O'ZBEKISTON ELEKTRON OMMAVIY
AXBOROT VOSITALARI MILLIY
ASSOTSIATSIYASI
Журнал
Почтага кириш
 

"O‘zbekiston madaniy merosi – xalqlar va mamlakatlar o‘rtasida muloqotga yo‘q” II xalqaro kongressi anonsi
"O‘zbekiston madaniy merosi – xalqlar va mamlakatlar o‘rtasida muloqotga yo‘q” II xalqaro kongressi anonsi
“Buxoro ipak va tillasi: Buxoro amirlari elchilari sovg‘alari RFA Antropolgiya va etnografiya muzeyi to‘plamlarida”
“Buxoro ipak va tillasi: Buxoro amirlari elchilari sovg‘alari RFA Antropolgiya va etnografiya muzeyi to‘plamlarida”
O'zbekiston-online ITOGI  (UZB) 08.02.2017
O'zbekiston-online ITOGI (UZB) 08.02.2017
MUHOKAMA UCHUN HUJJATLAR
Fan va ta'lim
Lotin yozuviga asoslangan o`zbek alifbosi haqida ishchi guruhning so`nggi xulosasi

Ayni kunlarda jamoatchilik, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari o`rtasida lotin yozuviga asoslangan o`zbek alifbosini takomillashtirish, ayrim harflarga o`zgartirish kiritish borasidagi fikrlar keng muhokamalarga sabab bo`lmoqda.

O`zbekiston Milliy axborot agentligiga Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o`zbek tili va adabiyoti universiteti qoshida tuzilgan Ishchi guruh alifbodagi o`zgarishlar borasida ma`lumot berdi.

Rasman 2018 yil 15 mayda tasdiqlangan “Lotin yozuviga asoslangan o`zbek alifbosini keng joriy etish va yanada takomillashtirish bo`yicha Harakatlar rejasi”ga muvofiq shu yil oxiriga qadar milliy alifbomizning isloh qilingan yangi loyihasini ishlab chiqib, tasdiqdan o`tkazish lozim. Shu maqsadda 2018 yil 22 oktyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o`zbek tili va adabiyoti universitetida “Lotin yozuviga asoslangan o`zbek alifbosini keng joriy etish va takomillashtirish muammolari” deb nomlangan ilmiy-amaliy konferensiya o`tkazildi. Konferensiya ishtirokchilari milliy alifbomizni isloh qilish bo`yicha aniq takliflarni ilgari surdilar.

Ma`lumki, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o`zbek tili va adabiyoti universiteti qoshida tuzilgan Ishchi guruh a`zolari ikki yil mobaynida lotin yozuviga asoslangan o`zbek alifbosini isloh qilish bo`yicha izchil ish olib bordi.

O`tgan vaqt mobaynida alifbo islohoti bo`yicha Ishchi guruhga hamyurtlarimiz tomonidan ko`plab fikrlar yuborildi. Ularni tasniflaydigan bo`lsak, alifbo islohotchilarini uch guruhga bo`lish mumkin bo`ladi.

Birinchi guruh – minimal islohot tarafdorlari. Ularning nazdida amaldagi alifbomizga deyarli tegmaslik kerak – faqat O‘, G‘ harflarining ko`p muammoga sabab bo`layotgan qo`shimcha belgisini to`g`rilasak bo`ldi. Negaki, O‘, G‘ harflarining qo`shimcha belgisi (‘) bilan bog`liq boshog`riq hammani birday qiynab kelyapti: bu harflarni yozish uchun avval O yoki G harfini yozib, so`ng bir barmog`imiz bilan “Alt” tugmasini bosamiz va boshqa barmog`imiz bilan maxsus kod – 0145 ni teramiz. Ya`ni bir harfni yozish uchun olti marta klaviatura tugmalariga qo`l uramiz. Shundagina alifbomizdagi O‘, G‘ harflari to`g`ri shaklda yoziladi. Bunday mashaqqattalab belgi dunyodagi biror bir xalqning alifbosida yo`q.

Ikkinchi guruh – mo``tadil islohot tarafdorlari. Ularning fikricha, ayni paytda o`qish va yozish jarayonida turli anglashilmovchilik va qiyinchiliklarni yuzaga keltirayotgan O‘, G‘ harflari bilan birga Ch, Sh harflarini ham to`g`rilash shart. Chunki ana shu to`rt harf tufayli bugun alifbo islohoti kun tartibida turibdi. Agar shu to`rt harf bilan bog`liq muammolar hal bo`lsaydi, yangi alifboga o`tish sur`ati tezlashgan bo`lar edi, deyishadi ular.

