikasining Davlat byudjetiga (bundan buyon matnda byudjet deb yuritiladi) va davlat maqsadli jamg'armalariga to'lash bilan bog'liq munosabatlarni, shuningdek soliq majburiyatlarini bajarish bilan bog'liq munosabatlarni tartibga soladi.
2-modda. Soliq to'g'risidagi qonun hujjatlari
Soliq to'g'risidagi qonun hujjatlari ushbu Kodeksdan va boshqa qonun hujjatlaridan iborat.
Soliqlar va boshqa majburiy to'lovlar ushbu Kodeks bilan belgilanadi, o'zgartiriladi yoki bekor qilinadi.
Soliq solish masalalariga daxldor normativ-huquqiy hujjatlar ushbu Kodeks qoidalariga muvofiq bo'lishi kerak. Normativ-huquqiy hujjatlar ushbu Kodeksning qoidalariga muvofiq bo'lmagan taqdirda, ushbu Kodeks qoidalari qo'llaniladi.
Soliq solish masalalariga daxldor normativ-huquqiy hujjat quyidagi hollarda ushbu Kodeksga muvofiq emas deb topiladi, agar hujjat:
1) ushbu Kodeksga muvofiq bunday hujjatni qabul qilish huquqiga ega bo'lmagan organ tomonidan qabul qilingan bo'lsa yoki normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishning belgilangan tartibi buzilgan holda qabul qilingan bo'lsa;
2) soliq munosabatlari sub'ektlarining huquqlarini bekor qilsa yoki cheklasa, soliq munosabatlari sub'ektlarining ushbu Kodeksda belgilangan majburiyatlarining mazmunini, ular harakatlarining asoslari, shartlari, ketma-ketligi yoki tartibini o'zgartirsa;
3) ushbu Kodeks bilan taqiqlangan harakatlarga ruxsat bersa yoki yo'l qo'ysa;
4) ushbu Kodeksda belgilangan tushunchalar mazmunini o'zgartirgan yoki bu tushunchalar ushbu Kodeksda qo'llanilganidan boshqacha ma'noda qo'llanilgan bo'lsa.
Ushbu moddaning to'rtinchi qismida nazarda tutilgan holatlardan loaqal bittasi mavjud bo'lgan taqdirda, soliq solish masalalariga daxldor normativ-huquqiy hujjatlar ushbu Kodeksga muvofiq emas deb topiladi.
Ushbu Kodeksga muvofiq bo'lmagan normativ-huquqiy hujjatni qabul qilgan organ yoki uning yuqori turuvchi organlari mazkur hujjatni bekor qilishga yoki unga zarur o'zgartishlar kiritishga haqli. Bu organlar ushbu Kodeksga muvofiq bo'lmagan normativ-huquqiy hujjatni bekor qilishni yoki unga zarur o'zgartishlar kiritishni rad etgan taqdirda, bu hujjat sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
3-modda. Soliq to'g'risidagi qonun hujjatlarining vaqt bo'yicha amal qilishi
Soliq solish soliq majburiyatlari yuzaga kelgan paytda amalda bo'lgan qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Agar ushbu moddada boshqacha qoida nazarda tutilgan bo'lmasa, soliq to'g'risidagi qonun hujjatlari orqaga qaytish kuchiga ega emas va ular amalga kiritilganidan keyin yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan qo'llaniladi.
Soliq to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlikni bekor qiladigan yoki yengillashtiradigan soliq to'g'risidagi qonun hujjatlari orqaga qaytish kuchiga ega.
Soliqlar va boshqa majburiy to'lovlarni bekor qilish, soliqlar va boshqa majburiy to'lovlar stavkalarini kamaytirish, soliq to'lovchilarning majburiyatlarini bekor qilishni yoki ularning ahvolini boshqacha tarzda yengillashtirishni nazarda tutuvchi soliq to'g'risidagi qonun hujjatlari orqaga qaytish kuchiga ega bo'lishi mumkin, agar bu soliq to'g'risidagi qonun hujjatlarida to'g'ridan-to'g'ri nazarda tutilgan bo'lsa, ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Yangi soliqlar va boshqa majburiy to'lovlar belgilanishini, imtiyozlar to'liq yoki qisman bekor qilinishini, soliq solinadigan baza oshirilishini nazarda tutuvchi soliq to'g'risidagi qonun hujjatlari ular rasmiy e'lon qilingan paytdan e'tiboran kamida uch oy o'tgach, amalga kiritiladi.
Soliqlar va boshqa majburiy to'lovlarning stavkalari o'zgartirilishini nazarda tutuvchi soliq to'g'risidagi qonun hujjatlari, agar ularda kechroq muddat ko'rsatilmagan bo'lsa, ular rasmiy e'lon qilingan oydan keyingi oyning birinchi kunidan e'tiboran amalga kiritiladi.
(3-moddaning oltinchi qismi O'zbekiston Respublikasining 2009 yil 30 dekabrdagi O'RQ-241-sonli Qonuni tahririda — O'R QG'T, 2009 y., 52-son, 556-modda)
Ushbu moddaning beshinchi va oltinchi qismlarida ko'rsatilmagan soliq to'g'risidagi qonun hujjatlari, agar ularda kechroq muddat ko'rsatilmagan bo'lsa, ular rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran o'n kun o'tgach, kuchga kiradi.
4-modda. Soliq to'g'risidagi qonun hujjatlari va xalqaro shartnomalar
Agar O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O'zbekiston Respublikasining soliq to'g'risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo'lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo'llaniladi.
5-modda. Soliq to'g'risidagi qonun hujjatlarining prinsiplari
Soliq to'g'risidagi qonun hujjatlari soliq solishning majburiyligi, aniqligi, adolatliligi, soliq tizimining yagonaligi, soliq to'g'risidagi qonun hujjatlarining oshkoraligi va soliq to'lovchining haqligi prezumpsiyasi prinsiplariga asoslanadi.
Soliq to'g'risidagi qonun hujjatlarining qoidalari ushbu Kodeksda belgilangan prinsiplarga zid bo'lishi mumkin emas.
6-modda. Soliq solishning majburiyligi prinsipi
G'ar bir shaxs ushbu Kodeksda belgilangan soliqlar va boshqa majburiy to'lovlarni to'lashi shart.
G'ech kimning zimmasiga ushbu Kodeksda nazarda tutilmagan yoki uning normalari buzilgan holda belgilangan soliqlar va boshqa majburiy to'lovlarni to'lash majburiyati yuklatilishi mumkin emas.
7-modda. Soliq solishning aniqligi prinsipi
Soliqlar va boshqa majburiy to'lovlar aniq bo'lishi kerak. Soliq to'g'risidagi qonun hujjatlari har bir soliq to'lovchi qaysi soliqlar va boshqa majburiy to'lovlarni, qachon, qancha miqdorda hamda qay tartibda to'lashi kerakligini aniq biladigan tarzda ifodalangan bo'lishi kerak.
Soliqlar va boshqa majburiy to'lovlarni belgilashda, agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo'lsa, soliq to'lovchilar, shuningdek soliqlar va boshqa majburiy to'lovlarning elementlari aniqlangan bo'lishi kerak.
8-modda. Soliq solishning adolatliligi prinsipi
Soliq solish umumiydir.
Soliqlar va boshqa majburiy to'lovlar bo'yicha imtiyozlarni belgilash ijtimoiy adolat prinsiplariga mos bo'lishi kerak. Soliqlar va boshqa majburiy to'lovlar bo'yicha yakka tartibdagi xususiyatga ega bo'lgan imtiyozlar berilishiga yo'l qo'yilmaydi.
Soliqlar va boshqa majburiy to'lovlar kamsitish xususiyatiga ega bo'lishi mumkin emas hamda ijtimoiy, irqiy, milliy, diniy va boshqa shu kabi mezonlardan kelib chiqqan holda qo'llanilishi mumkin emas.
9-modda. Soliq tizimining yagonaligi prinsipi
Soliq tizimi O'zbekiston Respublikasining butun hududida barcha soliq to'lovchilarga nisbatan yagonadir.
O'zbekiston Respublikasining bojxona hududi doirasida tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) yoki moliyaviy mablag'larning erkin muomalada bo'lishini bevosita yoki bilvosita cheklab qo'yadigan soliqlar va boshqa majburiy to'lovlar belgilanishiga yo'l qo'yilmaydi.
10-modda. Soliq to'g'risidagi qonun hujjatlarining oshkoraligi prinsipi
Soliq solish masalalarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar rasmiy nashrlarda e'lon qilinishi shart. Barchaning e'tibori uchun rasmiy e'lon qilinmagan normativ-huquqiy hujjatlar kuchga kiritilmagan hujjat sifatida huquqiy oqibatlarni keltirib chiqarmaydi va soliq sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga, ulardagi ko'rsatmalar bajarilmaganligi uchun biron bir sanksiyani qo'llashga asos bo'lib xizmat qilishi mumkin emas.
11-modda. Soliq to'lovchining haqligi prezumpsiyasi prinsipi
Soliq to'g'risidagi qonun hujjatlaridagi bartaraf etib bo'lmaydigan barcha qarama-qarshiliklar va noaniqliklar soliq to'lovchining foydasiga talqin qilinadi.
2-bob. Ushbu Kodeksda qo'llaniladigan asosiy tushunchalar
12-modda. Soliqlar va boshqa majburiy to'lovlar
Soliqlar deganda ushbu Kodeksda belgilangan, muayyan miqdorlarda undiriladigan, muntazam, qaytarib berilmaydigan va beg'araz xususiyatga ega bo'lgan, byudjetga yo'naltiriladigan majburiy pul to'lovlari tushuniladi.
Boshqa majburiy to'lovlar deganda ushbu Kodeksda belgilangan davlat maqsadli jamg'armalariga majburiy pul to'lovlari, bojxona to'lovlari, shuningdek vakolatli organlar hamda mansabdor shaxslar tomonidan yuridik ahamiyatga molik harakatlarni to'lovchilarga nisbatan amalga oshirish uchun, shu jumladan muayyan huquqlarni yoki litsenziyalar va boshqa ruxsat beruvchi hujjatlarni berish uchun to'lanishi lozim bo'lgan yig'imlar, davlat boji tushuniladi.
