O'ZBEKISTON ELEKTRON OMMAVIY
AXBOROT VOSITALARI MILLIY
ASSOTSIATSIYASI
Журнал
Почтага кириш
 

Документальный фильм "Узбекистан: обретенные откровения"
Документальный фильм "Узбекистан: обретенные откровения"
Узбекистан Обретенные откровения
Узбекистан Обретенные откровения
O'zbekiston-online ITOGI  (UZB) 08.02.2017
O'zbekiston-online ITOGI (UZB) 08.02.2017
MUHOKAMA UCHUN HUJJATLAR
Sportni yanada ommalashtirish, mahoratli murabbiy va sportchilarni tayyorlash masalalari muhokama qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 31-oktabr kuni jismoniy tarbiya va sport sohasida boshqarish tizimini takomillashtirish, ommaviy sportni rivojlantirish, iqtidorli sportchilarni tanlash va tarbiyalash, sohani malakali kadrlar bilan mustahkamlash hamda zamonaviy sport inshootlarini barpo etish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. 

Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Prezidentning Davlat maslahatchisi, tegishli vazirlik va qo‘mitalar rahbarlari ishtirok etdi. 

Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish ijtimoiy siyosatning muhim yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan. Chunki sport aholi salomatligini mustahkamlash, yosh avlodni sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash orqali jamiyatda sog‘lom turmush tarzini qaror toptiradi. Turli kasalliklar, yoshlar o‘rtasida zararli odatlarning oldini oladi. Sport yuksak madaniyat, vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishda ham muhim o‘rin tutadi. Bu sohada erishilgan yutuqlar mamlakatni dunyoga tanitadi, barcha yurtdoshlarga g‘urur-iftixor bag‘ishlaydi. 

Mustaqillik yillarida bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Aholining, ayniqsa, yosh avlod­ning jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zarur sharoitlar yaratildi. Shahar va qishloqlarda zamonaviy sport komplekslari bunyod etildi. “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada musobaqalari yoshlarni ommaviy sportga, sog‘lom turmush tarziga oshno qilish vositasiga aylandi. 

Iste’dodli bolalarni tanlash va professional sportchilarni tayyorlash bo‘yicha uzluksiz tizim yaratildi. Umumta’lim maktablari va bolalar sport majmualaridagi mashg‘ulotlarda qobiliyati ko‘zga tashlangan o‘g‘il-qizlar bolalar va o‘smirlar sport maktablari, sport kollejlariga olinib, professional yondashuvlar asosida tarbiyalanmoqda. Oliy o‘quv yurtlari va o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarida mahoratini oshirmoqda. 

Buning natijasida mamlakatimiz sportchilari jahonning nufuzli musobaqalarida yuksak g‘alabalarni qo‘lga kiritib, xalqimiz salohiyatini butun dunyoga namoyon qilmoqda. Xususan, sportchilarimiz 2016-yili Braziliyada o‘tgan Olimpiya o‘yinlarida 13 ta, Paralimpiya o‘yinlarida 31 ta medalga sazovor bo‘lib, yurtimiz sporti tarixidagi eng yuqori natijalarga erishdi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 15-fevraldagi «Madaniyat va sport sohasida boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni mamlakatimiz sporti rivojida yangi davrni boshlab berdi. Farmonga binoan O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi tashkil qilindi. Aholi keng qatlamini sport bilan shug‘ullanishga jalb etish, jismonan sog‘lom avlodni tarbiyalash, sport industriyasi va infratuzilmasini rivojlantirish, shahar va tumanlarda ommaviy sport tadbirlari va musobaqalar o‘tkazish, Milliy olimpiya qo‘mitasi, sport turlari bo‘yicha federatsiyalar va assotsiatsiyalar bilan birgalikda iste’dodli sportchilarni tanlash, tayyorlash va mahoratini oshirish, kadrlar tayyorlash, sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va xalqaro aloqalarni kengaytirish uning asosiy vazifalari etib belgilandi. 

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tuzilmasidagi O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi ijro apparati, 300 ga yaqin sport ta’lim muassasasi Davlat qo‘mitasi tasarrufiga o‘tkazildi. 

Jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish ishlarining samaradorligini oshirish borasida jamoatchilik fikrini o‘rganish, tahlil qilish, sohadagi ishlarni takomillashtirishga doir takliflar ishlab chiqish maqsadida Jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish kengashi tashkil etildi. 