Uchinchi guruh – maksimal islohot tarafdorlari. Ularning fikriga ko`ra, O‘, G‘, Ch, Sh harflari o`zgartirilishi va alifboga Ĵ undoshi va ı, ö, ü unlilari qo`shilishi lozim. Chunki, deydi ular, bizdan boshqa barcha turkiy xalqlarning alifbosida “egizak”, ya`ni uzun va qisqa unlilar bor, o`zbek tilida ham qalin va yumshoq I, O`, Utovushlari bor-u, ammo biz ilg`amaymiz, chunki alifboda aks etmagan, bu esa tilimizga xos bo`lgan singarmonizm hodisasining yo`qolishiga olib kelyapti.

Har bir guruhning o`z haqiqati, dalillari bor. Jumladan, minimal islohotchilar alifboni jiddiy o`zgartirsak, chorak asr davomida chop etilgan kitoblarning taqdiriyu farzandlarimizning savodxonligi nima bo`ladi, axir, yosh avlod shu alifboga o`rganib bo`lgan, ularni chalg`itib nima qilamiz, deydi. Mo``tadil islohotchilar bizga hozir to`rtta harf muammo tug`diryaptimi, ularni isloh qilib to`g`rilaylik, vassalom, ammo alifbo tarkibiga yangi harflar kiritib, xalqimizni yangi imloviy muammolar girdobiga otmaylik, deydi. Maksimal islohotchilar esa alifboni tubdan isloh qilaylik va mukammal alifboga ega bo`laylik, deyishadi.

Ishchi guruh a`zolari hamyurtlarimiz tomonidan bildirilgan fikrlarni o`rganib chiqib va albatta, ilmiy mantiqqa suyangan holda eng maqbul qarorga kelishga harakat qilishdi. O`zaro mulohazalar, fikr almashinuvlar jarayonida ma`lum bo`ldiki, minimal islohot yozuvimizdagi muammolarni hal qila olmaydi. Chunki nafaqat O‘, G‘ harflarining qo`shimcha belgisi (‘), shuningdek, Ch, Sh birikmalari ham bizga noqulaylik, malollik tug`dirmoqda. Sababi:

1) xalqimiz bir fonema (tovush)ga – bir harf tamoyiliga o`rgangan;

2) Ch va Sh digraflari mutlaqo boshqa tabiatga ega bo`lgan xorijiy til – ingliz tiliga xos bo`lgani uchun psixologik begonasirash hissi bor. O`zbek tilidagi matnlarda milliy ruh sezilmaydi.

3) Bu harfiy birikmalar turli tillarda har xil tovushlarni ifodalaydi. Masalan, Ch birikmasi ingliz tilida Ch, fransuz tilida Sh, italyan tilida K, nemis tilida X deb o`qiladi.

4) Alifbomizda Ss harfi yo`q, ammo u Ch birikmasi tarkibida o`z-o`zidan paydo bo`lib qoladi. O`qituvchilar Ch birikmasini bolalarga qanday o`rgatadi – bu savolga javob yo`q. Aslida yozuvdagi birikma – qo`sh harflar alifboda mavjud harflar ishtirokida hosil bo`lishi kerak edi.

5) o`zbek tilida Ch va Sh tovushlari ingliz tiliga nisbatan 3-5 barobar ko`p uchraydi va bu hol Ch, Sh ning matnda ketma-ket, g`uj bo`lib kelishiga sabab bo`lyapti va o`qish-yozishni qiyinlashtiryapti. Shoshish, xushchaqchaq, ishchi, sharshara, achchiqtoshkabi so`zlarimizning o`zida 2-3 tadan Ch va Sh bor. Inglizlarga qulay bo`lgan Ch, Shbirikmalari o`zbek tilida izma-iz kelib, noqulay holatlarni yuzaga keltirmoqda. Fikrimiz isbotsiz bo`lmasligi uchun Ernest Xemingueyning dunyoga mashhur "Alvido, qurol!" romanining ilk jumlalarini avval ingliz, so`ng o`zbek tilida beramiz:

In the late summer of that year we lived in a house in a village that looked across the river and the plain to the mountains.In the bed of the river there were pebbles and boulders, dry and white in the sun, and the water was clear and swiftly moving and blue in the channels.Troops went by the house and down the road and the dust they raised powdered the leaves of the trees.The trunks of the trees too were dusty and the leaves fell early that year and we saw the troops marching along the road and the dust rising and leaves, stirred by the breeze, falling and the soldiers marching and afterward the road bare and white except for the leaves.The plain was rich with crops; there were many orchards of fruit trees and beyond the plain the mountains were brown and bare.There was fighting in the mountains and at night we could see the flashes from the artillery. In the dark it was like summer lightning, but the nights were cool and there was not the feeling of a storm coming.