13-modda. Soliq to'lovchilar. Soliq agentlari. Soliq to'lovchining vakillari
Soliq to'lovchilar ushbu Kodeksga muvofiq zimmasiga soliqlar va boshqa majburiy to'lovlarni to'lash majburiyati yuklatilgan jismoniy shaxslar, yuridik shaxslar va ularning alohida bo'linmalaridir.
Soliq agentlari ushbu Kodeksga muvofiq zimmasiga soliqlar va boshqa majburiy to'lovlarni hisoblab chiqarish, soliq to'lovchidan ushlab qolish hamda byudjetga va davlat maqsadli jamg'armalariga o'tkazish majburiyati yuklatilgan shaxslardir.
Soliq to'lovchining vakillari qonunga yoki ta'sis hujjatiga muvofiq soliq to'lovchining vakili bo'lishga vakolatli shaxslardir.
Ushbu Kodeksda «soliq to'lovchi» tushunchasining qo'llanilishi uning «soliq agenti», «soliq to'lovchining vakili» ma'nosida ham ishlatilishini nazarda tutadi.
14-modda. Vakolatli organlar
Vakolatli organlar quyidagilardir:
1) davlat soliq xizmati organlari — O'zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo'mitasi, Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmalari, shuningdek tumanlar, shaharlar va shahardagi tumanlar davlat soliq inspeksiyalari;
2) bojxona organlari — O'zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo'mitasi, Davlat bojxona qo'mitasining Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri bo'yicha boshqarmalari, bojxona komplekslari va bojxona postlari;
3) moliya organlari — O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Qoraqalpog'iston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining moliya boshqarmalari, tuman va shahar hokimliklarining moliya bo'limlari;
4) boshqa majburiy to'lovlarni undirish vazifasini amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlari.
15-modda. Soliq munosabatlarining sub'ektlari
Soliq to'lovchilar va vakolatli organlar soliq munosabatlarining sub'ektlaridir.
16-modda. Yuridik va jismoniy shaxslar
Yuridik shaxs deb quyidagilar e'tirof etiladi:
O'zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq tashkil etilgan, o'z mulkida, xo'jalik yuritishida yoki operativ boshqaruvida alohida mol-mulkka ega bo'lgan hamda o'z majburiyatlari yuzasidan ushbu mol-mulk bilan javob beradigan, mustaqil balansiga yoki smetasiga ega bo'lgan, o'z nomidan mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarga ega bo'la oladigan hamda ularni amalga oshira oladigan, majburiyatlarni bajara oladigan, sudda da'vogar va javobgar bo'la oladigan tashkilot;
chet davlatning qonun hujjatlariga muvofiq tashkil etilgan chet el tashkiloti;
(16-moddaning birinchi qismi uchinchi xatboshisi O'zbekiston Respublikasining 2009 yil 30 dekabrdagi O'RQ-241-sonli Qonuni tahririda — O'R QG'T, 2009 y., 52-son, 556-modda)
O'zbekiston Respublikasining, chet davlatning qonun hujjatlariga yoki xalqaro shartnomaga muvofiq tashkil etilgan xalqaro tashkilot.
(16-moddaning birinchi qismi O'zbekiston Respublikasining 2009 yil 30 dekabrdagi O'RQ-241-sonli Qonuniga asosan to'rtinchi xatboshi bilan to'ldirilgan — O'R QG'T, 2009 y., 52-son, 556-modda)
O'zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet davlatlar fuqarolari, shuningdek fuqaroligi bo'lmagan shaxslar jismoniy shaxslar deb e'tirof etiladi.
17-modda. Notijorat tashkilotlari
Notijorat tashkilotlari deganda foyda olishni faoliyatining asosiy maqsadi qilib olmagan va olingan daromadlarni o'z qatnashchilari (a'zolari) o'rtasida taqsimlamaydigan yuridik shaxslar tushuniladi.
Notijorat tashkilotlariga byudjet tashkilotlari, shu jumladan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, shu jumladan O'zbekiston Respublikasida davlat ro'yxatidan o'tgan xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlari, shuningdek fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari va qonun hujjatlariga muvofiq boshqa tashkilotlar kiradi.
(17-modda ikkinchi qismi O'zbekiston Respublikasining 2008 yil 29 dekabrdagi O'RQ-196-sonli Qonuni tahririda — O'R QG'T, 2008 y., 52-son, 512-modda)
18-modda. Yakka tartibdagi tadbirkor
Yakka tartibdagi tadbirkor tadbirkorlik faoliyatini yuridik shaxs tashkil etmagan holda, mustaqil ravishda, xodimlarni yollash huquqisiz, o'ziga mulk huquqi asosida tegishli bo'lgan mol-mulk negizida, shuningdek mol-mulkka egalik qilish va (yoki) undan foydalanishga yo'l qo'yadigan o'zga ashyoviy huquq asosida amalga oshiruvchi jismoniy shaxsdir.
19-modda. Rezidentlar va norezidentlar
O'zbekiston Respublikasining rezidenti deb quyidagilar e'tirof etiladi:
O'zbekiston Respublikasida davlat ro'yxatidan o'tgan yuridik shaxs;
O'zbekiston Respublikasida doimiy yashab turgan yoki joriy soliq davrida yakunlanayotgan har qanday ketma-ketlikdagi o'n ikki oylik davr ichida jami bir yuz sakson uch kun va undan ortiq muddat O'zbekiston Respublikasida turgan jismoniy shaxs.
Chet davlat fuqarosi yoki fuqaroligi bo'lmagan shaxsning quyidagilar sifatida turgan davri uning O'zbekiston Respublikasi hududida haqiqatda turgan vaqtiga kiritilmaydi:
1) diplomatik yoki konsullik maqomiga ega bo'lgan shaxs sifatida;
2) O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasiga ko'ra tuzilgan xalqaro tashkilotning xodimi sifatida;
3) ushbu qismning 1-bandida ko'rsatilgan shaxslarning oila a'zosi sifatida, bunday jismoniy shaxs tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirmagan taqdirda;
4) faqat bir chet davlatdan boshqa chet davlatga O'zbekiston Respublikasi hududi orqali o'tish (tranzit o'tish) uchun;
5) agar bu jismoniy shaxs O'zbekiston Respublikasida faqat turist sifatida, davolanish yoki dam olish maqsadlari bilan turgan bo'lsa.
Ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan mezonlarga javob bermaydigan shaxs O'zbekiston Respublikasining norezidenti deb e'tirof etiladi.
20-modda. Doimiy muassasa
Norezidentning O'zbekiston Respublikasidagi doimiy muassasasi deganda norezident O'zbekiston Respublikasi hududida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan, shu jumladan faoliyatni vakolatli shaxs orqali amalga oshirayotgan har qanday joy e'tirof etiladi. Norezidentning O'zbekiston Respublikasidagi doimiy muassasasi deganda O'zbekiston Respublikasi hududida har qanday ketma-ketlikdagi o'n ikki oylik davr ichida bir yuz sakson uch kalendar kunidan ortiq davom etadigan tadbirkorlik faoliyatining amalga oshirilishi ham e'tirof etiladi.
(20-moddaning birinchi qismi O'zbekiston Respublikasining 2009 yil 30 dekabrdagi O'RQ-241-sonli Qonuni tahririda — O'R QG'T, 2009 y., 52-son, 556-modda)
«Doimiy muassasa» tushunchasi faqat soliq sohasidagi maqomni aniqlash uchun qo'llaniladi va tashkiliy-huquqiy ahamiyatga ega emas.
«Doimiy muassasa» tushunchasi quyidagilarni o'z ichiga oladi:
1) tovarlarni ishlab chiqarish, qayta ishlash, butlash, qadoqlash, o'rash-joylash, realizatsiya qilish bilan bog'liq faoliyat amalga oshiriladigan har qanday joyni;
2) har qanday boshqaruv joyi, vakolatxona, filial, bo'lim, byuro, idora, ofis, xona, agentlik, fabrika, ustaxona, sex, laboratoriya, do'kon, omborni;
3) tabiiy resurslarni qazib olish bilan bog'liq faoliyat amalga oshiriladigan har qanday joyni: shaxta, kon, neft va (yoki) gaz qudug'ini, karerni;
4) quvur, gaz quvuri, tabiiy resurslarni qidirish va (yoki) ishlatish, asbob-uskunalarni o'rnatish, montaj qilish, yig'ish, sozlash, ishga tushirish va (yoki) ularga xizmat ko'rsatish bilan bog'liq faoliyat (shu jumladan nazorat yoki kuzatuv faoliyati) amalga oshiriladigan har qanday joyni;
5) o'yin avtomatlari (shu jumladan pristavkalar), kompyuter tarmoqlari va aloqa kanallari, attraksionlar, transport yoki boshqa infratuzilmadan foydalanish bilan bog'liq faoliyat amalga oshiriladigan har qanday joyni;
6) qurilish maydonini (qurilish, montaj qilish yoki yig'ish ob'ektini), shuningdek ushbu ob'ektlarda ishlarning bajarilishini kuzatib borish bilan bog'liq xizmatlarni. G'ar bir qurilish maydoni ishlar boshlangan kundan e'tiboran alohida doimiy muassasani tashkil etuvchi sifatida qaraladi. Agar yordamchi pudratchilar O'zbekiston Respublikasining boshqa norezidentlari bo'lsa, ularning faoliyati ham shu qurilish maydonida ishlar boshlangan kundan e'tiboran yordamchi pudratchilarning alohida doimiy muassasasi sifatida qaraladi;
7) O'zbekiston Respublikasining norezidenti bilan shartnoma munosabatlari asosida O'zbekiston Respublikasida uning manfaatlarini ifoda etuvchi, shu jumladan O'zbekiston Respublikasi hududida O'zbekiston Respublikasining ushbu norezidenti nomidan faoliyat ko'rsatuvchi, O'zbekiston Respublikasining shu norezidenti nomidan kontraktlar tuzish vakolatiga ega bo'lgan va undan muntazam foydalanuvchi shaxs orqali faoliyatni amalga oshirishni;
8) O'zbekiston Respublikasi hududida joylashgan va O'zbekiston Respublikasining norezidentiga tegishli bo'lgan, u tomonidan ijaraga olinayotgan yoki boshqacha tarzda foydalanilayotgan omborlardan (shu jumladan bojxona omborlaridan) tovarlarni realizatsiya qilishni;
9) boshqa ishlarni amalga oshirishni, o'zga xizmatlar ko'rsatishni, boshqa faoliyatni olib borishni, ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan faoliyat bundan mustasno.