Hududiy boshqaruv organlari tarkibida 201 ta tuman (shahar)da jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha vakillar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu joylarda sohaga oid davlat siyosati, farmon va qarorlar ijrosini to‘la ta’minlash, sportni quyi pog‘onalardan rivojlantirishda muhim o‘rin tutmoqda. 

Bundan tashqari, joriy yilda sohaga oid yana 20 dan ortiq hujjat – Prezidentimizning farmoyish va qarorlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari qabul qilindi. Bu ham davlatimizning jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirishga e’tiboridan dalolat beradi. 

Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilgan islohotlar natijasida sohada sifat o‘zgarishlari sezildi. Joriy yilning o‘tgan davrida mahalliy va xalqaro sport musobaqalarida sportchilarimiz tomonidan 483 ta oltin, 394 ta kumush, 536 ta bronza, jami 1 ming 413 ta medal qo‘lga kiritildi. 

Mamlakatimizda xalqaro miqyosdagi musobaqalar muvaffaqiyatli o‘tkazildi. May oyida Toshkentda o‘tgan boks bo‘yicha Osiyo chempionatida sportchilarimiz o‘n vazn toifasidan to‘qqiztasida oltin medalga sazovor bo‘ldi. 

Yig‘ilishda sport sohasi uchun malakali kadrlar va murabbiylar tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. 

Davlatimiz rahbari tomonidan jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha belgilangan vazifalar yuzasidan muayyan ishlar bajarildi. 

Bu borada asosiy bilim maskani bo‘lgan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti Chirchiq shahriga ko‘chirildi. Natijada institut malakali sportchi va murabbiylarni o‘qitish hamda tayyorlash uchun zarur infratuzilmaga ega bo‘ldi, zamonaviy sport shaharchasi barpo etish imkoniyati yaratildi. Shuningdek, institutda 2017/2018-o‘quv yilidan boshlab sirtqi ta’lim olish yo‘lga qo‘yildi. 

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti huzurida Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni ilmiy-metodik ta’minlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi tashkil etildi. Markazda hozirgi kunga qadar 800 dan ortiq xodim malaka oshirdi. 

Yig‘ilishda institut faoliyatini yanada takomillashtirish, o‘quv jarayoniga yangi innovatsion texnologiyalarni joriy qilish, ilmiy izlanishlar uchun maxsus laboratoriyalar tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Jismoniy tarbiya institutini zamonaviy sport ta’lim muassasasiga aylantirish, o‘quv dasturlarini zamonaviy ilm-fan yutuqlari asosida tashkil etish bo‘yicha 2018-2020 yillarga mo‘ljallangan dastur tuzish zarurligi ta’kidlandi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 3-iyundagi “Jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori sohadagi yana bir muhim hujjat bo‘ldi. Ushbu qaror bilan O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish dasturi qabul qilindi. Dasturda 2017-2021-yillarda jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish uchun 995,2 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflanishi, sport maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida 167 ta sport inshooti, jumladan, 90 ta sport majmuasi va 77 ta suzish havzasini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash, jihozlash va qayta jihozlash nazarda tutilgan. 

Dastur doirasida joriy yilda 153 ta bolalar maydonchasi ta’mirlangan, 232 ta zamonaviy maydoncha, Nukus shahrida sportning olimpiya va milliy turlariga ixtisoslashtirilgan sport majmuasi foydalanishga topshirilgan. 

Yig‘ilishda bu borada yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ham ko‘rsatib o‘tildi. Xususan, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 39 ta sport inshootini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari jadvaldan ortda qolgani, suzish havzalarini zamonaviy anjomlar bilan jihozlash kechiktirilgani tanqid qilindi. Bu kamchiliklarni bartaraf etish, yil oxirigacha qurilish ishlarini yakunlash bo‘yicha topshiriqlar berildi. Sport majmualaridan foydalanish samaradorligini oshirish, yoshlarni ularga yanada keng jalb etish zarurligi qayd etildi. 

Sport maktablari, respublika oliy sport mahorati maktablari hamda sport federatsiyalarining iqtidorli yoshlarni kashf etish borasidagi hamkorligi, seleksiya ishlari talab darajasida yo‘lga qo‘yilmagani tanqid qilindi. Bu borada aniq shaffof mexanizm yaratish va barcha hududlarni qamrab olish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. 

Mamlakatimiz sportchilarini nufuzli xalqaro musobaqalar, jumladan, bo‘lg‘usi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga puxta tayyorlash masalalari ham muhokama qilindi. 