O‘sha yili yoz oxirlarida biz qishloqda, kulbada turardik. Kulbadan narida daryo bilan vodiy, ulardan ham olisroqda tog‘lar yastanib yotardi. Daryoning o‘zani oftobda oqargan, quruq qayrag‘ochlar va mayda shag‘al bilan qoplangan, daryo shoxobchalarida esa suv tip-tiniq va ko‘m-ko‘k bo‘lib, sho‘x shaldirab oqib borardi. Kulba oldidagi yo‘ldan qo‘shinlar o‘tib borar, ularning oyog‘idan ko‘tarilgan to‘zon og‘ochlarning barglariga o‘tirardi. Og‘ochlarning barglari ham changga burkangandi, o‘sha yili yaproqlar erta to‘kila boshlagandi, biz bo‘lsak yo‘ldan qo‘shinlarning o‘tib borishini, chang-to‘zonning ko‘kka o‘rlashini, shamol yaproqlarni yulqib-sulqib uchirib ketayotganini, soldatlarning odimlarini, so‘ngra esa kimsasiz, bo‘m-bo‘shtuproq yo‘lda yolg‘iz yaproqlargina to‘kilib yotishini tomosha qilardik. Vodiy yerlari hosildor edi, unda bog‘zorlar serob edi, vodiy etagidagi tog‘lar esa taqir qo‘ng‘irtog‘lar edi. Tog‘larda jang ketmoqdaydi, kechalari portlashdan yolqinlar ko‘tarilardi. Qorong‘ida ular shafaqqa o‘xshab ko‘rinardi: faqat tunlari etni junjiktirib sovuq turar, havo quruq edi.

Ushbu matnlardagi Ch va Sh birikmalarini sanab, qiyoslaydigan bo`lsak, inglizcha matnda 4 ta Ch va 1 ta Sh (jami 5 ta), o`zbekcha matnda 8 ta Ch va 18 ta Sh (jami 26 ta) qatnashgani ma`lum bo`ladi. Shu qiyosning o`ziyoq ingliz tili uchun juda qulay bo`lgan Ch va Sh birikmalarining o`zbek tili uchun qanchalik noqulay ekanini ko`rsatib turibdi.

Demak, mo``tadil islohot tarafdorlarining fikrida jon bor: eng kamida shu to`rtta harf (O‘, G‘, Ch, Sh)ni qulay shaklga keltirishimiz shart.

Ammo, yuqorida ta`kidlaganimizdek, maksimal islohot tarafdorlari ham borki, ular alifboni keskin isloh qilib, bir necha qo`shimcha undosh va unli harflarni qo`shish kerak, deyishadi. Bu hol oldimizda qator muammo va savollarni paydo qiladi. Jumladan:

1) Boshqa qardosh xalqlardan farqli o`laroq, o`zbek xalqi bir necha lahjada so`zlashuvchi elatlarni o`zida birlashtirgan. Aytaylik, qozoq, qirg`iz va qoraqalpoqlar yaxlit qipchoq; turk, turkman, ozarbayjonlar yalpi o`g`uz, uyg`urlar qarluq lahjasiga mansub bo`lsa, o`zbek etnosi tarkibida qipchoqlar ham, o`g`uzlar ham, qarluqlar ham bor va ularning so`zlashuv tarzida muayyan farq seziladi: bitta so`z bir lahjada qisqa-qalin unli bilan aytilsa, boshqasida uzun-yumshoq unli bilan talaffuz qilinadi. Yana bir o`ziga xos jihatimiz – turkiy xalqlar ichida faqat o`zbeklarda Ootovushi borki, bu hol fonetikamizda alohida yondashuvni talab etadi. Umuman olganda, hozirgi unli harflar har bir lahjaga muayyan erkinlik beradi: so`zlardagi i u o tovushlarini har bir lahja o`ziga moslab talaffuz qiladi. Shu bois haqli savol tug`iladi: alifbo nafaqat tovushlarni imkon qadar to`la aks ettirishi, shu bilan birga, milliy yaxlitlik, birlikni mustahkamlashga xizmat qilishi shart emasmi?