Yo'llar qurilishi yoki foydali qazilmalarni qidirish kabi muayyan hollarda, ya'ni faoliyat olib boriladigan joy muntazam o'zgarib turadigan hollarda, doimiy joyni belgilashning boshqa mezonlaridan foydalaniladi. Bunday hollarda butun loyiha uning ko'chma xususiyatidan qat'i nazar, doimiy muassasa sifatida qaraladi.
«Doimiy muassasa» tushunchasi quyidagilarni o'z ichiga olmaydi:
1) tayyorgarlik va yordamchi xususiyatga ega bo'lgan faoliyatni amalga oshirishni, ular jumlasiga, xususan, quyidagilar kiradi:
O'zbekiston Respublikasining norezidentiga tegishli tovarlarni realizatsiya qilish boshlanguniga qadar binolardan faqat mazkur tovarlarni saqlash, namoyish etish va (yoki) yetkazib berish maqsadlarida foydalanish;
O'zbekiston Respublikasining norezidentiga tegishli tovarlar zaxiralarini tovarlar realizatsiya qilinguniga qadar mazkur zaxiralarni faqat saqlash, namoyish etish va (yoki) yetkazib berish maqsadida saqlab turish;
doimiy faoliyat joyini faqat O'zbekiston Respublikasining norezidenti tomonidan tovarlarni xarid qilish maqsadlari uchun saqlab turish;
doimiy faoliyat joyini faqat axborot to'plash, ularga ishlov berish va (yoki) tarqatish (sotish huquqisiz), O'zbekiston Respublikasi norezidentining tovarlari (ishlari, xizmatlari) marketingini olib borish, ularni reklama qilish yoki ularning bozorini o'rganish uchun, agar bunday faoliyat norezidentning asosiy faoliyati bo'lmasa, saqlab turish;
doimiy faoliyat joyini faqat ushbu bandda sanab o'tilgan faoliyat turlarining har qanday kombinatsiyasini amalga oshirish uchun, bunday kombinatsiya natijasida vujudga kelgan faoliyat majmui tayyorgarlik yoki yordamchi xususiyatga ega bo'lishi sharti bilan saqlab turish;
2) mustaqil vositachi: broker, vositachi, ishonchli vakil, qimmatli qog'ozlar bozorining professional ishtirokchisi yoki vositachilik, topshiriq shartnomasi yoki shunga o'xshash boshqa shartnoma asosida faoliyat ko'rsatuvchi va O'zbekiston Respublikasining norezidenti nomidan kontraktlarga imzo qo'yish vakolati berilmagan har qanday boshqa shaxs orqali faoliyatni amalga oshirishni. Mustaqil vositachi deganda o'zining odatiy (asosiy) faoliyati doirasida ish olib boradigan hamda O'zbekiston Respublikasining norezidentidan yuridik va iqtisodiy jihatdan mustaqil bo'lgan shaxs tushuniladi;
(20-modda beshinchi qismining 2-bandi O'zbekiston Respublikasining 2009 yil 30 dekabrdagi O'RQ-241-sonli Qonuni tahririda — O'R QG'T, 2009 y., 52-son, 556-modda)
3) tovarlarni O'zbekiston Respublikasiga olib kirish yoki O'zbekiston Respublikasidan olib chiqish operatsiyalarini, shu jumladan faqat O'zbekiston Respublikasining norezidenti nomidan tuziladigan va O'zbekiston Respublikasida tovarlarni xarid qilish, shuningdek tovarlarni O'zbekiston Respublikasiga eksport qilish bo'yicha operatsiyalar bilan bog'liq tashqi savdo kontraktlari doirasida operatsiyalarni amalga oshirishni;
4) O'zbekiston Respublikasi norezidenti tomonidan qimmatli qog'ozlarga, yuridik shaxslar — O'zbekiston Respublikasi rezidentlari ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarga, shuningdek O'zbekiston Respublikasi hududidagi boshqa mol-mulkka egalik qilishni. Agar O'zbekiston Respublikasining norezidenti bunday yuridik shaxs zimmasiga vakillik vazifalarini ham yuklasa, ushbu qismning 1-bandiga muvofiq tayyorgarlik yoki yordamchi xususiyatga ega bo'lgan vazifalar bundan mustasno, bunday yuridik shaxs mustaqil soliq to'lovchi bo'lishi bilan birga bir vaqtning o'zida O'zbekiston Respublikasi norezidentining doimiy muassasasi sifatida ham qaraladi;
5) ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan doimiy muassasaning belgilari mavjud bo'lmagan taqdirda, O'zbekiston Respublikasi norezidenti tomonidan O'zbekiston Respublikasi hududida ishlash uchun yuridik shaxs — O'zbekiston Respublikasining rezidentiga yoki O'zbekiston Respublikasida doimiy muassasa orqali faoliyatini amalga oshiruvchi O'zbekiston Respublikasining boshqa norezidentiga xodimlar ajratishni, agar bunday xodimlar faqat ular o'zlari yuborilgan tashkilot nomidan va uning manfaatlarini ko'zlab ish ko'rsalar.
Ishlarni bajarish, xizmatlar ko'rsatish boshlangan kunni qat'iy belgilash mumkin bo'lsa, doimiy muassasa shu kunda tashkil etilgan deb hisoblanadi. Agar bunday kunni qat'iy belgilash mumkin bo'lmasa, quyida keltirilayotgan kunlardan biri doimiy muassasa tashkil etilgan kun deb hisoblanadi:
ishlar bajarish, xizmatlar ko'rsatish boshlanadigan, kontraktda ko'rsatilgan kun;
agar litsenziya muayyan kontrakt bo'yicha biron bir ishni bajarish yoki xizmatlar ko'rsatish maqsadida olingan bo'lsa, litsenziyaning amal qilishi boshlanadigan kun.
Ushbu modda oltinchi qismining ikkinchi va uchinchi xatboshilarida ko'rsatilgan harakatlardan eng oldingisi sodir etilganda, doimiy muassasa tashkil etilgan deb hisoblanadi.
Qurilish maydoni (qurilish, montaj qilish yoki yig'ish ob'ekti) pudratchiga maydonni topshirish to'g'risidagi dalolatnoma imzolangan paytdan e'tiboran O'zbekiston Respublikasi norezidentining doimiy muassasasini tashkil etadi.
Doimiy muassasa shu muassasa orqali olib borilayotgan faoliyat tugatilgan paytdan e'tiboran tugatilgan hisoblanadi. Agar mazkur paytni qat'iy aniqlab bo'lmasa, quyida keltirilayotgan kunlarning eng keyingisi doimiy muassasaning faoliyati tugatilgan kun deb hisoblanadi:
bajarilgan ishlar, ko'rsatilgan xizmatlar dalolatnomasi imzolangan kun;
O'zbekiston Respublikasi norezidentining doimiy muassasasi tomonidan bajarilgan ishlar, ko'rsatilgan xizmatlarga haq to'lash uchun oxirgi hisobvaraq berilgan kun;
yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig'ining yakuniy hisob-kitobi O'zbekiston Respublikasi davlat soliq xizmati organlariga amalda taqdim etilgan kun.