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 9-martdagi O‘zbekiston sportchilarini 2020-yil Tokio shahrida (Yaponiya) bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlashga oid qarori ijrosi doirasida O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda sport tashkilotlari hamkorligida iqtidorli sportchilarni saralash va terma jamoalarni shakllantirish, sportchilarning mahalliy va xorijiy o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini tashkil etish, ularning nufuzli musobaqalardagi munosib ishtirokini ta’minlash borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. 

Yig‘ilishda xalqaro musobaqalarda qo‘lga kiritilayotgan medallar faqat boks, dzyudo, og‘ir atletika va sport kurashlari bilan chegaralanib qolayotgani tanqid ostiga olindi. Gimnastika, trampolin, yengil atletika, taekvondo, baydarka va kanoeda eshkak eshish, velosport kabi boshqa salohiyatli sport turlari bo‘yicha ham ko‘proq yutuqlarga erishish yuzasidan aniq choralar belgilab berildi. Xalqaro sport federatsiyalari bilan hamkorlikni mustahkamlash zarurligi ta’kidlandi. 

Prezidentimizning joriy yil 10-avgustdagi “Nufuzli xalqaro sport musobaqalarida yuksak natijalarga erishgan O‘zbekiston sportchilarini jamoat va sport ishlariga keng jalb etish hamda sportchilarni va ularning trenerlarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi qarorida sportimiz yulduzlari va ularni kamolga yetkazgan trenerlarning mashaqqatli mehnatlarini munosib taqdirlash, ularning tajribasi va salohiyatidan samarali foydalanish, oliy va maxsus ma’lumot olishlari hamda salomatliklarini tiklashlari xususida g‘amxo‘rlik qilingani e’tiborga loyiq. Mazkur hujjat O‘zbekistonda sportchi va murabbiylarni moddiy rag‘batlantirish tizimini yanada takomillashtirish, ularning nufuzli xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etadigan sportchilar zaxirasini tayyorlashda munosib hissa qo‘shishlariga imkoniyat yaratadi. 

Yig‘ilishda Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi faoliyatining quyi bo‘g‘inlari ishini kuchaytirish, aholi barcha qatlamlarini sport bilan shug‘ullanishga jalb qilish, sohada xususiy sektorni rivojlantirish va boshqa dolzarb masalalarga ham e’tibor qaratildi. 

Tegishli qo‘mita va mutasaddilar oldidagi vazifalar belgilab berildi.

"Jahon" AA

Mavzuga oid yangiliklar
Milliy universitetda taekvondo fakulteti tashkil etildi
O'zbekiston Respublikasi prezidentining “Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti tarkibida “Taekvondo va sport faoliyati” fakultetini tashkil etish to'g'risida”gi qarori e`lon qilindi. Hujjat bilan O ...
18.11.2017 / 17:39
Shavkat Mirziyoyev sport sohasi bo'yicha yig'ilish o'tkazdi
O'zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 31 oktabr kuni jismoniy tarbiya va sport sohasida boshqarish tizimini takomillashtirish, ommaviy sportni rivojlantirish, iqtidorli sportchilarni tanlash va tarbiyalash ...
01.11.2017 / 14:05
“Osiyo o‘yinlari – 2017”: navbatdagi g‘alabalar
Turkmanistonda Yopiq inshootlarda va jang san’atlari bo‘yicha V Osiyo o‘yinlarining kurash bo‘yicha bahslarida 81 kilogrammgacha vazn toifasida polvonimiz Kamoliddin Rasulov yamanlik Muhammad Husayn Al-Jarraxni ...
22.09.2017 / 11:38
Xorazmda dzyudo bo`yicha kattalar o`rtasida O`zbekiston chempionati bo`lib o`tdi
O`zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo`mitasi hamda mamlakatimiz dzyudo federasiyasi tomonidan tashkil etilgan chempionatda uch yuzdan ortiq sportchi 14 vazn toifasida g`oliblik uchun kuch sinashdi. ...
14.11.2017 / 13:01
Namanganda O‘zbekistondagi birinchi veloyo‘lak foydalanishga topshirildi
Namanganda O‘zbekistondagi birinchi veloyo‘lak foydalanishga topshirildi. Veloyo‘lak O‘zbekiston Ekologik harakati, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O&lsquo ...
26.09.2017 / 10:07
Turkmanistonda o`tayotgan V Osiyo o`yinlarining ilk kuni sportchilarimizga 28 ta medal olib keldi
Turkmanistonda o`tayotgan Yopiq inshootlarda va jang san`atlari bo`yicha V Osiyo o`yinlarining navbatdagi kuni ham sportchilarimiz uchun muvaffaqiyatli o`tdi. Osiyo o ...
19.09.2017 / 12:54