2) Bugungi kunda X va H ni farqlashga qiynalayotgan hamyurtlarimiz qattiq va yumshoq O`, U, I ni farqlashda jiddiy muammolarga duch kelib, natijada aholining savodxonligi keskin pasayib ketmaydimi?

3) Ta`lim muassasalaridagi barcha o`qituvchi-ustozlarning malakasini oshirish, ularga egizak tovushlarning farqini aniq-tiniq tushuntirib berish kerak. Tan olishimiz kerak, ayni paytda nafaqat oddiy yurtdoshlarimiz, balki ayrim o`qituvchilarimiz ham X bilan H ni farqlashda ikkilanadi. Xo`sh, turli sheva va lahjalarda so`zlashuvchi, bitta so`zni har xil talaffuz etuvchi o`qituvchilarimiz I ı va İ i, Ŏ ŏ va Ö ö, U uva Ü ü tovushlarining farqini birday his qilarmikan?

4) Milliy alifbomiz murakkablashadigan bo`lsa, o`z savodxonligiga ishonmaydigan ko`p ota-onalar farzandlarini o`zbek maktablariga emas, boshqa tildagi maktablarga berishni ma`qul ko`rishi mumkin. Bu hol ona tilimizning mavqeiga salbiy ta`sir ko`rsatmaydimi?

5) Davlat idoralarida yangi alifboda ish yuritishni yo`lga qo`yish qiyinlashib, rasman yagona yozuvga o`tish jarayoni yanada cho`zilib ketmaydimi?

6) Shu paytgacha amalda bo`lgan o`zbek tili qoidalarini tubdan ko`rib chiqish, tahrir qilish, avvalgi ko`p tushunchalardan voz kechishimiz kerak bo`ladi. Aytaylik, egizak unlilar farqlanadigan bo`lsa, singarmonizm talabiga ko`ra, barcha fe`llar asosiga birday -moq qo`shimchasini qo`shib bo`lmaydi. Fe`l negizida qalin unlilar kelsa, -moq(o`qimoq, turmoq, bormoq), yumshoq unlilar kelsa, -mak (suzmak, tuzmak, uzmak) qo`shimchasini qo`shish talab etiladi. Ya`ni, tilshunoslikka oid mutlaqo yangi qo`llanma va darsliklar yaratishimiz shart. Tilimizdagi bunday inqilobiy o`zgarishlarga mutaxassislar va oddiy vatandoshlarimiz nechog`lik tayyor?

7) Tilimizda necha yuz ming so`z bo`lsa, ularning har birini qattiq va yumshoq unlilarnuqtai nazaridan qayta ko`rib chiqib, mutlaqo yangi imlo qoidalari asosida mukammal lug`at yaratishimiz kerak. Turli lahja va shevalarda so`zlashuvchi mutaxassislarimiz bu masalada qaysi mezonga suyanishadi?

8) Shu paytgacha kirill va lotin alifbosida chop etilgan kitoblarni maxsus dasturlar yordamida avtomatik o`girish imkoniyati yo`qoladi – har bir kitobni alohida, qaytadan terib chiqish shart bo`ladi. Sababi, elektron dasturlar İi, O‘o‘ , Uu harflarini o`girish chog`ida uzun va qisqaga bo`lib (I ı va İ i, Ŏ ŏ va Ö ö, U u va Ü ü tarzida), tasniflay olmaydi. Shu paytgacha chop etilgan kitoblarni yangi alifboda chop etish o`ta mashaqqatli jarayonga aylanmaydimi?

Eng e`tiborga molik tomoni, murakkab alifbo tufayli jiddiy to`siq va muammolar yuzaga kelgach, yana ortga qaytadigan bo`lsak (o`zi bir marta shunday bo`lgan: 1929 yilda 9 ta unlili alifboni qabul qilib, 1934 yilda uchta unli harfdan voz kechganmiz), unda shusiz ham chalkash bo`lgan yozuvga doir ishlarimiz yanada chigallashadi, yoshlarimizning savodxonligi battar yomonlashadi – zamondoshlarimiz oldida ham, kelajak avlod oldida ham uyatga qolamiz.

Nima bo`lgan taqdirda ham, yuqorida qayd etilgan to`rtta harf (O‘, G‘, Ch, Sh) ni isloh qilishimiz shart, dedik. Xo`sh, ularni qanday qilib o`zgartirsak ma`qul bo`ladi?