21-modda. Moliyaviy ijara
Moliyaviy ijara mol-mulkni (moliyaviy ijara ob'ektini) egalik qilish va foydalanishga o'n ikki oydan ortiq muddatga shartnoma bo'yicha topshirishda vujudga keladigan ijara munosabatlaridir. Bunda moliyaviy ijara shartnomasi quyidagi talablardan biriga javob berishi kerak:
(21-moddaning birinchi xatboshi O'zbekiston Respublikasining 2008 yil 29 dekabrdagi O'RQ-196-sonli Qonuni tahririda — O'R QG'T, 2008 y., 52-son, 512-modda)
moliyaviy ijara shartnomasining muddati tugagach, moliyaviy ijara ob'ekti ijara oluvchining mulkiga o'tsa;
moliyaviy ijara shartnomasining muddati moliyaviy ijara ob'ekti xizmat muddatining 80 foizidan ortiq bo'lsa yoki moliyaviy ijara ob'ektining moliyaviy ijara shartnomasi tugaganidan keyingi qoldiq qiymati uning boshlang'ich qiymatining 20 foizidan kam bo'lsa;
moliyaviy ijara shartnomasining muddati tugagach, ijaraga oluvchi moliyaviy ijara ob'ektini shu huquqni amalga oshirish sanasidagi bozor qiymatidan past narx bo'yicha sotib olish huquqiga ega bo'lsa;
moliyaviy ijara shartnomasining amal qilishi davrida ijara to'lovlarining joriy diskontlangan qiymati moliyaviy ijara ob'ektining moliyaviy ijaraga topshirish paytidagi joriy qiymatining 90 foizidan oshib ketsa. Joriy diskontlangan qiymat buxgalteriya hisobi to'g'risidagi qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
(21-moddaning beshinchi xatboshisi O'zbekiston Respublikasining 2009 yil 30 dekabrdagi O'RQ-241-sonli Qonuni tahririda — O'R QG'T, 2009 y., 52-son, 556-modda)
22-modda. Ushbu Kodeksda qo'llaniladigan boshqa tushunchalar
Ushbu Kodeksda qo'llaniladigan boshqa tushunchalar:
asosiy ish joyi — ish beruvchi mehnat to'g'risidagi qonun hujjatlariga muvofiq xodimning mehnat daftarchasini yuritishi shart bo'lgan ish joyi;
asosiy faoliyat turi — yuridik shaxsning hisobot davri yakunlari bo'yicha umumiy realizatsiya qilish hajmidagi tushum ulushi ustunlik qiladigan faoliyati;
(22-moddaning uchinchi xatboshisi O'zbekiston Respublikasining 2009 yil 30 dekabrdagi O'RQ-241-sonli Qonuni tahririda — O'R QG'T, 2009 y., 52-son, 556-modda)
birgalikda ishlab chiqarilgan mahsulot — birgalikdagi faoliyat natijasi bo'lgan tovarlar (ishlar, xizmatlar);
(22-modda O'zbekiston Respublikasining 2008 yil 29 dekabrdagi O'RQ-196-sonli Qonuni asosida to'rtinchi xatboshi bilan to'ldirilgan — O'R QG'T, 2008 y., 52-son, 512-modda)
byudjetdan ajratiladigan subsidiya — davlat tomonidan muayyan maqsadlar uchun byudjet hisobidan beriladigan pul mablag'lari; soliq to'lovchiga muayyan maqsadlarga yo'naltirish sharti bilan soliqlar va boshqa majburiy to'lovlar bo'yicha berilgan imtiyozlar hisobiga bo'shaydigan mablag'lar;
(22-moddaning beshinchi xatboshisi O'zbekiston Respublikasining 2009 yil 30 dekabrdagi O'RQ-241-sonli Qonuni tahririda — O'R QG'T, 2009 y., 52-son, 556-modda)
grant — davlatlar, davlatlarning hukumatlari, xalqaro va chet el hukumatga qarashli tashkilotlar tomonidan, shuningdek O'zbekiston Respublikasi G'ukumati belgilaydigan ro'yxatga kiritilgan xalqaro va chet el nohukumat tashkilotlari tomonidan O'zbekiston Respublikasiga, O'zbekiston Respublikasi G'ukumatiga, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlariga, yuridik va jismoniy shaxslarga beg'araz asosda beriladigan mol-mulk, shuningdek chet el fuqarolari va fuqaroligi bo'lmagan shaxslar tomonidan O'zbekiston Respublikasiga hamda O'zbekiston Respublikasi G'ukumatiga beg'araz asosda beriladigan mol-mulk;
dividendlar — aksiyalar bo'yicha to'lanishi lozim bo'lgan daromad; yuridik shaxs tomonidan uning muassislari o'rtasida (ishtirokchilari, a'zolari o'rtasida ularning ulushlari, paylari, hissalari bo'yicha) taqsimlanadigan sof foydaning va (yoki) o'tgan yillardagi taqsimlanmagan foydaning bir qismi; yuridik shaxs tugatilganda mol-mulkni taqsimlashdan olingan, shuningdek muassis (ishtirokchi, a'zo) tomonidan yuridik shaxsda ishtirok etish ulushini (payini, hissasini) olgandagi daromadlar, bundan muassis (ishtirokchi, a'zo) ustav fondiga (ustav kapitaliga) hissa sifatida kiritgan mol-mulkning qiymati chegiriladi, taqsimlanmagan foyda ustav fondini (ustav kapitalini) ko'paytirish uchun yo'naltirilgan taqdirda, yuridik shaxs aksiyadorining, muassisining (ishtirokchisining, a'zosining) qo'shimcha aksiyalar qiymati, aksiyalar nominal qiymatining oshishi, ulush (pay, hissa) qiymatining oshishi tarzida olingan daromadlari;
(22-moddaning yettinchi xatboshisi O'zbekiston Respublikasining 2009 yil 30 dekabrdagi O'RQ-241-sonli Qonuni tahririda — O'R QG'T, 2009 y., 52-son, 556-modda)
ijara (lizing) to'lovi — ijarachi (lizing oluvchi) tuzilgan ijara (lizing) shartnomasi asosida ijaraga beruvchiga (lizing beruvchiga) to'laydigan summa;
ijaraga beruvchining (lizing beruvchining) foizli daromadi — buxgalteriya hisobi to'g'risidagi qonun hujjatlariga muvofiq aniqlanadigan ijara (lizing) to'lovi summasi bilan ijara (lizing) ob'ektining qiymatini qoplash summasi o'rtasidagi farq ko'rinishidagi ijara (lizing) to'lovining bir qismi;
insonparvarlik yordami — aholining ijtimoiy jihatdan nochor guruhlariga tibbiy va ijtimoiy yordam ko'rsatish, ijtimoiy soha muassasalarini qo'llab-quvvatlash, tabiiy ofatlar, falokatlar va halokatlar, epidemiyalar, epizootiyalar va boshqa favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda ularni bartaraf etish uchun aniq maqsadli beg'araz ko'maklashish. Insonparvarlik yordami dori vositalari va tibbiy ahamiyatga molik buyumlar, xalq iste'moli tovarlari, boshqa tovarlar, shu jumladan asbob-uskunalar, transport va texnika, shuningdek ixtiyoriy ravishdagi xayr-ehsonlar, bajarilgan ishlar va xizmatlar, shu jumladan insonparvarlik yordami yuklarini tashish, kuzatib borish va saqlash tariqasida beriladi hamda O'zbekiston Respublikasi G'ukumati tomonidan vakolatli tashkilotlar orqali taqsimlanadi;
ishlarni (xizmatlarni) eksport qilish — ishlarni bajarish (xizmatlar ko'rsatish) joyidan qat'i nazar, O'zbekiston Respublikasining yuridik yoki jismoniy shaxsi tomonidan chet davlatning yuridik yoki jismoniy shaxsi uchun ishlarni bajarish, xizmatlar ko'rsatish;
kredit tashkilotlari — tegishli litsenziyaga ega bo'lgan banklar, kredit uyushmalari, mikrokredit tashkilotlari, lombardlar va boshqa kredit tashkilotlari;
kurs bo'yicha farq — milliy valyutaga nisbatan chet el valyutasi kursining o'zgarishi munosabati bilan chet el valyutasida amalga oshirilgan operatsiyalarda vujudga keladigan (ijobiy, salbiy) farq;
mol-mulk — egalik qilish, foydalanish, tasarruf etish ob'ektlari bo'la oladigan moddiy ob'ektlar, shu jumladan pul mablag'lari, qimmatli qog'ozlar, ulushlar (paylar, hissalar) hamda nomoddiy ob'ektlar;
(22-moddaning o'n to'rtinchi xatboshisi O'zbekiston Respublikasining 2009 yil 30 dekabrdagi O'RQ-241-sonli Qonuni tahririda — O'R QG'T, 2009 y., 52-son, 556-modda)
oila a'zolari — er (xotin), ota-onalar yoki farzandlikka oluvchilar va bolalar, shu jumladan farzandlikka olinganlar;
operativ ijara — moliyaviy ijara shartnomasi bo'lmagan mulkiy ijara (ijaraga berish) shartnomasi asosida mol-mulkni vaqtincha egalik qilish va foydalanishga berish;
realizatsiya qilish — sotish, ayirboshlash, beg'araz berish maqsadida tovarlarni jo'natish (topshirish), ishlarni bajarish va xizmatlar ko'rsatish, shuningdek garovga qo'yilgan tovarlarga bo'lgan mulk huquqini garovga qo'yuvchi tomonidan garovga oluvchiga topshirish. G'isobvaraq-fakturalar, ishlar bajarilganligi yoki xizmatlar ko'rsatilganligi to'g'risidagi dalolatnomalar, tovarlar jo'natilganligini (topshirilganligini), ishlar bajarilganligini, xizmatlar ko'rsatilganligini tasdiqlovchi kvitansiyalar, cheklar va boshqa hujjatlar realizatsiya qilganlikni tasdiqlovchi hujjatlardir;
royalti — quyidagilar uchun har qanday turdagi to'lovlar:
fan, adabiyot va san'at asarlaridan, shu jumladan elektron-hisoblash mashinalari uchun dasturlar, audiovizual asarlardan hamda turdosh huquqlar ob'ektlaridan, jumladan ijrolar va fonogrammalardan foydalanganlik yoxud ulardan foydalanish huquqini berganlik uchun;
sanoat mulki ob'ektiga, tovar belgisiga (xizmat ko'rsatish belgisiga), savdo markasiga, dizayn yoki modelga, rejaga, maxfiy formula yoki jarayonga bo'lgan huquqni tasdiqlovchi patentdan (guvohnomadan) yoxud sanoat, tijorat yoki ilmiy tajribaga taalluqli axborotdan (nou-xaudan) foydalanganlik uchun;
(22-moddaning yigirmanchi xatboshisi O'zbekiston Respublikasining 2009 yil 30 dekabrdagi O'RQ-241-sonli Qonuni tahririda — O'R QG'T, 2009 y., 52-son, 556-modda)
savdo faoliyati — qayta sotish maqsadida olingan tovarlarni sotishga doir faoliyat;
soliq solishning soddalashtirilgan tartibi — soliq solishning ayrim toifadagi soliq to'lovchilar uchun belgilanadigan hamda ayrim turdagi soliqlarni hisoblab chiqarish va to'lashning, shuningdek ular yuzasidan soliq hisobotini taqdim etishning maxsus qoidalari qo'llanilishini nazarda tutuvchi alohida tartibi;
soliq qarzi — soliqlar va boshqa majburiy to'lovlar bo'yicha qarz summasi, shu jumladan ushbu Kodeksda belgilangan muddatida to'lanmagan moliyaviy sanksiyalar;