Avvalo, Ch va Sh birikmalarining o`rnini bosuvchi yaxlit harflarga e`tibor qaratamiz:

Ch – Çç Ćć Ĉĉ Čč;

Sh – Şş Śś Ŝŝ Šš

Ochig`i, keyingi uchta variant – (Ćć Ĉĉ Čč; Śś Ŝŝ Šš) yozishga birmuncha noqulay bo`lib, matnni mitti diakretik belgilarga to`ldirib tashlaydi. Keyin bu harflarning ust belgilarini yozma shaklda ifodalash noqulay.

Ost belgisi harf o`zagiga qo`shilib yoziladigan Çç va Şş harflari esa yozish va o`qishga qulay hamda milliy xarakterga ega: ular 1929 – 1940 hamda 1993 – 1995 yillardagi alifbomizda ham bo`lgan.

Demak, Ch va Sh tovushlari uchun eng maqbul harflar – Çç va Şş. Ularning ost belgisi bir xil ekani o`zaro uyg`unlikni ta`minlaydi.

Endi O‘, G‘ harflari bo`yicha fikrlashamiz va asosiy variantlarga nazar tashlaymiz:

O‘ – Ŏŏ Ôô Ǒǒ Õõ Öö Ōō Óó

G‘ – Ğğ Ĝĝ Ġġ Ǧǧ Ģģ Ḡḡ Ǵǵ

Bu harflar orasidan o`zaro uyg`un, umumiy belgiga ega bo`lgan harflar zanjirini aniqlaymiz. Bular:

Ŏŏ – Ğğ; Ōō – Ḡḡ; Ôô – Ĝĝ; Ǒǒ – Ǧǧ; Óó – Ǵǵ;

Bu juftliklarni birma-bir ko`rib chiqamiz:

Ŏŏ – Ğğ harflari qulay, hozirgi yozma holatga juda yaqin. Zamonaviy moslamalar, xususan, android dasturli qurilmalar klaviaturasida mavjud.

Ōō – Ḡḡ harflari hozirgi yozma shaklga yaqin, lekin Ḡḡ harfi Yunikod jadvalining quyi qismida joylashgani uchun juda oz shrift tarkibiga kiritilgan. Bu hol matbaa ishida ko`p muammolarni yuzaga keltiradi. Smartfon va planshetlarning klaviaturasida esa Ḡḡ harfi umuman yo`q.

Ôô – Ĝĝ juftligida, ayniqsa, Ôô harfi beo`xshov ko`rinadi.

Ǒǒ – Ǧǧ harflarining o`tkir, keskin belgilari “ko`zga qadaladi”, eng yomoni, ular zamonaviy qurilmalarning klaviaturasida va kompyuterdagi ko`p shriftlar tarkibida yo`q.

Óó – Ǵǵ zanjiridagi harflar yaqin qardoshlarimiz bo`lgan qozoq va qoraqalpoq xalqlari alifbosi tarkibidan ham o`rin olgan. Ammo Ǵǵ harfining zamonaviy qurilmalar, jumladan, ko`pchilik yurtdoshlarimiz foydalanadigan android dasturli smartfon va planshetlarning virtual klaviaturasida yo`qligi, shuningdek, kompyuterdagi ko`p shriftlar tarkibidan joy olmagani kishini o`ylantiradi. Eng asosiysi, bu harflar ustidagi qiya chiziqcha harfning tarkibiy qismidan ko`ra ko`proq urg`u belgisini eslatib ko`zni chalg`itishi, matnni mitti chiziqchalarga to`ldirib yuborishi, qolaversa, teskari urg`uli harflar bilan adashtirish xavfining mavjudligi (Ózbekiston – Òzbekiston) bu harflarga bo`lgan qiziqishimizni susaytiradi.

Xulosa qiladigan bo`lsak, ilk juftlik (Ŏŏ – Ğğ) – eng optimal, qulay variant.

Demak, Çç - Şş ning ost qismiga va Ğğ - Ŏŏ ning ustiga qo`yiladigan juft belgi yordamida kerakli to`rtta harfga ega bo`lamiz. Bu hol yozuvda o`ziga xos muvozanatni, o`zaro muvofiqlikni ta`minlaydi.

Konferensiya ishtirokchilari ushbu to`rt harf (Çç Şş Ŏŏ Ğğ) ni bir ovozdan ma`qullab, mavjud variantlar ichida eng maqbuli deb tan oldilar va bu harflarni milliy alifboga kiritish fikrini yakdil qo`llab-quvvatladilar.

ng tovushi

ng tovushi, boshqa tovushlarga qiyoslaganda, alohida xususiyatga ega: u hech qachon so`z boshida kelmaydi. Bu tovushga arab alifbosida ham, kirill-o`zbek alifbosida ham, amaldagi lotin alifbosida ham yaxlit harf ajratilmagan. 1993 yilda qabul qilingan lotin-o`zbek alifbosida bu tovush ilk bor Ññ harfi bilan ifodalandi-yu, 1995 yilda yana undan voz kechildi. Sababi, Ññ harfini idrok etishda ko`pchilik chalg`idi. Ya`ni, kirill imlosiga ko`ra qaysi so`zda N va G harflari yonma-yon kelgan bo`lsa, yoppasiga Ññ harfi bilan yozila boshlandi. Masalan: taña, añur. Aslida, bu so`zlardagi N va G harflari bir-biriga aloqasiz, alohida tovushlarni ifodalaydi: tanga, angur. Yoki N tovushi bilan tugagan so`zga – ga qo`shimchasi qo`shilsa ham, ñ emas, ng yozilishi kerak: menga, jonga, vatanga. Ñ va NG o`rtasidagi bunday o`ziga xos nozik, biroz e`tibortalab chegarani ilg`amaslik oqibatida xatolar avj oldi.

Ikkinchidan, ng birikmasi yaxlit harfga aylanadigan bo`lsa, xuddi Öö Üü Íí harflari misolida ko`rganimizdek, kirill va hozirgi alifboda chop etilgan son-sanoqsiz kitoblarni yangi alifbomizga o`girish chog`ida ko`plab chalkashliklar yuzaga keladi – elektron dasturlar ӈ (ŋ) tovushiga qo`shib, bir-biriga aloqasiz, ammo yondosh kelgan barcha N+G harflarini birvarakayiga bitta harfga o`zgartirib yuboradi. Tilimizda ӈ (ŋ) tovushi va yonma-yon keladigan N+G harflari juda ko`p uchragani uchun ularni topib, qiyoslab to`g`rilash – muharriru musahhihlarga katta zahmat yuklaydi.

Konferensiyada, hech qachon so`z boshida kelmaydigan, boshqa tovushlarga qaraganda cheklangan bu tovushni alifbodan tashqarida fonetik birikma sifatida o`rgansak bo`lmaydimi, degan mulohaza o`rtaga tashlandi va ko`pchilik tomonidan ma`qullandi. Ammo, anjumanda va undan keyin bildirilgan fikr-mulohazalarda, mayli, bu tovush yaxlit harf emas, ng birikmasi orqali ifodalansin, lekin u tovush sifatida alifbo sirasida tursin, farzandlarimiz murg`ak chog`idan bu milliy tovushimizni alohida fonetik hodisa sifatida tanisin – harfiy birikma shaklida bo`lsa ham “Alifbe”dan boshlab o`rgansin, yo`qsa, ng ni idrok etish asta-sekin muammoga aylanadi, axir, shu paytgacha alifbomizdan joy olgan bu harfiy birikma – Ch, Sh harfiy birikmalaridan farqli o`laroq – bizga hech qanday malollik tug`dirayotgani yo`q-ku, toki ng hamon yozuvimizda aks etar ekan, alifbodagi o`z joyini saqlab qolishi shart, degan fikru dalillar keltirildi. Ushbu qarash egalari dunyodagi eng nufuzli tillardan biri bo`lgan ispan tili alifbosida ham bor-yo`g`i bitta digraf – Ch borligini aytib, bu hol ispan tilli xalqlar tomonidan tabiiy qabul qilinishi va alifbo nufuziga hech qanaqa salbiy ta`siri yo`qligini bildirishdi.

Yuqorida ta`kidlanganidek, ng tovushi hech qachon so`z boshida kelmaydi, demak, unga Ngdeb bosh harf belgilashimizga sira hojat, ehtiyoj yo`q. Bu harfiy birikmani alifboda faqat kichik harflar bilan ifodalasak, mantiqan to`g`ri bo`ladi.

Ss harfi

Yana bir muammoli, bahs manbai bo`layotgan belgi – Ss harfidir.

Bu belgini yoqlovchi va rad etuvchi ikki zid qutb bor. Yoqlovchilar bu belgi alifbomizda bo`lmagani bilan ma`naviy-ma`rifiy, ilmiy-ijtimoiy hayotimizda baribir ishtirok etyapti, masalan, avtomashina raqamlarida, test savollarida, turli formulalarda Ss belgisidan foydalanyapmiz, shuning uchun bu belgiga biror tovushni yuklashimiz kerak, deyishadi.