sof tushum — tovarlar (ishlar, xizmatlar) narxida hisobga olinadigan qo'shilgan qiymat solig'ini hamda aksiz solig'i summalarini kiritmagan holda tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushum;
sof foyda — soliqlar va boshqa majburiy to'lovlar to'langanidan keyin yuridik shaxs ixtiyorida qoladigan foyda;
tannarx — mahsulot ishlab chiqarish, ishlar bajarish, xizmatlar ko'rsatishda foydalaniladigan moddiy resurslarning, asosiy fondlarning, mehnat resurslarining, shuningdek tovarlar ishlab chiqarish, ishlar bajarish, xizmatlar ko'rsatish jarayonini amalga oshirish uchun zarur bo'lgan boshqa turdagi xarajatlarning qiymat bahosi. Tannarx buxgalteriya hisobi to'g'risidagi qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi;
tovar oboroti — muayyan davr ichida savdo faoliyatini amalga oshirish chog'ida tovarlarni sotishdan olingan (olinishi lozim bo'lgan), pulda ifodalangan mablag'lar;
tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushum — realizatsiya qilingan tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun olingan (olinishi lozim bo'lgan) mablag'lar summasi, shu jumladan realizatsiya qilingan tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun haq to'lash yoki qarzni uzish hisobiga tushadigan mol-mulk qiymati;
tovarlarni eksport qilish — O'zbekiston Respublikasining bojxona hududidan tovarlarni, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo'lsa, qayta olib kirish majburiyatisiz olib chiqish;
to'lov manbai — soliq to'lovchiga to'lovlarni amalga oshiruvchi yuridik shaxs;
umidsiz qarz — sud qaroriga binoan majburiyatlarning tugatilishi, qarzdorning bankrotligi, tugatilishi yoki vafot etishi oqibatida yoxud da'vo qilish muddati o'tishi oqibatida uzish mumkin bo'lmagan qarz;
favqulodda holatlar — taraflarning xohish-irodasi va harakatlariga bog'liq bo'lmagan, tabiat hodisalari (zilzila, ko'chkilar, bo'ron, qurg'oqchilik va boshqalar), boshqa tabiiy ofatlar yoki ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatlar (urush holati, qamal holati, davlat manfaatlarini ko'zlab importni hamda eksportni taqiqlash va boshqalar) keltirib chiqargan muayyan sharoitlardagi favqulodda, oldini olib bo'lmaydigan va kutilmagan holatlar bo'lib, qabul qilingan majburiyatlar shular tufayli bajarila olmaydi;
foizlar — har qanday turdagi qarz talablaridan olingan daromad, shu jumladan obligatsiyalar va boshqa qimmatli qog'ozlar, shuningdek depozit qo'yilmalar va boshqa qarz majburiyatlaridan olingan daromad;
yutuq — lotereyalar, o'yinlar, tanlovlar, musobaqalar (olimpiadalar), festivallar va shu kabi boshqa tadbirlarda olingan, natura holida yoki pulda ifodalangan to'lovlar, sovrinlar va boshqa daromadlar;
yaqin qarindoshlar — er, xotin, ota-ona, bolalar, tug'ishgan hamda o'gay aka-uka va opa-singillar, bobolar, buvilar, nevaralar;
O'zbekiston Respublikasi soliq to'lovchilarining yagona reestri — soliq to'lovchilarga oid davlat ma'lumotlar bazasi tizimi;
qayta ishlashga berilgan xom ashyo va materiallar — buyurtmachiga tegishli xom ashyo va materiallar bo'lib, buyurtmachi ularni mahsulot ishlab chiqarish uchun boshqa shaxsga sanoat asosida qayta ishlashga beradi hamda tuzilgan shartnomaga muvofiq mahsulot keyinchalik buyurtmachiga qaytariladi;
hujjat bilan tasdiqlangan xarajatlar — operatsiya sanasini, summasini, xususiyatini aniqlash va uning ishtirokchilarini identifikatsiya qilish imkonini beradigan hujjatlar bilan tasdiqlangan xarajatlar.
3-bob. Soliqlar va boshqa majburiy to'lovlar tizimi
23-modda. Soliqlar va boshqa majburiy to'lovlarning turlari
O'zbekiston Respublikasi hududida ushbu Kodeksda nazarda tutilgan soliqlar va boshqa majburiy to'lovlar amal qiladi.
Soliqlarga quyidagilar kiradi:
1) yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig'i;
2) jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig'i;
3) qo'shilgan qiymat solig'i;
4) aksiz solig'i;
5) yer qa'ridan foydalanuvchilar uchun soliqlar va maxsus to'lovlar;
6) suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq;
7) mol-mulk solig'i;
8) yer solig'i;
9) obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig'i;
10) jismoniy shaxslardan transport vositalariga benzin, dizel yoqilg'isi va gaz ishlatganlik uchun olinadigan soliq.
Boshqa majburiy to'lovlarga quyidagilar kiradi:
1) ijtimoiy jamg'armalarga majburiy to'lovlar:
yagona ijtimoiy to'lov;
fuqarolarning byudjetdan tashqari Pensiya jamg'armasiga sug'urta badallari;
byudjetdan tashqari Pensiya jamg'armasiga majburiy ajratmalar;
2) Respublika yo'l jamg'armasiga majburiy to'lovlar:
Respublika yo'l jamg'armasiga majburiy ajratmalar;
Respublika yo'l jamg'armasiga yig'imlar;
3) davlat boji;
4) bojxona to'lovlari;
5) ayrim turdagi tovarlar bilan chakana savdo qilish va ayrim turdagi xizmatlarni ko'rsatish huquqi uchun yig'im.
Ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlarida ko'rsatilgan soliqlar va boshqa majburiy to'lovlar umumbelgilangan soliqlardir.
Ushbu Kodeksda belgilangan hollarda va tartibda soliq solishning soddalashtirilgan tartibida to'lanadigan quyidagi soliqlar qo'llanilishi mumkin:
yagona soliq to'lovi;
yagona yer solig'i;
tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlari bo'yicha qat'iy belgilangan soliq.
Ushbu modda ikkinchi qismining 1—6-bandlarida, uchinchi qismining 1—4-bandlarida, beshinchi qismining ikkinchi va to'rtinchi xatboshlarida nazarda tutilgan soliqlar hamda boshqa majburiy to'lovlar umumdavlat soliqlari va boshqa majburiy to'lovlardir. Ushbu modda ikkinchi qismining 7—10-bandlarida, uchinchi qismining 5-bandida, beshinchi qismining uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan soliqlar hamda boshqa majburiy to'lovlar mahalliy soliqlar va boshqa majburiy to'lovlar jumlasiga kiradi.
Davlat umummilliy dasturlarini amalga oshirish davrida tegishli jamg'armalar tashkil etilishi mumkin bo'lib, ularga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda majburiy to'lovlar belgilanadi.
24-modda. Soliqlar va boshqa majburiy to'lovlarning elementlari
Soliq yoki boshqa majburiy to'lov soliq to'g'risidagi qonun hujjatlarida soliq to'lovchilar, shuningdek ushbu soliq yoki boshqa majburiy to'lovni hisoblab chiqarish va to'lash uchun zarur elementlar belgilab qo'yilgan taqdirdagina belgilangan deb hisoblanadi.
Soliqlar va boshqa majburiy to'lovlarning elementlari quyidagilardir:
soliq solish ob'ekti;
soliq solinadigan baza;
stavka;
hisoblab chiqarish tartibi;
soliq davri;
soliq hisobotini taqdim etish tartibi;
to'lash tartibi.
Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda, soliq yoki boshqa majburiy to'lov belgilanayotganda soliq to'g'risidagi qonun hujjatlarida soliq imtiyozlari, shuningdek ularning soliq to'lovchi tomonidan qo'llanilishi uchun asoslar nazarda tutilishi mumkin.
Soliq to'lovchilar, soliqlar va boshqa majburiy to'lovlarning elementlari har bir soliq yoki boshqa majburiy to'lovga tatbiqan belgilanadi.
25-modda. Soliq solish ob'ekti
Soliq solish ob'ekti soliq to'lovchida soliq yoki boshqa majburiy to'lov hisoblab chiqarilishi va (yoki) to'lanishi yuzasidan majburiyat keltirib chiqaruvchi mol-mulk, harakat, harakat natijasidir.
26-modda. Soliq solinadigan baza
Soliq solinadigan baza soliq solish ob'ektining soliq yoki boshqa majburiy to'lovning stavkasi tatbiqan belgilangan ko'rsatkichlardagi qiymat, miqdor, fizik va boshqa tavsiflarini ifodalaydi.
27-modda. Stavka
Stavka soliq solinadigan bazaning o'lchov birligiga nisbatan hisoblanadigan foizlardagi yoki mutlaq summadagi miqdorni ifodalaydi.
Soliqlar va boshqa majburiy to'lovlarning stavkalari, agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilgan bo'lmasa, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan belgilanadi.
28-modda. G'isoblab chiqarish tartibi
Soliq va boshqa majburiy to'lovni hisoblab chiqarish tartibi soliq davri uchun soliq solinadigan bazadan, stavkadan, shuningdek imtiyozlar mavjud bo'lsa, shu imtiyozlardan kelib chiqib, soliq va boshqa majburiy to'lov summasini hisoblash qoidalarini belgilaydi.
Soliq va boshqa majburiy to'lovlarni hisoblab chiqarish soliq to'lovchi tomonidan mustaqil ravishda amalga oshiriladi.
Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda, soliq va boshqa majburiy to'lovni hisoblab chiqarish majburiyati davlat soliq xizmati organi yoki soliq agenti zimmasiga yuklatilishi mumkin.
Qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda ayrim turdagi soliqlarni va boshqa majburiy to'lovlarni hisoblab chiqarishda ularning to'lanishi lozim bo'lgan eng kam miqdori belgilanadi.
(28-modda O'zbekiston Respublikasining 2010 yil 24 dekabrdagi O'RQ-274-sonli Qonuniga asosan to'rtinchi qism bilan to'ldirilgan — O'R QG'T, 2010 y., 51-son, 485-modda)
29-modda. Soliq davri
Soliq davri u tugaganidan keyin soliq solinadigan baza aniqlanadigan hamda soliq yoki boshqa majburiy to'lov summasi hisoblab chiqariladigan davrdir.
Soliq davri bir necha hisobot davriga bo'linishi mumkin bo'lib, ularning yakunlari bo'yicha hisob-kitoblarni taqdim etish hamda soliqlar va boshqa majburiy to'lovlarning to'lanishi lozim bo'lgan summalarini to'lash majburiyati yuzaga keladi.