Rad etuvchilar Ss belgisini alifbomizga umuman kiritmasligimiz kerak, sababi bu belgi turli xalqlarda turlicha tovushlar (s, k, j, ch) ni ifodalaydi, shu sababli unga qaysi tovushni yuklamaylik, xalqaro atamalarni o`qishda chalkashliklar yuzaga keladi, qolaversa, xorijliklar o`zbekcha so`zlar, ayniqsa, ism va joy nomlarini o`qishda chalg`iydi, deyishadi.

Ss ni yoqlovchilarning o`zi ham ikki guruhga bo`linadi. Birinchi guruh, bu belgidan kirill alifbomizdagi Ss tovushini ifodalash uchun foydalanishimiz kerak, desa, ikkinchi guruh Ss orqali qardosh turkiy xalqlar singari Jj tovushini (jo`ja, jajji) ifodalaylik, deydi.

Ss – barcha turkiy tillar singari o`zbek tili uchun ham begona tovush. Shu bois hanuzgacha bu tovushni aytishga oddiy odamlarimizning tili kelishmaydi, xalqimizning aksariyat qismi Ss ni oddiy Ss tarzida talaffuz qiladi. O`z vaqtida Abdulla Qahhorday atoqli adibimiz ham bu tovushning milliy alifbomizga kirishini mutlaqo yoqlamagan.

Konferensiyada Çç Şş Ŏŏ Ğğ harflari yakdillik bilan qabul qilingan bo`lsa, Ssharfi biroz munozaraga sabab bo`ldi. Oxir-oqibat, mutaxassislarning muayyan fikr almashuvidan so`ng, mabodo bu belgini alifboga kiritadigan bo`lsak, unda o`zimizning Jj tovushimizni aks ettiraylik, shunda tilimizdagi yana bir tovushning ifodasi qardosh turkiy xalqlar alifbosi bilan uyg`unlashadi; Jj (jo`ja) tovushi ayni paytda foydalanilmayotgan Ss belgisiga biriktirilsa, bo`sh qolayotgan Jj belgisidan sirg`aluvchi Jj (jurnal, ajdar)ni ifodalashda foydalansak bo`ladi; talaffuz jihatidan yaqin tovushlar – J (C) va Ch (Ç) ni aks ettiruvchi harflar ham shaklan uyg`unlashadi, degan xulosa ma`qullandi.

Konferensiyadan keyingi aks-sadolarda esa, Ss belgisi atrofida hamjihatlik, umumto`xtam yo`qligi, bitta bahsli belgi tufayli hamyurtlarimiz turli zid qutblarga bo`linayotgani yaqqol namoyon bo`ldi. Qolaversa, Jj tovushi Markaziy Osiyodagi qardosh xalqlar (qozoq, turkman, qoraqalpoq) alifbosida ham Jj harfi bilan ifodalanishi; Ss tovushining esa tilimizga xos emasligidan kelib chiqib (turk, ozarbayjon, turkman, qozoq, qrim-tatar, tatar kabi turkiy xalqlarning lotin alifbosida ham bu tovush yo`q), Ss belgisini alifboga kiritmaslik ma`qul topildi.

Shunday qilib, konferensiyagacha, konferensiya davomida va konferensiyadan so`ng bildirilgan, o`zaro fikrlashuv chig`irig`idan o`tgan maqbul xulosalar asosida o`zbek milliy alifbosining yakuniy loyihasi shakllandi. Ushbu loyihada konferensiyada taqdim etilgan uchta alifbo loyihasidagi ma`qul va uyg`un jihatlar, alifbo islohotiga befarq bo`lmagan yurtdoshlarimizning asosli tavsiyalari umumlashtirildi.

Shu o`rinda konferensiyada ta`kidlangan bir fikrni esga olish joiz deb o`ylaymiz: dunyodagi birorta alifboni mukammal deb bo`lmaydi, har qanday alifbo muayyan kamchiliklarga ega, lekin, eng muhimi, milliy alifbomiz tilimizning asosiy talab va mezonlariga javob berishi, yozish va o`qishga qulay bo`lishi, xalqimizni ma`nan birlashtirishi shart. Ishchi guruh a`zolari, mutaxassislar, keng jamoatchilik vakillarining fikr-mulohazalari asosida shakllangan mazkur alifbo loyihasi, o`ylaymizki, ana shu muhim talablarga javob beradi.

Fursatdan foydalanib, Lotin yozuvi asosidagi o`zbek alifbosini isloh qilish yuzasidan o`z fikr-mulohazalarini bildirgan, bu borada Ishchi guruhga yaqindan yordam bergan ko`p sonli mutaxassislarga, jonkuyar yurtdoshlarimizga, shuningdek, ishimizni xolis kuzatib, yoritib borgan barcha ommaviy axborot vositalari vakillariga samimiy minnatdorligimizni bildiramiz.