Joriy to'lovlarni to'lash bo'yicha majburiyat yuzaga kelgan davr hisobot davri bo'lmaydi.
30-modda. Soliqlar va boshqa majburiy to'lovlar bo'yicha imtiyozlar
Ushbu Kodeksda, boshqa qonunlarda va O'zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlarida nazarda tutilgan, boshqa soliq to'lovchilarga nisbatan ayrim toifadagi soliq to'lovchilarga beriladigan afzalliklar, shu jumladan soliq va (yoki) boshqa majburiy to'lov to'lamaslik yoxud ularni kamroq miqdorda to'lash imkoniyati soliqlar va boshqa majburiy to'lovlar bo'yicha imtiyozlar deb e'tirof etiladi.
Mol-mulk solig'i, yer solig'i, yagona yer solig'i hamda obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig'i bo'yicha imtiyozlarni berish O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
(30-moddaning ikkinchi qismi O'zbekiston Respublikasining 2009 yil 30 dekabrdagi O'RQ-241-sonli Qonuni tahririda — O'R QG'T, 2009 y., 52-son, 556-modda)
Soliq to'lovchi soliqlar va boshqa majburiy to'lovlar bo'yicha imtiyozlardan tegishli huquqiy asoslar vujudga kelgan paytdan e'tiboran ular amal qiladigan butun davr mobaynida foydalanishga haqli.
Soliq to'g'risidagi qonun hujjatlariga muvofiq soliqlar va boshqa majburiy to'lovlar bo'yicha imtiyozlar bo'shagan mablag'larni muayyan maqsadlarga yo'naltirish sharti bilan berilishi mumkin. Bunday mablag'lardan belgilanmagan maqsadda foydalanilgan taqdirda, belgilanmagan maqsadda foydalanilgan summa o'rnatilgan tartibda penya hisoblangan holda byudjetga undirib olinadi.
O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki, uning Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi bosh boshqarmalari, shuningdek O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankining muassasalari ushbu Kodeksda nazarda tutilgan soliqlar va boshqa majburiy to'lovlarni to'lashdan ozod qilinadi, yagona ijtimoiy to'lov bundan mustasno.
4-bob. Soliq munosabatlari sub'ektlarining huquq va majburiyatlari
31-modda. Soliq to'lovchilarning huquqlari
Soliq to'lovchilar quyidagi huquqlarga ega:
davlat soliq xizmati organlari va boshqa vakolatli organlardan amaldagi soliqlar, boshqa majburiy to'lovlar, soliq to'g'risidagi qonun hujjatlaridagi o'zgarishlar haqida axborot olish;
o'z soliq majburiyatlarini bajarish yuzasidan davlat soliq xizmati organlari hamda boshqa vakolatli organlardagi mavjud ma'lumotlarni olish;
soliq munosabatlari masalalari yuzasidan o'z manfaatlarini shaxsan yoki o'z vakili orqali ifoda etish;
ushbu Kodeksda, boshqa qonunlar va O'zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlarida belgilab qo'yilgan asoslar mavjud bo'lgan taqdirda hamda tartibda soliqlar va boshqa majburiy to'lovlar bo'yicha imtiyozlardan foydalanish;
soliqlar, boshqa majburiy to'lovlar, penya va jarimalarning ortiqcha to'langan yoki undirilgan summalarini hisobga olish yoki qaytarib olish;
ushbu Kodeksda hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan shartlarda va tartibda soliqlar va boshqa majburiy to'lovlarni to'lashni kechiktirish va (yoki) bo'lib-bo'lib to'lash;
soliq solish ob'ektini hisobga olishda, soliqlar va boshqa majburiy to'lovlarni hisoblab chiqarish hamda to'lashda o'zlari yo'l qo'ygan xatolarni mustaqil ravishda tuzatish;
soliq tekshiruvlari materiallari bilan tanishish va tekshiruv dalolatnomalarini olish;
soliq tekshiruvlarini amalga oshirayotgan davlat soliq xizmati organlariga soliq to'g'risidagi qonun hujjatlarini bajarishga doir masalalar yuzasidan tushuntirishlar berish;
davlat soliq xizmati organlarining, boshqa vakolatli organlar va ular mansabdor shaxslarining ushbu Kodeksga va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq bo'lmagan hujjatlari hamda talablarini bajarmaslik;
davlat soliq xizmati organlarining va boshqa vakolatli organlarning qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilish;
davlat soliq xizmati organlarining va boshqa vakolatli organlarning qonunga xilof qarorlari yoki ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof harakatlari tufayli yetkazilgan zararning o'rni qoplanishini belgilangan tartibda talab qilish.
Soliq to'lovchilar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo'lishi mumkin.
Soliq to'lovchining soliq munosabatlarida shaxsan ishtirok etishi uni vakilga ega bo'lish huquqidan mahrum etmaydi, xuddi shuningdek vakilning ishtirok etishi soliq to'lovchini bunday munosabatlarda shaxsan ishtirok etish huquqidan mahrum etmaydi.
Soliq to'lovchi vakillarining mazkur soliq to'lovchining soliq munosabatlaridagi ishtiroki munosabati bilan sodir etilgan harakati (harakatsizligi) soliq to'lovchining harakati (harakatsizligi) deb e'tirof etiladi.
32-modda. Soliq to'lovchilarning majburiyatlari
Soliq to'lovchilar:
o'z soliq majburiyatlarini o'z vaqtida va to'liq hajmda bajarishi;
qonun hujjatlariga muvofiq buxgalteriya hisobini yuritishi, moliyaviy va soliq hisobotini tuzishi;
davlat soliq xizmati organlariga va boshqa vakolatli organlarga imtiyozlar olish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi;
soliq tekshiruvlari o'tkazilayotgan vaqtda davlat soliq xizmati organlariga soliqlar va boshqa majburiy to'lovlarni hisoblab chiqarish, to'lash bilan bog'liq hujjatlar hamda ma'lumotlarni taqdim etishi;
davlat soliq xizmati organlarining va boshqa vakolatli organlarning hamda ular mansabdor shaxslarining qonuniy talablarini bajarishi, shuningdek mazkur organlarning, ular mansabdor shaxslarining qonuniy faoliyatiga to'sqinlik qilmasligi shart.
Soliq agentlari ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan majburiyatlardan tashqari:
soliq to'lovchilarga to'lanadigan mablag'lardan soliqlar va boshqa majburiy to'lovlarni to'g'ri va o'z vaqtida hisoblab chiqarishi, ushlab qolishi hamda byudjetga va davlat maqsadli jamg'armalariga o'tkazishi;
soliq to'lovchilarga to'langan daromadlarning, ushlab qolingan hamda byudjetga va davlat maqsadli jamg'armalariga o'tkazilgan soliqlar va boshqa majburiy to'lovlarning hisobini yuritishi, shu jumladan har bir soliq to'lovchi bo'yicha alohida-alohida hisob yuritishi shart.
Qonun hujjatlariga muvofiq soliq to'lovchilar zimmasida boshqa majburiyatlar ham bo'lishi mumkin.
33-modda. Vakolatli organlarning huquq va majburiyatlari
Vakolatli organlarning huquq va majburiyatlari ushbu Kodeks hamda boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
II BO'LIM. SOLIQ MAJBURIYaTINI BAJARISh
5-bob. Soliq majburiyatini bajarishning umumiy qoidalari
34-modda. Soliq majburiyati
Soliq to'lovchining soliq to'g'risidagi qonun hujjatlariga muvofiq yuzaga keladigan majburiyati soliq majburiyati deb e'tirof etiladi.
Soliq majburiyatini bajarish uchun soliq to'lovchi:
ushbu Kodeksda belgilangan hollarda davlat soliq xizmati organlarida hisobga turishi;
soliq solish ob'ektlari va soliq solish bilan bog'liq ob'ektlarni aniqlashi hamda ularning hisobini yuritishi;
moliyaviy va soliq hisobotini tuzishi hamda uni davlat soliq xizmati organlariga taqdim etishi;
soliqlar va boshqa majburiy to'lovlarni o'z vaqtida hamda to'liq miqdorda to'lashi shart.
35-modda. Soliq majburiyatini bajarish tartibi
Soliq majburiyatini bajarish bevosita soliq to'lovchi tomonidan amalga oshiriladi, ushbu Kodeksga va boshqa qonunlarga muvofiq soliq majburiyatini bajarish boshqa shaxsga yuklatiladigan hollar bundan mustasno.
Yuridik shaxsning alohida bo'linmalari bo'yicha soliq majburiyati mazkur alohida bo'linmalar tomonidan, agar ularga alohida mol-mulk ajratilgan bo'lsa va ular mustaqil balansga ega bo'lsa, mustaqil ravishda bajariladi.
Mol-mulk ishonchli boshqaruvga topshirilganda boshqaruv muassisi bo'lgan soliq to'lovchining soliq majburiyati, agar bu majburiyat unga boshqaruv muassisi tomonidan yuklatilgan bo'lsa, ishonchli boshqaruvchi tomonidan bajarilishi mumkin.
(35-moddaning uchinchi qismi O'zbekiston Respublikasining 2008 yil 29 dekabrdagi O'RQ-196-sonli Qonuni tahririda — O'R QG'T, 2008 y., 52-son, 512-modda)
Soliq majburiyati bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmagan taqdirda, soliq to'lovchiga nisbatan ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartibda uning bajarilishini ta'minlash choralari qo'llaniladi.
36-modda. Soliq majburiyatini bajarish muddatlari
Soliq majburiyati ushbu Kodeksda belgilangan muddatlarda soliq to'lovchi tomonidan bajarilishi kerak.
Soliq to'lovchi soliq majburiyatini muddatidan ilgari bajarishga haqli.
Soliq majburiyatini bajarish muddatlari kalendar sana yoki vaqt davri (yil, yil choragi, oy, o'n kunlik va kun) o'tishi bilan belgilanadi.
Muddatning o'tishi kalendar sanadan yoki muddatning boshlanishi belgilab qo'yilgan voqea yuz berganidan keyingi kundan boshlanadi. Soliq majburiyati bu majburiyatni bajarish muddatining so'nggi kuni soat yigirma to'rtga qadar bajarilishi kerak.
Agar soliq majburiyatini bajarish muddatining so'nggi kuni dam olish (ishlanmaydigan) kuniga to'g'ri kelib qolsa, shundan keyingi birinchi ish kuni muddatning tugash kuni hisoblanadi.
37-modda. Soliq majburiyatining tugatilishi
Jismoniy shaxsning soliq majburiyati quyidagi hollarda tugatiladi:
uning vafot etishi bilan;
uni vafot etgan deb e'lon qilish to'g'risidagi sud qarori qonuniy kuchga kirishi bilan.
Yuridik shaxsning soliq majburiyati quyidagi hollarda tugatiladi:
u tugatilganidan keyin;
u qo'shib olish (qo'shib olingan yuridik shaxsga nisbatan), qo'shib yuborish, bo'lish va o'zgartirish orqali qayta tashkil etilganidan keyin.
38-modda. Soliq majburiyati bo'yicha da'vo qilish muddati
Davlat soliq xizmati organi soliq davri tugaganidan keyin besh yil ichida soliqlar va boshqa majburiy to'lovlarni hisoblashi yoki ularning hisoblangan summasini qayta ko'rib chiqishi mumkin.
Soliq to'lovchi soliq davri tugaganidan keyin besh yil ichida soliqlar va boshqa majburiy to'lovlarning ortiqcha to'langan summalarini hisobga olishni yoki qaytarishni talab qilishga haqli.
Soliq majburiyati bo'yicha da'vo qilish muddatining o'tishi fuqarolik qonun hujjatlariga muvofiq to'xtatib turiladi, uziladi va tiklanadi.
6-bob. Soliq solish ob'ektlarini va soliq solish bilan bog'liq ob'ektlarni aniqlash hamda ularning hisobini yuritish
39-modda. Soliq solish ob'ektlarini va soliq solish bilan bog'liq ob'ektlarni aniqlash hamda ularning hisobi
Soliq va boshqa majburiy to'lovning har bir turi bo'yicha soliq solish ob'ekti hamda soliq solish bilan bog'liq ob'ektlar ushbu Kodeksning Maxsus qismiga muvofiq belgilanadi.
Soliq to'lovchilarning daromadlari hamda soliqlar va boshqa majburiy to'lovlarni hisoblab chiqarish uchun ular bo'yicha tegishli chegirmalar to'lov to'langan vaqt va pul kelib tushgan sanadan qat'i nazar, ular taalluqli bo'lgan hisobot davrida aks ettiriladi (hisoblab yozish usuli).
Mol-mulkni hisobga olish buxgalteriya hisobi to'g'risidagi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
40-modda. Ayrim hollarda soliq solish ob'ektlarini va soliq solish bilan bog'liq ob'ektlarni aniqlash
Soliq to'lovchi tomonidan hisob hujjatlari yo'qotilgan yoki yo'q qilingan taqdirda, davlat soliq xizmati organlari byudjetga va davlat maqsadli jamg'armalariga to'lanishi kerak bo'lgan soliqlar va boshqa majburiy to'lovlar summasini soliq to'lovchi to'g'risida, shuningdek shunga o'xshash boshqa soliq to'lovchilar to'g'risida o'zlarida mavjud bo'lgan ma'lumotlar asosida O'zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo'mitasi va O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilanadigan tartibda hisob-kitob qilish orqali aniqlashi mumkin.
Agar o'zaro aloqador yuridik shaxslar o'z tijorat va moliyaviy munosabatlarida o'zaro aloqador bo'lmagan yuridik shaxslar o'rtasida qo'llanilishi mumkin bo'lgan narxlardan farq qiladigan narxlarni qo'llasa, soliq solinadigan baza tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilish narxlari asosida hisoblab chiqariladigan soliq solish ob'ektini aniqlashda davlat soliq xizmati organlari o'zaro aloqador bo'lmagan yuridik shaxslar o'rtasida qo'llaniladigan narxlardan foydalanadi.
O'zaro aloqador yuridik shaxslar quyidagilardir:
O'zbekiston Respublikasida ro'yxatdan o'tkazilgan yuridik shaxslar va ularning chet davlatlar yuridik shaxslari bo'lgan muassislari (ishtirokchilari, a'zolari);
chet davlatlarning yuridik shaxslari va ularning O'zbekiston Respublikasida ro'yxatdan o'tkazilgan yuridik shaxslar bo'lgan muassislari (ishtirokchilari, a'zolari);
muassislari (ishtirokchilari, a'zolari) ayni bir yuridik yoki jismoniy shaxslar bo'lgan O'zbekiston Respublikasida ro'yxatdan o'tkazilgan yuridik shaxslar va chet davlatlarning yuridik shaxslari.
(40-modda O'zbekiston Respublikasining 2009 yil 30 dekabrdagi O'RQ-241-sonli Qonuniga asosan ikkinchi va uchinchi qismlar bilan to'ldirilgan — O'R QG'T, 2009 y., 52-son, 556-modda)
41-modda. G'isob hujjatlari. G'isob hujjatlarini tuzish va saqlash
G'isob hujjatlari soliq solish ob'ektlari va soliq solish bilan bog'liq ob'ektlarni aniqlash, shuningdek soliqlar va boshqa majburiy to'lovlarni hisoblab chiqarish uchun asos bo'lgan birlamchi hujjatlar, buxgalteriya hisobi registrlari hamda boshqa hujjatlardan iboratdir.
G'isob hujjatlari qog'ozda va (yoki) elektron shaklda tuziladi hamda ushbu Kodeksning 38-moddasida belgilangan soliq majburiyati bo'yicha da'vo qilish muddati tugaguniga qadar saqlanadi.
Yuridik shaxs qayta tashkil etilganda qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning hisob hujjatlarini saqlash majburiyatlari uning huquqiy vorisi zimmasiga yuklatiladi.
Yuridik shaxs tugatilganda hisob hujjatlari tegishli davlat arxiviga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda topshiriladi.
42-modda. Alohida-alohida hisob va uni yuritish qoidalari
Ushbu Kodeksda soliq solishning turli tartibi nazarda tutilgan faoliyat turlarini amalga oshirayotgan soliq to'lovchilar soliq solish ob'ektlari va soliq solish bilan bog'liq ob'ektlarning alohida-alohida hisobini yuritishlari shart.
Soliq solish ob'ektlari va soliq solish bilan bog'liq ob'ektlarning alohida-alohida hisobi soliq to'lovchilar tomonidan buxgalteriya hisobi ma'lumotlari asosida yuritiladi.
Faoliyatning muayyan turiga taalluqli barcha daromadlar va xarajatlar tegishli hisob hujjatlari bilan tasdiqlanishi kerak.
Soliq solish ob'ektlari va soliq solish bilan bog'liq ob'ektlarning alohida-alohida hisobi mutanosib usul yoki to'g'ridan-to'g'ri hisobga olish usuli orqali yuritilishi mumkin.
Soliq solish ob'ektlari va soliq solish bilan bog'liq ob'ektlarning alohida-alohida hisobini yuritish usuli yuridik shaxsning butun kalendar yilga mo'ljallangan hisob siyosati bilan belgilanadi hamda yil mobaynida o'zgartirilishi mumkin emas.
G'isobga olishning mutanosib usulida daromadlar, xarajatlar va soliq solishning boshqa ob'ektlari yoki soliq solish bilan bog'liq ob'ektlar realizatsiya qilishdan olingan sof tushumning umumiy summasidagi faoliyatning muayyan turlari bo'yicha realizatsiya qilishdan olingan sof tushum ulushiga mutanosib tarzda shu muayyan faoliyat turiga kiritiladi.
To'g'ridan-to'g'ri hisobga olish usuli qo'llanilganda daromadlar, xarajatlar va soliq solishning boshqa ob'ektlari yoki soliq solish bilan bog'liq ob'ektlar faoliyatning qaysi turi amalga oshirilishi bilan bog'liq bo'lsa, shu turga kiritiladi. Bunda faoliyatning biron turiga kiritish mumkin bo'lmagan daromadlar, xarajatlar va soliq solishning boshqa ob'ektlari yoki soliq solish bilan bog'liq ob'ektlar hisobga olishning mutanosib usuli orqali faoliyatning muayyan turiga kiritiladi.
7-bob. Soliq hisoboti
43-modda. Soliq hisoboti tushunchasi
Soliq hisoboti soliq to'lovchining soliq va boshqa majburiy to'lovning har bir turi bo'yicha yoki to'langan daromadlar bo'yicha hisob-kitoblar hamda soliq deklaratsiyalarini, shuningdek hisob-kitoblarga va soliq deklaratsiyalariga doir ilovalarni o'z ichiga oladigan hujjati bo'lib, u O'zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo'mitasi va O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan shaklda tuziladi.
44-modda. Soliq hisobotini tuzish
Soliq hisoboti qog'ozda va (yoki) elektron hujjatga doir talablarga rioya etilgan holda elektron hujjat tarzida tuziladi.
Soliq hisoboti soliq to'lovchi tomonidan imzolanishi kerak, shuningdek agar u yuridik shaxs bo'lsa, uning muhri bilan tasdiqlanadi. Elektron hujjat tarzida taqdim etilgan soliq hisoboti soliq to'lovchining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi.