Xulosa sifatida, umumiy mehnatimiz mahsuli bo`lgan – 28 ta harf, bitta harfiy birikma va bitta belgidan iborat, jami 30 birlikdan tashkil topgan alifbo loyihasini e`tiboringizga havola qilamiz.

Bezmyanny.png

Ushbu alifbodagi yangilanayotgan to`rt harf bizni shu paytgacha qiynab kelayotgan muammolardan xalos etadi. Ŏŏ Ğğ harflari O‘o‘ G‘g‘ harflarining ayni paytdagi yozma shakliga yaqin bo`lgani bois va Çç Şş harflari xalqimizga yaxshi tanish bo`lgani uchun yoshu qari tomonidan tez o`zlashadi – hech kimga qiyinchilik, noqulaylik tug`dirmaydi.

Alifbo loyihasi rasman qabul qilingandan so`ng bu harflar kompyuter klaviaturasidagi qulay tugmalarga joylashtiriladi. Masalan, Çç harfini o`zbek tilida ishlatilmaydigan – Ss harfi o`rniga, Şş harfini – Ww harfi tugmachasiga, Ŏŏ va Ğğ harflarini esa birorta lotin harfi yo tinish belgisi band qilmagan, kirilcha X, ` harflari turgan tugmachalarga biriktirish mumkin.

Alifboni amaliyotga joriy etish bilan bog`liq boshqa barcha masalalar hukumatimiz tomonidan rasman tasdiqlangan hujjat – “Lotin yozuviga asoslangan o`zbek alifbosini keng joriy etish va yanada takomillashtirish bo`yicha Harakatlar rejasi”ga muvofiq izchil ravishda amalga oshiriladi.

P/S: Ishchi guruh tomonidan taklif qilinayotgan reja faqat loyiha sifatida taklif etilmoqda. U rasman kuchga kirishi uchun avval qonuniy tartibda ko`rib chiqiladi, ommaviy axborot vositalari orqali keng jamoatchilik o`rtasida muhokama qilinishi lozim. Yuqoridagi mulohazalar faqatgina Ishchi guruh loyihasi sifatida taqdim etilmoqda.

Mavzuga oid yangiliklar
Maktabgacha ta`lim vazirligi faoliyatining bir yilligiga bag`ishlangan matbuot anjumani bo`lib o`tdi
Dastlab anjuman doirasida press tur tashkil etilib, ommaviy axborot vositalari Toshkentning Mirzo Ulug`bek tumanidagi 324-maktabgacha ta`lim muassasasiga tashrif buyurdi, deya xabar berdi O`zA. Ushbu muassasa ko ...
12.11.2018 / 09:19
Maktablar avtobus bilan ta’minlanadimi? Masalaga XTV oydinlik kiritdi
O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi ba’zi internet nashrlarida mamlakatimizning barcha maktablari 2019-yilning 1-yanvarigacha avtobuslar bilan ta’minlanishi haqidagi xabarlarga aniqlik kiritadi, deb xabar bermoqda  ...
07.11.2018 / 09:36
Bojxona instituti qayta tashkil etildi
O`zbekiston Respublikasi bojxona organlari kadrlarini tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risidagi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda "Huquqiy axborot" kanali xabar berdi. ...
05.11.2018 / 13:54
Qoraqalpog`istonlik talaba qiz «Muhammad al-Xorazmiy» nomidagi stipendiya sovrindori bo`ldi
TATU Nukus filialining telekommunikasiya va AKT sohasidagi kasbiy ta`lim fakultetining Dasturiy injiniring yo`nalishi 4-bosqich talabasi Aygul Mamutova 2018-2019 o`quv yilida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi stipendiyaga sazovor bo`ldi. ...
08.11.2018 / 11:09
Sherzod Shermatov: 13 mingga yaqin erkak o`qituvchilar maktablarimizga qaytishdi
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2 noyabr kuni xalq ta`limi tizimini yanada rivojlantirish borasidagi islohotlar samaradorligini oshirish masalalariga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazgani haqida xabar bergan edik. ...
06.11.2018 / 13:54
Shavkat Mirziyoyev maktab ta’limini takomillashtirish bo‘yicha vazifalar berdi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2-noyabr kuni xalq ta’limi tizimini yanada rivojlantirish borasidagi islohotlar samaradorligini oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi ...
02.11.2018 / 19:55