Yuridik shaxs — soliq to'lovchi qayta tashkil etilayotganda yoki tugatilayotganda, har bir qayta tashkil etilayotgan yoki tugatilayotgan soliq to'lovchiga soliq davri boshlanganidan e'tiboran qayta tashkil etish yoki tugatish tugallangan kunga qadar bo'lgan davr yuzasidan tegishincha topshirish dalolatnomasi, taqsimlash balansi yoxud tugatish balansi asosida alohida-alohida soliq hisoboti tuziladi. Mazkur hisobot topshirish dalolatnomasi, taqsimlash balansi yoki tugatish balansi tasdiqlangan kundan e'tiboran uch ish kuni ichida taqdim etiladi. Ushbu qismning qoidalari o'zgartirish, shuningdek boshqa yuridik shaxsni qo'shib olish orqali qayta tashkil etilayotgan yuridik shaxslarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
(44-modda uchinchi qismi O'zbekiston Respublikasining 2008 yil 29 dekabrdagi O'RQ-196-sonli Qonuni tahririda — O'R QG'T, 2008 y., 52-son, 512-modda)
Tadbirkorlik sub'ekti — yuridik shaxs ixtiyoriy tugatilgan taqdirda, unga soliq davri boshlanganidan to yuridik shaxslarni davlat ro'yxatidan o'tkazuvchi organ tugatish tartib-taomili boshlanganligi haqida xabardor qilingan sanagacha bo'lgan muddat uchun alohida soliq hisoboti tuziladi.
(44-modda O'zbekiston Respublikasining 2008 yil 29 dekabrdagi O'RQ-196-sonli Qonuni asosida to'rtinchi qism bilan to'ldirilgan — O'R QG'T, 2008 y., 52-son, 512-modda)
Soliq hisobotida ko'rsatilgan ma'lumotlarning to'g'riligi uchun javobgarlik soliq to'lovchining zimmasiga yuklatiladi.
45-modda. Soliq hisobotini taqdim etish tartibi
Soliq hisoboti soliq to'lovchi tomonidan ushbu Kodeksda belgilangan muddatlarda taqdim etiladi.
Soliq hisoboti soliq to'lovchi hisobga qo'yilgan joydagi davlat soliq xizmati organiga taqdim etiladi. Ayrim turdagi soliqlar bo'yicha soliq hisoboti ham ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda ob'ektlar bo'yicha hisobga qo'yilgan joy bo'yicha soliq to'lovchi tomonidan taqdim etiladi.
Jismoniy shaxslar soliq deklaratsiyasini yashash joyidagi davlat soliq xizmati organiga taqdim etadilar.
Soliq to'lovchilar soliq hisobotini o'z xohishlariga ko'ra quyidagicha taqdim etishga haqli:
shaxsan olib borib berish tartibida;
pochta orqali buyurtma xat bilan;
telekommunikatsiya kanallari orqali elektron hujjat tarzida.
Soliq hisobotini davlat soliq xizmati organiga taqdim etish sanasi quyidagilardir:
soliq hisoboti shaxsan olib borib berish tartibida taqdim etilganda — soliq hisoboti davlat soliq xizmati organi tomonidan qabul qilib olingan sana;
soliq hisoboti pochta orqali buyurtma xat bilan taqdim etilganda — aloqa tashkilotining tamg'asida ko'rsatilgan, pochta jo'natmasi jo'natilgan sana;
soliq hisoboti elektron hujjat tarzida taqdim etilganda — elektron hujjat davlat soliq xizmati organi tomonidan olingan sana.
Davlat soliq xizmati organi shaxsan olib borib berish tartibida taqdim etiladigan soliq hisobotini qabul qilib olishni rad etishga haqli emas hamda soliq to'lovchining talabiga binoan soliq hisobotining nusxasiga hisobot qabul qilib olingan sana to'g'risida belgi qo'yishi shart.
Soliq hisoboti telekommunikatsiya aloqa kanallari orqali elektron hujjat tarzida qabul qilib olinganda davlat soliq xizmati organi soliq to'lovchiga elektron tarzidagi hisobot qabul qilib olinganligi to'g'risida tasdiqnoma yuborishi shart.
Soliq hisoboti dastlabki tarzda kameral nazorat qilinmasdan va uning mazmuni muhokama etilmasdan qabul qilinadi.
Soliq hisoboti quyidagi hollarda davlat soliq xizmati organiga taqdim etilmagan deb hisoblanadi, agar unda:
soliq to'lovchining identifikatsiya raqami ko'rsatilmagan yoki noto'g'ri ko'rsatilgan bo'lsa;
soliq davri va (yoki) soliq yoki boshqa majburiy to'lov summasi ko'rsatilmagan bo'lsa;
ushbu Kodeksning 43 va 44-moddalarida soliq hisobotini tuzishga doir belgilangan talablar buzilgan bo'lsa.
Belgilanmagan shakldagi soliq hisoboti taqdim etilganda davlat soliq xizmati organi hisobot olingan kundan e'tiboran uch kun ichida bu haqda soliq to'lovchiga yozma bildirish yuboradi va aniq fikr-mulohazalarni ko'rsatgan holda uni maromiga yetkazish uchun qaytaradi.
Kamchiliklari tuzatilgan soliq hisoboti uni taqdim etishning belgilangan muddati tugaguniga qadar taqdim etilgan taqdirda, soliq to'lovchiga nisbatan javobgarlik choralari qo'llanilmaydi.
46-modda. Aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etish
Davlat soliq xizmati organlariga soliq hisoboti taqdim etilgan davrga taalluqli xatolarni o'zi mustaqil ravishda aniqlagan soliq to'lovchi ushbu Kodeksning 38-moddasida belgilangan soliq majburiyati bo'yicha da'vo qilish muddati ichida o'sha davr yuzasidan aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etish huquqiga ega. Mazkur norma davlat soliq xizmati organlari tomonidan moliya-xo'jalik faoliyati tekshiruvi (taftishi) doirasida tekshirish o'tkazilgan davr uchun soliqlar va boshqa majburiy to'lovlar summasining kamayishini nazarda tutuvchi aniqlashtirilgan soliq hisoboti taqdim etiladigan hollarda qo'llanilmaydi.
(46-moddaning birinchi qismi O'zbekiston Respublikasining 2009 yil 30 dekabrdagi O'RQ-241-sonli Qonuni tahririda — O'R QG'T, 2009 y., 52-son, 556-modda)
Aniqlashtirilgan soliq hisobotida ilgari taqdim etilgan soliq hisobotidagi ma'lumotlar, aniqlashtirilgan ma'lumotlar va ulardagi tafovutlar ko'rsatilishi kerak.
Agar aniqlashtirilgan soliq hisoboti bo'yicha hisoblab chiqarilgan soliq yoki boshqa majburiy to'lov summasi ilgari taqdim etilgan soliq hisoboti bo'yicha hisoblab chiqarilgan va to'langan soliq yoki boshqa majburiy to'lov summasidan ortiq bo'lsa, tegishli soliq yoki boshqa majburiy to'lovni to'lash bo'yicha soliq majburiyatlariga penya hisoblangan holda mazkur tafovut qo'shiladi.
Agar aniqlashtirilgan soliq hisoboti bo'yicha hisoblab chiqarilgan soliq yoki boshqa majburiy to'lov summasi ilgari taqdim etilgan soliq hisoboti bo'yicha hisoblab chiqarilgan va to'langan soliq yoki boshqa majburiy to'lov summasidan k

Mavzuga oid yangiliklar
O'ZBEKISTON RESPUBLIKASINING MEHNAT KODEKSI
O'ZBEKISTON RESPUBLIKASINING MEHNAT KODEKSIO'zbekiston Respublikasi 21.12.1995 y.  161-I-son Qonuni bilan tasdiqlangan01.04.1996 y. dan kuchga kirganMehnat kodeksiga quyidagilarga muvofiq o'zgartirishlar kiritilganO'zR 27.12.1996 y. 367-I ...
09.01.2013 / 09:44
O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI "AXBOROT ERKINLIGI PRINSIPLARI VA KAFOLATLARI TO'G'RISIDA" QONUNI
O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNI12.12.2002 y.N 439-IIAXBOROT ERKINLIGI PRINSIPLARI VA KAFOLATLARI TO'G'RISIDA1-modda. Ushbu Qonunning asosiy vazifalari2-modda. Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to'g'risidagi qonun hujjatlari3-modda ...
03.01.2013 / 16:10
O'ZBEKISTON RESPUBLIKASINING "MUALLIFLIK HUQUQI VA TURDOSh HUQUQLAR TO'G'RISIDA" QONUNI
O'ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI20.07.2006 y.N O'RQ-42MUALLIFLIK HUQUQI VA TURDOSh HUQUQLAR TO'G'RISIDAQonunchilik palatasi tomonidan 2006 yil 23 martda qabul qilinganSenat tomonidan 2006 yil 9 iyunda ma'qullanganMazkur Qonun 21.07.2006 y ...
03.01.2013 / 16:09
O'ZBEKISTON RESPUBLIKASINING "AXBOROT OLISh KAFOLATLARI VA ERKINLIGI TO'G'RISIDA" QONUNI
O'ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI24.04.1997 y.N 400-IAXBOROT OLISh KAFOLATLARI VA ERKINLIGI TO'G'RISIDAMazkur Qonunga O'zR 15.12.2000 y. 175-II-son Qonuniga muvofiq o'zgartirishlar kiritilgan1-modda. Qonunning maqsadi2-modda ...
03.01.2013 / 16:12
O'ZBEKISTON RESPUBLIKASINING "JURNALISTLIK FAOLIYaTINI G'IMOYa QILISh TO'G'RISIDA" QONUNI
O'ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI24.04.1997 y.N 402-IJURNALISTLIK FAOLIYaTINI HIMOYa QILISh TO'G'RISIDA1-modda. Qonunning maqsadi2-modda. Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to'g'risidagi qonun hujjatlari3-modda. Jurnalist4-modda. Senzuraga yo ...
03.01.2013 / 16:09
O'ZBEKISTON RESPUBLIKASINING "NOShIRLIK FAOLIYaTI TO'G'RISIDA" QONUNI
O'ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI30.08.1996 y.N 274-INOShIRLIK FAOLIYaTI TO'G'RISIDAMazkur Qonunga O'zR 13.12.2002 y. 447-II-son Qonuniga muvofiq o'zgartirishlar kiritilgan1-modda. Noshirlik faoliyati to'g'risidagi qonun hujjatlari2-modda ...
03.01.2013 / 16:07